O‘zbekistonda sovuq kunlar boshlanishi bilan Kun.uz tahririyatiga svet-gaz ta'minotidagi muammolar haqidagi murojaatlar soni keskin ko‘paydi. Bugungi kunda saytga telefon va Telegram orqali bo‘layotgan shikoyatlarning eng katta qismini aynan shu mavzudagi murojaatlar tashkil etadi.
– «2013 yildan beri ko‘chamizda gaz yo‘q. Shu masalani hal etish uchun bormagan joyimiz qolmadi. Ko‘chamizdagi 10-12ta xonadonga suyultirilgan gaz beriladi, uni hammayam ololmaydi. Qolaversa, gaz ballon bilan uyni isitib bo‘ladimi?! Qishning sovuq kunlarida gaz yo‘qligi sababli qiynalyapmiz. Hech bo‘lmasa bolalarimga rahm qilinglar, kattalar!» — Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri.
– «Tabiiy gazdan mahrum bo‘lganimizga 12 yildan oshdi. Endi suyultirilgan gaz ham vaqtida yetkazib berilmayapti» — Namangan viloyati, Uychi tumani, «Dehqonobod» MFY.
– «Har kuni svet va gaz bir vaqtda o‘chyapti. Mas'ullar telefonlarini ko‘tarishmayapti. Ko‘tarishsa ham yuqoridan shunday buyruq berilgan deyishadi. To‘g‘risi, bu ishlar jonga tegdi. Tumanda o‘quv markazim bor. Svet-gaz bo‘lmagani uchun xonalar qorong‘i va sovuq. Dars o‘tishning imkoni bo‘lmayapti. Tadbirkorlikni to‘xtatib turibmiz» — Buxoro viloyati, Kogon tumani, Uyrot qishlog‘i.
– «Mahallamizdan katta gaz quvuri o‘tgan. Xalqimiz 1997 yilgacha gazdan beminnat foydalanib kelishgan. O‘sha paytdagi mahalla raisi go‘yoki: “Bizga tabiiy gaz kerakmas, ko‘mir va suyultirilgan gaz bering”, deb yuqoriga ariza yozganmish. Shundan beri bolalarimizning umri tezak terish bilan o‘tmoqda» — Surxondaryo viloyati, Sherobod tumani, «Bog‘iobod» mahallasi.
– «Aholida gaz yo‘q, Yosh bolalilar, qariyalar, bemorlar sovuqda qiynalmoqda. Choy 2 soatda qaynaydi. Bosim juda past, uyni isitishga yaramayapti. Yo‘qsa gazdan qarzimiz yo‘q, pulini vaqtida to‘lab boramiz. Iltimos, hech bo‘lmasa qishda gaz berishsin!» — Farg‘ona viloyati, Farg‘ona shahri, «Ibrat» mahallasi.
– «Har kuni soat 19:00da svet o‘chadi. Kechasi 00:00da yonadi. Har kuni shu ahvol. Gazdan umidni uzganimizga 15 yil bo‘ldi. Gaz nimaligini ham unutvorganmiz. Hech bo‘lmasa elektrni uzmay turishsin. Qishloqda yashaymiz, qari ota-onam bor. O‘zimnimas, ularni o‘ylab murojaat qilyapman. Elektr pulini vaqtida to‘lasak, nima muammo, tushunmayman» — Navoiy, Qiziltepa tumani, «Husbuddin» MFY.
– «Elektr ta'minotidan uzilishlardan qiynalib ketdik. Svetni sanoqli soatlarda berishyapti. XXI asrdamas, XII asrda yashayotgandekmiz. Bu holat qachongacha davom etadi, yorug‘lik keladimi o‘zi?! Tuman elektr tarmoqlari korxonasidagilar uzilish yuqoridan bo‘lyapti deydi. Xalq shuncha bong urayotgan muammolar nahotki birorta mutasaddini qiziqtirmasa?!» — Surxondaryo, Oltinsoy tumani, «Barkamol avlod» MFY.
– «Qishlog‘imizda na gaz va na svet bor. Tumandagi mutasaddilar murojaatlarimga javob bermayapti, odam o‘rnida ham ko‘rishmayapti. Iltimos, bizga yordam beringlar» — Andijon, Asaka tumani, Axtachi qishlog‘i.
– «Svet qachon yaxshilanadi? Farzandlarimiz sham, fonar yorug‘ida dars qilishmoqda. Mustaqil bo‘lganimizga 30 yil bo‘lyapti. Rahbarlar 30 yil ichida hech bo‘lmasa shu elektr ta'minotidagi muammolarni hal eta olishmadimi? Qachon svet o‘chmaydigan kunlar keladi, buni yana 30 yil kutamizmi?» — Farg‘ona, O‘zbekiston tumani, «Qulibek» MFY.
– «Svet juda ko‘p o‘chyapti. Gaz kelmay qo‘yganiga 10 yildan oshdi. Yosh bolalimiz. Svetsiz, gazsiz juda qiynalyapmiz. Bizdan oldingi qishloqda gaz bor, bizda nega yo‘q sababini bilmaymiz. Hech bo‘lmasa svetni uzmay turishsin. Tabiiy gaz berilmaganiga yarasha gaz ballonlarni vaqtida almashtirib turishsin» — Farg‘ona, Beshariq tumani, «Namuna» MFY.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 28 noyabr kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida gaz va elektr energiya bilan bog‘liq muammolarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida hali qish kirmasdan turib, energoresurslar ta'minotida o‘ta jiddiy muammolar paydo bo‘lgani keskin tanqid qilingan, hukumat rahbari buni «sharmandali holat», deb atagandi.
Joriy yilning 18 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past bo‘lishi kutilayotgani ta'kidlangan, shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12ta tumani, Qoraqalpog‘iston va har bir viloyat bo‘yicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bosh vazir Abdulla Aripov Toshkent shahri tumanlariga, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov viloyatlarga shu masalalar bo‘yicha mas'ul etib biriktirilgan, aholini o‘z vaqtida elektr energiyasi, gaz, ko‘mir bilan ta'minlash yuzasidan alohida topshiriqlar berilgandi.
Biroq hali qish boshlanmasdan turib elektr va gaz ta'minotida muttasil uzilishlar kuzatila boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarning bu boradagi dard-u hasratlariga to‘lib-toshdi. Senatning 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida senat raisi Tanzila Norboyeva ham bu masalaga e'tibor qaratishga majbur bo‘lgdi.
25 noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida energetika vaziri Alisher Sultonov kuz-qish mavsumiga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rilganini ta'kidlagan, svet va gaz ta'minotidagi tanqisliklarni noyabr oyidagidek vaziyat oldin kuzatilmagani bilan izohlagan.
«2020 yilning noyabr oyidagidek vaziyat oldin kuzatilmagan. Mana o‘tgan sutkada iste'mol bo‘yicha biz tarixiy maksimumga chiqdik – 213 mln kilovatt/soat. Bu 17 foiz o‘sish deganidir.
Biz nafaqat sovuq tushgunicha, balki undan oldinroq vazirligimizda maxsus shtab tuzganmiz va barcha mutasaddilar muntazam ishlashyapti. Barcha o‘rinbosarlarim hududlarda ishlamoqda. Shaxsan o‘zim vodiy viloyatlariga borib keldim va hokimlar bilan ko‘mir masalasini muhokama qildim.
Biz mutasaddilar birinchi ish kunimizdan iste'foga tayyor bo‘lib ishlaganmiz. Lekin hamma iste'foga chiqib ketaversa kim ishlaydi? Biz ishimizni 24 soat olib boryapmiz.», deb aytgan vazir.
Biroq bu so‘zlar odamlarning dardiga malham bo‘la olsa qaniydi. Muammo hamon mavjud, savollar esa ochiq qolmoqda. Mavsumga yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa, shikoyatlar nega kamaymayapti?