Farg‘onada sevgan qizi turmushga chiqishni rad etgan yigit qotillik sodir etdi. U 20 yilga hukm qilindi

Jamiyat 14:02 / 23.11.2020 18592

M.M. sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, u P. bilan Instagram'da tanishib, u bilan bir necha marta uchrashgan; uni yoqtirib qolib, uylanmoqchi bo‘lgan. Ammo 2020 yil 26 may kuni qiz unga turmushga chiqish fikridan qaytganini aytadi.

Shundan so‘ng M.M. 27 may kuni soat 11:00larda qizdan o‘ch olish maqsadida Farg‘ona shahriga kelib, uning xonadoniga eshik ochiqligidan foydalanib kirib oladi. Buni xonadon kelini payqab qoladi. Yigit kelinning qorniga pichoq bilan zarba berib, unga og‘ir shikast yetkazadi, so‘ng yotoqxonaga olib kirib, yana baqirsa yoki boshqa harakatlar qilsa, pichoq bilan yana jarohatlashini aytib qo‘rqitadi.

Kelin telefon orqali qizni uyga chaqiradi. Qiz uyga kelgunga qadar kelinning 2020 yil 5 mart kuni tug‘ilgan 2 oylik chaqalog‘i yig‘lab qoladi. M.M. chaqaloqni uyning mehmonxonasiga olib kirib, yig‘isidan to‘xtata olmagani sababli uni yostiq bilan dimiqtirib qasddan o‘ldiradi.

Yigitning yaxshi ko‘rgan qizi P. xonadonga yetib kelganida, yigit uning yuziga urib, pichoq bilan qorin va ko‘krak qismiga urayotganida qo‘shnisi I. eshikni taqillatib, militsiya chaqirishini aytadi.

Shundan so‘ng M.M. uydan chiqib, avtomashina yuvish shoxobchasida yuz-qo‘lini yuvib, taksida Andijonga qaytib ketadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi M.M.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «j», «o» (boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirish) bandlari, 25–97-moddasi 2-qismi «r» bandi va 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan aybdor deb topdi.

Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro M.M.ga 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ko‘proq yangiliklar: