Makron yangi qonun loyihasi taklif qildi: Fransiyada imomlar kengashi bo‘ladi, uyda diniy ta'lim berish taqiqlanadi

Jamiyat 10:40 / 20.11.2020 18689

Makron nizomda islom siyosiy harakat emasligini belgilatmoqchi. Nizomda dinni siyosiylashtirish va diniy masalada har qanday xorijiy aralashuv cheklanadi.

Makron va Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jyerald Darmanen Yelisey saroyida musulmonlar kengashining 8 nafar yetakchisi bilan uchrashgan.

«Nizomda ikki narsa aniq yozilishi kerak: islomni siyosiylashtirishga va chet eldan har qanday aralashuvga yo‘l qo‘yilmaydi», – degan Makron. Uchrashuv davomida imomlar kengashi tuzilishi ham tasdiqlangan.

Imomlar bilan uchrashuv davomida Makron yangi nizomda o‘zi islom separatizmi deb ataydigan holatga qarshi kurashda quyidagi takliflarni ilgari surgan:

  • Uyda o‘qitiladigan diniy ta'limni cheklash va faqat istisno tariqasida unga ruxsat berish. Shuningdek, boshqa diniy maktablar, ya'ni katolik maktablari faoliyati ham nazoratga olinadi;
  • Davlat xizmatchilarini diniy qarashlari bilan qo‘rqitish taqiqlanadi;
  • Har bir bolaga identifikatsiya raqami beriladi va shu orqali ularning maktabda qatnashayotgani tekshiriladi;
  • Hozirda Fransiya qonunchiligida taqiqlanmagan uyda diniy ta'lim berish keyingi o‘quv yilidan cheklanadi. Bu qoidani buzgan ota-onalar 7,5 ming yevrogacha jarima to‘laydi yoki olti oygacha qamaladi;
  • Odamni qiynashlariga sabab bo‘luvchi shaxsiy ma'lumotlar tarqalishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu qonun loyihasi 9 dekabr kuni Fransiya hukumat yig‘ilishida muhokama qilinadi.

Oktyabr oyida Islom dinining oxirzamon payg‘ambari Muhammad (s.a.v)ning siyratlariga nisbatan salbiy taassurot uyg‘otuvchi karikaturani maktab o‘quvchilariga ko‘rsatgan o‘qituvchi Samyuel Pati 18 yoshli chechen yigiti tomonidan o‘ldirib ketilgandi. Moskvada tug‘ilgan va Fransiyada qochoq sifatida yashab kelgan yigitning o‘zi qo‘lga olish jarayonida o‘ldirilgan.

Mahalliy OAVda Pati karikaturani o‘quvchilariga ko‘rsatgach, bu ishidan pushaymonligini aytgani haqida hamkasblari bilan yozishmalari tarqaldi. U so‘z erkinligi mavzusida boshqa misolni keltirishi kerak bo‘lganini, bu ishi bilan xato qilganini aytgan.

MONIRUL ALAM/EPA

Pati o‘ldirib ketilgach, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uning nazdida «radikal islom»ga qarshi kurashish kerakligini aytdi va dunyo musulmonlarining nafratiga uchradi. Unga qarshi ko‘plab mamlakatlarda norozilik namoyishlari o‘tkazildi, o‘nlab karikaturalar chizildi, Makronning o‘limini tilab duo qilishdi. Uning chiqishidan keyin Fransiyada bir necha terakt ham sodir etildi.

Ma'lumot uchun, Fransiyada 5,7 milliondan ortiq musulmon yashaydi. Bu esa mamlakat aholisining 8,8 foizi degani. Yevropaning hech bir mamlakatida bunchalik ko‘p foizda musulmon yashamaydi. Fransiyaning Marsel shahri esa Yevropada islom poytaxti degan nomni olgan.

Ko‘proq yangiliklar: