Avazjon Karimov: Endi birinchi rahbarlar salomatlikni mustahkamlashda mehnat jamoasiga shaxsiy namuna bo‘lishadi

Jamiyat 15:40 / 20.11.2020 11211

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, aholini sog‘lom turmush tarziga jalb qilish borasida ko‘rilayotgan choralar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari Avazjon Karimov, vazirlikning boshqarma boshlig‘i Aziz Hasanov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bosh kotibi Avaz Maksumov hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda so‘zga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vazirining o‘rinbosari Avazjon Karimov bugungi kunda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, yurtdoshlarimizning salomatlik darajasini mustahkamlash masalasiga hukumat darajasida e'tibor qaratilayotganligini alohida ta'kidlab, 2020 yil 30 oktyabrda imzolangan «Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarishini ta'kidladi.

Farmon bilan har bir ta'lim muassasalarida, korxona, tashkilot va boshqa turdagi barcha muassasalarda jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishga shart-sharoitlar yaratish, ommaviy sportni rivojlantirish bo‘yicha mehnat jamoalari va hududlar o‘rtasida sport musobaqalarini muntazam ravishda o‘tkazish, jamoa shartnomalariga ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari bilan shug‘ullantirish, ya'ni xodimlarga ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar ajratish kabi vazifalar yuklatilgani e'tirof etildi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga «Sport targ‘ibotchisi» qo‘shimcha vazifasini yuklash va uning ish haqiga 20 foiz miqdorda ustama belgilash yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, Farmonda ish vaqtidan so‘ng tanlangan kunlarda, haftada kamida bir marotaba barcha vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar, mahalliy davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ishtirokida yugurish, stritbol, badminton, mini-futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, suzish va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanishini ta'minlash, jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlarini o‘tkazish belgilangani haqida ham ma'lumot berildi.

«Farmondagi muhim jihatlardan yana biri, endilikda vazirliklar, idoralar, korxona va tashkilotlar, mahalliy davlat organlarining birinchi rahbarlari o‘zlarining antropometrik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ya'ni semizlik darajasini, vazn indeksini kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash orqali mehnat jamoasiga shaxsiy namuna bo‘lishadi. Bu esa xodimlarning ham antropometrik ko‘rsatkichlarini yaxshilashga intilishini kuchaytiradi», - dedi A.Karimov.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Ko‘proq yangiliklar: