Elektr toki qachon o‘chmaydigan bo‘ladi?

Jamiyat 15:56 / 19.11.2020 70021

To‘satdan elektr toki o‘chib, uy zimistonga aylansa, sodda xalqimizning eng «shirin» gapi shu: «Shu «svetchi»larga ham insof bersin». Afsuski, gap faqat elektr tarmoqlari korxonasining idorasida o‘tirib olgan tasavvurimizdagi «ajina»ning insofida emas.

Uzoq yillar davomida soha mutaxassislari tomonidan elektr ta'minotidagi uzilishlarga turlicha omillar sabab sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, ana shu omillar bartaraf etilmadi.

Etilmadi deb ishonch bilan aytishimizning sababi oddiy — chunki bugun ham elektr ta'minotida uzilishlar bor. Demak, mutaxassislar aytib kelgan omillar noto‘g‘ri bo‘lgan yoki bu omillarga yechim ortga surib kelingan.

O‘sha omillarni birma-bir sanab o‘tamiz. Avvalo ularning eng ommalashgani xususida.

«Xalqning o‘zi aybdor» deyishni to‘xtatish kerak

Darhaqiqat, o‘tgan yillar davomida juda ko‘p marta muammoga sabab sifatida xalqning o‘zi aybdor qilib ham ko‘rsatildi: «Xalqimizda elektrdan foydalanish madaniyati yo‘q, tejab-tergab foydalanmaymiz, uyni yoritish uchun ham, isitish uchun ham elektrdan foydalanish oqibatida...»

Qizig‘i, hali ham mas'ullar ichida sohada yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni tan olish, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ilgari surish o‘rniga xuddi yuqoridagi vajni ko‘rsatayotganlar ham bor.

Xususan, yaqinda Samarqandda elektr ta'minoti tizimidagi muammolarga bag‘ishlangan tadbirda viloyatda «Milliy elektr tarmoqlari» mas'ul xodimi elektr uzilishlari sababi xususida xuddi shu fikrni bildirdi. Go‘yoki aholida boshqa tanlovlar, masalan, tabiiy gazdan foydalanish imkoni bor-u, madaniyatsizlik qilib elektr toki ishlatib, uni isrof qiladi. Qolaversa, bu gap dunyoning teng yarmida aholi konditsionerlardan foydalanayotgan asrda aytilyapti!

Boshqa tomondan, aytaylik, siz bozorda kartoshka sotib olyapsiz va sotuvchi sizga kartoshkadan madaniyat bilan, tejab-tergab foydalanishni talab qilyapti. Kulgili emasmi?

Elektr energiyasi ham biz pulimizga sotib olib iste'mol qiladigan mahsulotlardan biri. Qolaversa, aholi ham uni behudaga ko‘chaga sovuradigan darajada ongsiz emas. Xullas, bu omilni soha vakillari allaqachon ro‘yxatdan o‘chirib tashlasalar ham bo‘ladi. Aholini ayblashni bas qilaylik endi.

Qarzdorlik

Elektr uzilishlariga sabab sifatida eng ko‘p aytilgan muammolardan yana biri — debitor qarzdorlik edi. Sarflangan elektr energiyasi uchun to‘planib qolgan milliardlab qarzdorlik sohadagi muammolar, jumladan, uzilishlarga asosiy sabab sifatida ko‘rsatib kelindi.

Qaysi tadbir yo uchrashuvda aholi elektr ta'minotidan gap ochsa, aynan aholi bo‘ynidagi to‘lanmagan ulkan qarz bilan «og‘izga urildi».

Endi esa bu «bahona»ni ham ro‘yxatdan bemalol o‘chirish mumkin. Chunki iste'molchilarning katta qismi allaqachon yangi — ASKUE tizimiga o‘tkazildiki, bu tizimda qarzdor bo‘lishning imkoni ham yo‘q, iste'molchining puli tugasa, avtomatik tarzda elektr uzatish to‘xtatiladi.

Yangi tizim yana bir narsani ko‘rsatib berdi: aholining katta qismi avtomatik tizimga ulangani holda ulkan qarzdorlik yo‘q bo‘lib qolgan emas. Demak, aslida oldin ham aholi elektr pulini to‘lab kelgan.

Hozirda esa qarzdorlikka asosiy sabab sifatida korxona-tashkilotlar ko‘rsatib kelinmoqda. Tez orada ular ham avtomatik tizimga o‘tkaziladi albatta.

Ammo aftidan, bu bilan ham elektrdagi uzilishlar barham topib qoladiganga o‘xshamaydi. Chunki gap faqat amaldagi tizimning eskirganida emas. Yangi tizim imkoniyatlariga bir to‘xtalib o‘tgach, muhokamani davom ettiramiz.

Avtomatik tizim bizga nima beradi?

To‘g‘ri, elektr energiyasi iste'molini avtomatik hisoblash tizimi juda ham muhim. Chunki bu tizimda inson omili deyarli aralashmaydi (har holda, shuni va'da qilishmoqda). Iste'molchining mablag‘i tugasa, yuqorida aytilganidek, elektr uzatish ham to‘xtaydi.

Tarmoq xodimlari ofisda o‘tirib qaysi hududda avariya sodir bo‘lganini monitordan kuzatib turishadi va o‘sha yerga avariya guruhi yuborishlari mumkin.

Hatto markaziy bazadan turib, qaysi hududda elektrdan o‘g‘rincha foydalanilayotganini ham ko‘rish mumkin. «Aqlli» hisoblagich, o‘g‘rincha foydalanilayotgan elektr energiyasini ham yozib boraveradi.

Samarqand viloyat HETK kompyuter bazasi monitori. Ekranda ko‘rinib turgan qora nuqtalar Samarqand shahrida avariya sodir bo‘lgan hududlarni anglatadi

Umuman, yangi tizimning imkoniyatlari haqda juda ko‘p va xo‘p gapirilgan, gapirilmoqda. Ammo hozircha kamchiliklar ham bor. Aytaylik, kichik bir jarayon: ASKUE tizimida iste'molchining hisobida pul tugasa, masofadan turib hisobraqamga pul o‘tkazish mumkinligi aytilgandi. Hatto qo‘l telefonidan turib.

Ammo yuridik iste'molchilar hali ham bu imkoniyatga ega emas. Siz korxonangizga yangi turdagi hisoblagich o‘rnatgan taqdiringizda ham puli tugasa, xuddi oldingi zamonlardagidek, elektr tarmoqlari korxonasiga borib, navbatingizni kutib, to‘lov qilishingiz kerak. O‘shanda ham «svet» kelishini soatlab kutib qolishingiz mumkin.

Bu kamchiliklar yangi tizim to‘liq ishga tushsa bartaraf etilishi ma'lum qilinmoqda. Muammo shuki, yangi tizim qanchalik ko‘p muammolarga yechim topmasin, uzilishlar baribir barham topmaydiganga o‘xshaydi.

Masalan, to‘liq ASKUE tizimiga o‘tgan Buxoro viloyatidan ham uzilishlar yuzasidan shikoyatlar hamon kelmoqda.

Unda muammo nimada?

Energetika vazirligining rasmiy saytini topib, elektr energetika tarmog‘i bo‘limiga kirsangiz, shunday jumla bilan boshlanadigan ma'lumotga duch kelasiz: «O‘zbekiston o‘z energetik resurslari hisobidan o‘zining ehtiyojlarini to‘liq ta'minlovchi mamlakatlar qatoriga kiradi».

«Betgachoparlik» uchun uzrku-ya, bu g‘irt yolg‘on ma'lumot!

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi bugun iste'mol uchun yetmaydi. Bu aniq. Aynan yetmagani uchun ham mana bir necha yildirki, aholini elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun qo‘shni davlatlardan import qilinmoqda. So‘nggi bir necha yilda uzilishlarning davomiyligi kamaygani ham shu — import yo‘lga qo‘yilgani bilan bog‘liq.

Qolaversa, bu endi yashiriladigan mavzu ham emas. Bugun soha rahbarlari hududlar uchun elektr energiyasi yetkazishda limit borligini ham aytishmoqda. Xususan, Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi rahbari G‘anisher Mamatqulov ham yaqinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida uzilishlarga sabablardan biri cheklov ekanini ma'lum qildi. Ammo bu cheklovlar bir soatdan oshmasligi aytilmoqda.

Agar 2015 yilda bu cheklovlar ayrim hududlarda 15 soat va hatto 20 soat ham bo‘lganini hisobga olsak, nisbatan yaxshi o‘zgarish. Ammo ba'zan bu «bir soat» amalda bir necha sutkalarga ham ulanib ketyapti. Buning ham sababi bor.

Demak, modomiki, elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida ko‘p yillar davomida OAVda bong urib kelingan ulkan loyihalar amalga oshmagan ekan, aholini uzluksiz elektr bilan ta'minlash yo‘li hozircha import bo‘lib qolaveradi.

«Bobomdan qolgan tarmoqlar»

Ammo import qilinayotgani holda ham uzilishlar ko‘p ekanining yana bir sababi – butun mamlakatdagi elektr tarmoqlari va inshootlarining haddan tashqari eskirib ketganidir. Ishlab chiqarilgan energiyaning katta qismi iste'molchiga yetib borgunga qadar uzatish tizimlarida yo‘qotilmoqda.

Butun mamlakatda deyishimizning sababi, bugun barcha viloyat tumanlarida yashayotgan aholi o‘z mahallasidagi simyog‘ochlarning avariya holatidan (yoki umuman simyog‘och yo‘qligidan) shikoyat qilmoqda. Juda ko‘plab aholi punktlarida transformatorlar ham o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan.

Ming elektr ishlab chiqarish yuqori bo‘lmasin, energiya sarfini hisoblashning XX asrga xos texnologiyalari kiritilmasin, 60-yillardan qolib ketgan eski simlar, simyog‘ochlar va transformatorlar bilan aholini elektr bilan muntazam ta'minlashning imkoni yo‘q.

Buni bilgan aksariyat mahallalarda allaqachon fuqarolarning o‘zi elektr tarmoqlari korxonasidan umidini uzib tarmoqlar tortishga, simyog‘ochlar o‘rnatishga va hatto yirik transformatorlar sotib olishga ko‘nikkan. Chunki qishloq joyda oddiy avariya sodir bo‘lganda mutaxassis yubora olmagan elektr tarmoqlari korxonasidan yangi transformator so‘rash allaqachon latifaga aylanib bo‘lgan.

Aslida, eng katta muammolardan biri ham mana shu. Yuqoridagi kabi loyihalarga bir necha yuz million dollarlab mablag‘ ajratilmoqda. Hududlardagi eskirgan tarmoqlar esa bu zamonaviy texnologiyalar uchun sarflangan mablag‘ni «oqlash»ga imkon bermaydi. Ular har yomg‘ir yoqqanda «paqqillab» uzilib ketyapti. Sovuq kunlarda zo‘riqqan transformatorlar yonib ketyapti.

To‘g‘ri, ehtimol eski tarmoqlar 30 yil davomida to‘planib qolgandir. Ammo ularni yangilamay turib, energetika sohasidagi olamshumul loyihalar bilan maqtana olmaymiz, muammolarni ham bartaraf eta olmaymiz.

Anvar Mustafoqulov

Ko‘proq yangiliklar: