«G‘afur G‘ulom» bog‘ida qayta qurish boshlandi. Tadbirkorlar nimadan norozi?

Jamiyat 21:13 / 18.11.2020 15921

Poytaxtdagi eng asosiy dam olish maskanlaridan biri sanaluvchi bog‘ Singapurning «BMP Smart Decision Private Limited» kompaniyasiga 49 yilga ijaraga berilgan.

Ustav fondi 700 dollar bo‘lgan kompaniya kamida 10 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritib, u yerda «zamonaviy ko‘ngilochar maskan» barpo etadi. Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya ta'sischisi – Sherzod Halimov ismli O‘zbekiston fuqarosi ekani ma'lum.

So‘nggi oylarda «G‘afur G‘ulom» bog‘i o‘rnida turar joy majmualari qurilishidan xavotirlar paydo bo‘ldi. Poytaxt hokimligi va Madaniyat vazirligi buni rad etib chiqqan.

Ayni paytda bog‘ hududida yengil konstruksiyali inshootlar demontaj qilinmoqda. Ammo bir necha yillardan beri shu yerda tadbirkorlik qilib kelayotgan bir necha tadbirkorlar bu ishlardan norozi.

«Biz ko‘p yillardan beri shu bog‘da ishlab kelamiz. Shu orqali oilamizni boqamiz. Lekin qandaydir bir investor kelib, tayyor joyga investitsiya kiritishi bahonasida bizni ko‘chaga haydashmoqda. Biz qayerga boramiz?

Keyinchalik «ijaraga beramiz» deyishmoqda, lekin kafolat xati bergani yo‘q. Biz qanday ishonamiz? O‘zimizning ham kuchimiz yetadi shu joyni obod qilib, zamonaviy qilib modernizatsiya qilishga. Lekin hech kim bizga aytgani yo‘q.

O‘zi karantin davrida ishlamadik. Park yopib qo‘yilgan. Biz nima qilamiz endi, qayerga boramiz? Bizni hech kim eshitmayapti» – deydi tadbirkorlardan biri biz bilan suhbatda.

«BMP Smart Decision Private Limited» MChJ direktori Otabek Mirzajonovning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ rekonstruksiyasi tugallangach, u yerda tadbirkorlik qilish huquqi kimlarga berilishi tender asosida aniqlanadi.

«Hozirda konstruksiyali inshootlarni buzish (demontaj) ishlari olib borilmoqda. 10 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshirilib, bog‘ zamonaviy ko‘rinishga keladi.

60dan ziyod tadbirkorlar bor. Lekin ularning 4–5 tasi norozi. Ularga kompensatsiya bera olmaymiz. Sababi – ularning ijara shartnomasi 2019 yilda tugagan.

Keyinchalik shu joylarni eski egalariga ijaraga berish bo‘yicha kafolat xatini hozir bera olmaymiz. Chunki bu joylar tender asosida ijaraga beriladi.

[...] Investorlar to‘g‘ridan to‘g‘ri 10 million dollarlik investitsiya kiritishmoqda. Davlatdan hech qanday qarz olinmaydi. Hamma attraksionlar yangilanadi. Chunki hozirgilari eskirgan, talabga javob bermaydi. Tadbirkorlarning o‘zlarini esa buncha mablag‘lari yo‘q», – deydi bog‘ direktori», – dedi korxona rahbari.

U bog‘ni yangi ko‘rinishga keltirishda birorta ham daraxt kesilmasligini ta'kidladi.

«Biz aholini yig‘ib aytdik: hech qanday daraxt kesilmaydi. Xohlashsa, daraxtlarni sanab, ro‘yxat qilib chiqishsin. Biz tayyormiz», – dedi Otabek Mirzajonov.

Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • bolalar uchun 15 ta, oilaviy dam oluvchilar uchun 20 ta, ekstremal hordiq chiqarishni xush ko‘ruvchilar uchun 10 ta, umumiy hisobda 45 ta turli attraksionlar barpo etish;
  • jami 300 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta amfiteatr qurish;
  • tashrif buyuruvchi bolali oilalar uchun qisqa muddatli bolalar bog‘chasi, bolalarning tantanali tadbirlarini o‘tkazish inshootlari, rangli suratlar aks ettirilgan kartografik favvora, xorijiy va mahalliy adabiyotlar bilan boyitilgan hamda shinam o‘quv zaliga ega kutubxona, kattalar va bolalar uchun maxsus texnik vositalarga ega sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, qishki yopiq dam olish markazi; mavjud ko‘l atrofida yugurish yo‘lakchalarini tashkil etish.

Ta'kidlanishicha, investorga loyihadan chetlashib, ko‘ngilochar maskanga taalluqli bo‘lmagan bino-inshootlar qurilishi kuzatilsa, shu zahoti shartnoma bekor qilinishi haqida shart qo‘yilgan.

Ko‘proq yangiliklar: