«Chempion hikoyalari». Gnabri Venger bilan uchrashuvi, «Bavariya» orzusi va koridorning narigi tomoni haqida

Sport 17:10 / 16.11.2020 7252

U karantindan keyin davom ettirilgan Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi qahramonlaridan biridir. Avvaliga «Arsenal», keyin «Vest Bromvich» tarkibidan, keyin umuman Angliya maydonlaridan yo‘qolib qolgan, balki hech qachon eslamasligimiz ham ehtimol bo‘lgan bir paytda u Chempionlar Ligasi yarim finali taqdirini hal qiluvchi golni urdi. Avvalroq «Barselona»ga qarshi uchrashuvda burilish yasagan ham aynan Serj Gnabri edi. Bugungi hikoya muallifi.

Arsen Venger bilan ilk uchrashuvimni hech qachon unutmayman.

16 yoshda edim. Endigina o‘n oltiga to‘lgan paytim. Men uchun juda hayajonli palla, chunki Germaniyadagi butun hayotimni tashlab, «Arsenal» safiga kelib qo‘shilgandim. Tabiiyki, 6 ming kishi yashaydigan qishloqdan Yevropaning eng katta shaharlaridan biriga kelish oson emasdi. Tasavvur qiling, Germaniyada ko‘cha to‘la «BMV» mashinalari, lekin ilk marta Londonga kelganimda va meni ota-onam bilan aeroportdan olib ketgani «BMV» kelganida bu xuddi tush yoki biror kinoda ro‘y berayotgandek tuyulgandi – «vaauu!!!». Ajoyib!

Arsenning xonasiga oyim va dadam bilan kirib bordik. U shunchaki, «qalaysan, Serj, ishlar yaxshimi?» deb oddiy gaplashdi. Esimda, tirjayib turardim va o‘zimni to‘xtata olmasdim. Masalan, do‘stingiz «bo‘ldi qil, kulma» deb tanbeh bersa, badtar kulgi keladi-ku, shunaqaroq holat bo‘lgandi. O‘ylashimcha, nari borsa o‘ntadan ko‘p so‘z aytganim yo‘q. Butun uchrashuv davomida faqat bitta o‘y miyamda charx uraverdi: «Voy, Xudoyim, Arsen Venger mening ismimni bilar ekan...»

Keyin u koridor haqida ham gapirdi. Bilsangiz, «Arsenal»ning mashg‘ulot bazasida bir koridor bo‘lib, u yoshlar va asosiy jamoa hududini ajratib turadi. Arsen agar qattiq mehnat qilishda davom etsam, narigi tarafga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishimni aytdi. Bu o‘ziga yarasha doping, tasavvur qilyapsanmi, yaqinginada, koridorning narigi tarafida sen televizorda ko‘rib yurgan futbolchilaringni ko‘rasan va ularning safiga qo‘shilishing mumkin.

Arsen shunaqa gaplarni aytayotganda, otamning yuzidan «Aha, to‘ppa-to‘g‘ri, Arsen, yaxshiroq tushuntir, o‘zing ayt shunaqa gaplardan» degan ma'noni uqish mumkin edi. Men haliyam kulib turar, otam esa, endi ovoz chiqarib, «Ha, men ham shunaqa deyman nuqul, Arsen, u ko‘proq mehnat qilishi kerak. Doim aytaman!»

Xaxaxaxa. Rosa uyaldim. «Dada, nimalar deyapsiz o‘zi? Yana nimalarni aytgandingiz? Sal xotirjam bo‘lib, kamroq gapirsangiz nima qilarkin-a?»

 

Siz uni yaxshi bilmaysiz. Qonimda ikki tomonning kuchli jihatlari jamlangan. Albatta, ona tomonimning nemis qonidan faxrlanaman. Otam afrikalik, u Germaniyaga yosh yigitligida kelgan va shuning uchun hayotga o‘ziga xos qarashi bor. Bolaligimdan eslayman, har kuni kechqurun u Kot-d’Ivuardagi aka va opalari bilan kamida ikki soat gaplashardi. U paytlarda uyali telefonlar urf bo‘lmagan, men o‘rtog‘im bilan o‘z xonamda, uy telefonida gaplashib o‘tirganimda, otam kirib kelardi – «Serj, trubkani qo‘y, hozir ammang telefon qiladi».

Shundan so‘ng, to yarim kechasigacha, narigi xonadan otamning fransuzchalab oilasi bilan chaqchaqlashib o‘tirishini eshitib yotardim. Ochig‘i, uning bu odatini tushunish uchun, xuddi u kabi muhojir bo‘lib ko‘rish kerak – butunlay boshqa mentalitet. Yoshligimda ota-onam menga boshqalardan ko‘proq harakat qilish kerakligini aytishardi. Chunki rangim atrofimdagilarga o‘xshamasdi. To‘g‘ri, Shtutgart yonidagi kichkina qishloqchada men hech qachon rasizm muammosiga duch kelmaganman. Boshqalardan biroz farqli ekanim ko‘rinib tursa-da, o‘zimni bu uchun boshqacha his qilmaganman.

Ammo otam menga doim aytardi: «Seni boshqalar qabul qilishini istasang, doim ikki barobar ko‘proq mehnat qilishga tayyor ekaningni ko‘rsatishing kerak. Ular seni dangasa deb o‘ylamasliklari shart. Ikki barobar qiyinroq. Ikki barobar».

Uning bu so‘zlari doim qulog‘im ostida jaranglab kelgan.

11-12 yoshimda Vayssaxning sun'iy maydoniga dadam bilan chiqardik, u tinmasdan, jarima maydoniga kirib, darvozaning turli burchaklarini nishonga olishni buyurardi. U menga agar yuqori burchakni ko‘zlashni o‘rgansam, katta bo‘lganimda juda ko‘p gol urishimni uqtirardi. Men vazifasini uddalagan taqdirimda ham faqat «Yaxshi Serj, endi yana» degan olqish eshitardim, xolos.

Menimcha, otalarda qandaydir ichki sezgi bo‘ladi. Kelajakni qandaydir shaklda ko‘rishadimikin, deb o‘ylayman. Hozirda aynan shu uslub mening asosiy qurolimga aylangan. Jarima maydoniga yorib kirasan va «bum»! Bu ishni oyoqlarim o‘sha Vayssaxdagi «xotira» bilan avtomatik ravishda bajarishadi.

Axir biz bu bilan to o‘n besh yoshimgacha shug‘ullanganmiz. Faqat u va men. Albatta, ba'zida zerikkan, vaqtimni o‘rtoqlarim bilan o‘tkazish, kinoga borish, odatiy yashash istagi ham bo‘lgan. Ammo boshqa tarafdan, ko‘nglimning tubida orzularim ham bor – ularga qanday erishish mumkin. Agar o‘smirlik chog‘imda, yonimda buni tushuntirib, yonimda turadigan inson – otam bo‘lmaganida, bilmadim, shunday qolib ketardim. Gap faqat o‘sha mashg‘ulotlarda ham emas, inson sifatida shakllanishimda.

Kimgadir tushuntirib berish qiyin – 15 yoshda cho‘ntakda pul yo‘q, mahalliy oddiy jamoada o‘ynab yurgan bolakayning 17 yoshda Premer Liga klubi bilan shartnomaga, e'tiborga, pullarga ega bo‘lib qolganda nimalarni his qilish mumkinligini. Hayoting noldan yuz ballgacha bo‘lgan masofani tezlik bilan bosib o‘tadi.

Bir kuni o‘rtoqlaring bilan Mesut O‘zilni tomosha qilasan va u sening kumiring. Ikki yil o‘tib esa, u bilan kofe ichib o‘tiribsan. Uning Krishtianu bilan birgalikda El Klassikoda o‘ynaganini tomosha qilgansan, endi esa, u sendan hol-ahvol so‘raydi. Ishonish qiyin. Bir zumda buni qabul qilish ham oson emas. Aslida kim bo‘lganingni eslash qiyinlashib boradi.

 

Per Mertezaker doim menga jiddiy e'tibor bergan. Yaxshi ma'noda. «Arsenal»da u mening akamdek bo‘lib qolgan, yomon o‘yinlardan keyin ham, sabr qilishimni maslahat berardi.

Agar Perni yaqindan tanimasang, bu so‘zlar unchalik ta'sir qilmasligi mumkin. His qilish uchun o‘sha paytda uning yuzini ko‘rishing, ovozini eshitishing kerak. Per – dunyodagi eng yoqimli yigit. Shu bilan birga, u eng nemis odam ham. Go‘yoki, uning har bir so‘zi juda muhim va jiddiy qabul qilinadi. Shu bilan birga, mehrni ham sezasan. Xuddiki, u senga yuqoridan qarab, qo‘rqitmoqchidek, shu bilan birga seni yaxshi ko‘radi ham. Buni ingliz tilida qanday tushuntirishni bilmayapman, bu xuddi muloyim Arnold Shvarseneggerni ko‘z oldingga keltir, shunaqaroq.

Mashg‘ulotlarda nima qilsam ham, keyin u mening oldimga kelardi: «Serj, qayerlik ekaningni unutma. Sen Shtutgartdansan. Sabr qil! Kamtar bo‘l! O‘rganib ketasan. Xotirjamlikni o‘rgan!»

Qayoqda. O‘zi xotirjamlikni uqtiradi va besh daqiqa o‘tmay, baqiradi – «Seyeyeyeyeyerrjj». Hammasi tugagach, u yana muloyim, xotirjam, yoqimli yigit.

 

Xullas, yuqorida aytganimdek, o‘zgarishlarni his qilish qiyin bo‘ladi. Sen 15 yoshingda ota-onangdan pul olib yashab yurasan va bir aylanib, 17-18 yoshda butun oilangdan ko‘p pul topishni boshlading. Buni eplab ketish osonmas. Esimda, asosiy tarkibda o‘ynay boshlaganimda, orqa oldimga qaramay pul sarflashni boshladim, keraksiz matohlarni ham katta pulga sotib olardim. Hojatxona uchun 600 funtga yashik, yaltirab yonib turadigan nasroniylar labuteni, Rolex soati...

Ota-onam bundan qo‘rqib ketishdi. Yana ular nimanidir his qilishgandek go‘yo, meni qaytara boshlashdi. Onamning so‘zlari esimda: «Serj.. bilasanmi, bularning hammasi doim ham bo‘lavermaydi. Bunaqa isrofgar bo‘lmasliging kerak. Sen doim yerda qolishing kerakki, bir kun hammasidan ayrilib qolishing mumkin».

O‘sha suhbatdan bir necha hafta o‘tib, rostan ham sindim. Hammasi barbod bo‘ldi. Tizzamdan jarohat olib, sakkiz oy maydonga tusha olmadim. Qaytganimda esa, asosiy tarkibga kirolmay qoldim. Keyin «Vest Bromvich»ga ijaraga berib yuborishdi. Onam hammasini oldindan ko‘rgandi.

«Vest Brom» haqida ham gaplashishimiz kerak.

 

Eng kulgilisini aytaymi? Nima bo‘lgandayam, men «Vest Bromvich»ga ijobiy hislar bilan tashrif buyurdim, zero gazetalarda yozishlaricha, jamoa murabbiyi men haqimda iliq fikrda edi, aynan shu tufayli, boshqa jamoalardan ko‘ra, aynan «Vest Bromvich»ni tanlagan edim. Yaxshi formada emasman va shuning uchun bu murabbiy bilan menda qaytish imkoniyati bo‘lishiga ishonardim. Men hujumkor futbolchiman, ammo «Vest Bromvich» umuman boshqacha uslubda o‘ynardi. Unday bo‘lsa... Nega meni bu yerga taklif qilishdi o‘zi?

«Chelsi» bilan o‘yinda 15 daqiqa yugurdim, shu bilan hatto uchrashuvlar zayavkasiga ham kiritilmasdim. Olti oy o‘yinlarni tribunadan kuzatib, o‘zimga bo‘lgan ishonchim so‘nib ketgan, buning izohini aytadigan odam ham yo‘q edi.

Ha, mukammal futbolchi emasdim. Endigina 19 yoshga kirganman. Ehtimol, mashg‘ulotlarda xatolarga yo‘l qo‘yardim. Ammo bir tomondan vijdonim pok – doim bor imkoniyatimni ishga solganman. Ayniqsa, o‘zim haqimda, dangasaligim, mahoratim yetishmasligi haqidagi sharhlar og‘ir botardi. Otam qanday mentalitet asosida meni tarbiyalaganini bilib turib, bunday tamg‘alar ostida qolish umrimda his qilmagan yangicha tuyg‘uni paydo qildi – jahl. Men o‘sa boshladim.

Bunday pallalarda atrofingda do‘stlar kamayib ketadi. Kimlarnidir yo‘qotib qo‘yasan. Yoningda faqat yaqinlaring, oilang qoladi. Ana o‘shanda xotiralar girdobida qolasan, aynan o‘sha xotiralar, agar rostan ham to‘g‘ri yo‘nalishda bo‘lsa, seni qayta tarbiyalaydi.

Ana, otam bilan parkda mashg‘ulot o‘tkazyapmiz, u menga doim ikki barobar ko‘proq shug‘ullanishim kerakligini minginchi marta takrorlayapti. Ana, oyim shon-shuhrat va pul abadiy emasligi haqida uqtirmoqda. Per kamtar bo‘lishga chaqiryapti, Arsen Venger koridorning narigi tarafi haqida ma'ruza o‘qiyapti. Bilasanmi, og‘ir kunlarda o‘sha voqealar senga endi boshqacharoq ta'sir qila boshlaydi. Xuddiki, o‘sha voqealar, o‘sha nasihatlar aynan bugun uchun aytilgandek...

Men ikki qadam oldinga yurish uchun bir qadam ortga tashlashga majbur bo‘ldim. Germaniyaga, 16 yoshda tashlab ketgan do‘stlarim oldiga qaytish, «Verder», «Hoffenhaym» kabi rostan ham meni tarkibida istayotgan jamoalarda o‘ynash ijobiy ta'sir qildi. «Bavariya» libosida Chempionlar Ligasi musiqasi sadosi ostida maydonga tushib borish esa, shunchaki, dahshat. Hozir men «bolalikda shu jamoada o‘ynashni orzu qilgandim» desam, hammasini aytmagan bo‘laman.

Esimda, to‘qqiz yoshligimda biz Dortmund va Myunxenga borib, musobaqada qatnashgandik. «Bavariya» bolalar jamoasiga qarshi maydonga tushganimizda, ular kiyib olgan yaltiroq, qip-qizil liboslardan ko‘zlarimiz o‘ynab, hayajonlanib ketganmiz. Qachondir, bir kuni shu libosni kiyaman, deb so‘z berdim o‘zimga.

Kelasi yili, dadam bilan musobaqadan qaytar ekanmiz, u sovuqqonlik bilan «Bavariya» murabbiyi bilan gaplashganini, u meni o‘z jamoasida ko‘rmoqchi bo‘layotganini aytdi. Chaynayotgan mevamni yutib, javob berishga og‘iz juftlashga ulgurmay, dadam qat'iy va xotirjam ohangda dedi: «Yo‘q, sen biz bilan qolasan. Atigi 10 yoshdasan. Biz esa, Myunxenga ko‘chib bora olmaymiz».

Uyga kelguncha, yig‘lab keldim.

Shuning uchun hozir «Bavariya» libosida maydonga tushishim katta voqea. Bir men uchun emas. Yoshlar jamoalarida Joshua Kimmix, Leon Goretska va Niklas Shyulelar bilan o‘ynab katta bo‘lganmiz. Shuningdek, Devid Alaba bilan ham do‘stlashib ketdik. Agar qandaydir motivatsiya kerak bo‘lsa, yechinish xonasida ularga qarashim yetarli – «tushunyapsanmi» «Bavariya» asosiy tarkibi o‘yinchisisan. Sen va bu bolalar chindan ham bu yerdasizlar... Jinni bo‘lib qolish mumkin-ku» deyman o‘zimga o‘zim.

Biz turli yo‘llardan ketdik. Ammo hammamiz koridorning narigi tarafiga o‘tishni uddaladik. Bu shunchaki, ulg‘ayib, vaqt o‘tib, sodir bo‘lmasligini juda yaxshi bilaman.

Ijtimoiy tarmoqlarda bir iqtibosni ko‘p o‘qiyman, menimcha to‘g‘ri bo‘lsa kerak: «Futbol – hayotdagi eng muhim ahamiyatsiz narsa».

Dunyoda, ayniqsa, hozir juda ko‘p jiddiy voqealar bo‘lmoqda, futbol esa, shunchaki, bir o‘yin. Ammo bu o‘yin odamlarni birlashtiradi. Qachonki, oyoqlaringiz ostida to‘p bo‘lar ekan, o‘zingizni yomon his qilmaysiz.

Biz turli yo‘llardan yurdik. Ammo hammamiz koridorning narigi tarafiga o‘ta oldik.

Hamon yodimda, ilk bor otamning vatani bo‘lmish Kot-d’Ivuarga borganimda, 13 yoshda edim va amma-amakimlarning bolalari bilan futbol o‘ynardik. Chim tizzagacha o‘sib ketgan, fransuzcham shu qadar yomonki, gapirishga hojat yo‘q, ammo ular bilan to‘p tepish shunaqangi mazza ediki... Shunchaki to‘p tepib baxtli bo‘la olardik. Futbol o‘ynayotgan bolakaylardan keladigan tovushlarni tasavvur qilib ko‘ring-a? Tushunarsiz, ma'nosiz, lekin o‘sha sas baxtning ovozidir.

Dunyodagi eng muhim ahamiyatsiz narsa nima bilasizmi?...

Yana uchrashguncha.

Serj

Ko‘proq yangiliklar: