«OMADLI KUN – 2»: Kun.uz o‘tkazayotgan rasmiy tanlovni soxtalari bilan adashtirmaslikka chaqiramiz

Jamiyat 20:18 / 15.11.2020 3571

Kun.uz 9 noyabrdan buyon Telegram'da «OMADLI KUN – 2» aksiyasini o‘tkazmoqda. Xabaringiz bo‘lsa, bu haqda sayt orqali va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarda e'lon berilgan edi.

Aksiyada qatnashish uchun Telegram'da maxsus ochilgan botni faollashtirib, Kun.uz sayti va tanlov homiylariga tegishli bir nechta kanallarga a'zo bo‘lish kifoya. Shundan so‘ng tanlovga do‘stlarini ham taklif etgan ishtirokchilarga ular orqali tanlov qatnashchisiga aylangan har bir do‘sti uchun 1500 so‘mdan to‘lab boriladi.

Shuni alohida ta'kidlaymizki, ishtirokchi to‘plagan mablag‘i 50 ming so‘mga yetganda, mablag‘ uning xohishiga ko‘ra telefon raqami yoki bank kartasiga o‘tkazib berilishi kafolatlanadi. Aksiyani o‘tkazish uchun Telegram'da @omadlikun_tanlovi2_bot boti ishga tushirilgan va bu bot – tanlovda qatnashish uchun yagona rasmiy platforma sanaladi.

Afsuski, aksiya e'lon qilinganidan so‘ng, Telegram'da Kun.uz nomidan soxta tanlovlar tashkil etuvchi «uddaburonlar» paydo bo‘ldi. Ular «OMADLI KUN – 2» tanlovi banneridan noqonuniy foydalangan holda, minglab Telegram-foydalanuvchilarini aldab, pullarini o‘zlashtirib kelishmoqda.

Soxta tanlov guruhlaridan biri. Eslatib o‘tamiz, rasmiy tanlov @omadlikun_tanlovi2_bot botida o‘tkazilmoqda.

Firibgarlarni qanday tanib olish mumkin?

Birinchi belgi – Kun.uz tomonidan tashkil etilgan «OMADLI KUN – 2» aksiyasi maxsus dasturlangan @omadlikun_tanlovi2_bot boti orqali o‘tkaziladi va unda faqat rasmiy kanallarga a'zo bo‘lish sharti qo‘yilgan. Firibgarlarning soxta tanlovlarida esa kanallarga emas, balki guruhga odam jalb qilish targ‘ib qilinmoqda.

Qanchadir miqdorda tanishlarini ushbu guruhga jalb qilgan ishtirokchiga pul o‘tkazib berish uchun shaxsiy sahifada undan bank plastik kartasining suratini jo‘natish so‘ralmoqda. Bank plastik kartasining raqamini jo‘natganlardan qat'iy ravishda kartaning suratini jo‘natish takroriy so‘ralmoqda.

Bu nega kerak?

Gap shundaki, firibgar o‘zi aldayotgan odamlarni tunab ketishi uchun unga karta raqamidan tashqari, kartaning amal qilish muddatini bilish ham kerak bo‘ladi.

Ushbu ikki ma'lumotga ega bo‘lgan firibgar oldida o‘z maqsadiga yetishda faqat bir qadam qoladi. Ya'ni ishtirokchining kartasidagi pullarni yechib olish uchun yuqoridagi ma'lumotlar kiritilganida, ishtirokchi telefoniga parol keladi. Firibgar ushbu parolni qo‘lga kiritish uchun ishtirokchini «Yutuq pulingizni olish uchun telefoningizga kelgan parolni bizga jo‘nating», deya aldashga urinadi. Ushbu so‘nggi aldovga ham uchgan ishtirokchining karta raqamidagi barcha pullar bir zumda «tanlov tashkilotchisi»ning cho‘ntagiga o‘tadi.

Kun.uz tomonidan tashkil etilgan «OMADLI KUN» tanlovida esa belgilangan shartlarni bajargan ishtirokchining yutug‘ini o‘tkazib berishda faqat karta raqamining o‘zi so‘raldi. Kartaning surati yoki uning amal qilish muddati kabi maxfiy tutilishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha ma'lumotlar zinhor talab etilmaydi.

Yana shuni ham bilish lozimki, Kun.uz tomonidan tashkil etiladigan har qanday tanlov va unda ishtirok etish shartlari, albatta, Kun.uz saytida va saytning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e'lon qilinadi.

Aldov qurboni bo‘lib qolmaslik uchun fuqarolardan yuqorida tilga olingan jihatlarga e'tiborli bo‘lishni so‘raymiz.

Haqiqiy va yutuq kafolatlangan aksiyada ishtirok etish uchun Telegram'da @omadlikun_tanlovi2_bot botini faollashtiring.

Ko‘proq yangiliklar: