Timur Ishmetov: Kelgusi yildan davlat moliyaviy nazorati tubdan o‘zgaradi

Iqtisodiyot 14:24 / 14.11.2020 18556

«Iqtisodiy sohadagi korrupsiya haqida so‘z yuritganda, avvalo, budjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish yil sayin dolzarb muammoga aylanib borayotganligini tashvish bilan ta'kidlamoqchiman. Zero, tahlillar eng quyi pog‘onadan tortib, to respublika miqyosigacha budjet pullarini talon-toroj qilishning turli korrupsiyaviy sxemalari keng ildiz otganligini ko‘rsatmoqda», — dedi bosh prokuror.

Ta'kidlanishicha, so‘nggi ikki yilda respublika bo‘yicha 371 milliard so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlari uchun 2477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi. Bunday holatlar asosan qurilish, qishloq, suv xo‘jaliklari, bank, energetika, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalariga to‘g‘ri keladi.

«Shu o‘rinda budjet mablag‘larining ratsional taqsimlanishi va maqsadli ishlatilishi yuzasidan davlat nazoratiga mas'ul moliya organlari o‘ziga yuklatilgan vazifalarni talab darajasida bajarmayotganligini ham aytib o‘tish darkor. E'tibor bering, 2018-2019-yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tashabbusi bilan o‘tkazilgan tekshirishlarda 131,5 milliard so‘mlik talon-torojliklar fosh etilgan bir paytda, davlat moliyaviy nazorati idoralari tashabbusi bilan 79,4 milliard so‘mlik yoki qariyb ikki baravar kam talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Moliya organlarining budjet sarfini to‘laqonli nazorat qilishiga, davlat xaridi bilan bog‘liq yirik talon-torojliklarni aniqlashiga nima to‘sqinlik qiladi? Bu aslida korrupsiya emasmi?», — deya qayd etgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Ma'lum qilinishicha, so‘nggi ikki yilda moliya organlarining 41 nafar xodimi korrupsiya va suiiste'molchiliklarga qo‘l urgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu idoralar asosan aniqlangan qonun buzilishi holatlarini yashirish, tekshirish o‘tkazmaslik, budjetdan ajratilgan mablag‘ni o‘z vaqtida o‘tkazib bermaslik, shuningdek, shtat birliklarini belgilash jarayonida suiiste'molchiliklar ko‘plab sodir etilmoqda.

«Masalan, davlat moliyaviy nazorati departamentining Surxondaryo viloyat boshqarmasi bosh nazoratchi-taftishchisi N. Uzun qurilish kollejida aniqlangan 265 million so‘mlik kamomadni yashirish evaziga kollej bosh hisobchisi A.dan 2 ming dollar va 500 ming so‘m olgani uchun sud hukmi bilan jazoga tortildi. Yoki Olmaliq shahar moliya bo‘lim boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari E. tug‘ruq kompleksi bosh shifokori T.dan kompleksda qo‘shimcha 10ta shtat birligini ajratish masalasini hal qilib berish evaziga 800 dollar olgani uchun sud hukmi bilan jazoga tortildi. Bunday misollarni yana ko‘plab barcha hududlar kesimida keltirishimiz mumkin», — dedi bosh prokuror.

Yo‘ldoshevning ma'lum qilishicha, eng asosiysi va tashvishlisi – budjet nazoratiga mas'ul bo‘lgan ushbu vazirlik tizimining o‘zida ham budjetning mablag‘lari ochiqdan-ochiq talon-toroj qilinmoqda. Masalan, g‘aznachilikning Andijon viloyat boshqarmasi mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish vaji bilan bankdan 1 milliard so‘mni ortiqcha olinishiga erishib, uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflashgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Endi o‘ylab ko‘ring, moliya idoralarining o‘zida korrupsiya avj olgan bo‘lsa, xalq tili bilan aytganda «buloqning boshida g‘irromlik bo‘lsa», budjet intizomini ta'minlash o‘zi mumkinmi?», — dedi u.

Ushbu masalalar yuzasidan moliya vaziri Timur Ishmetov munosabat bildirdi. U davlat moliyaviy nazorati natijadorligini umuman yetarli emas, deb hisoblashini bildirdi.

Timur Ishmetov

«Shu munosabat bilan Moliya vazirligi tomonidan «Davlat moliyaviy nazorati to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqilgan. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, u ishlab chiqilib, avvalida, yil boshida hukumatga ham taqdim etilgan. Lekin oxirgi paytlarda qo‘yilgan talablar, umuman komplayens nazoratini yo‘lga qo‘yish, korrupsiyaga qarshi kurashishga belgilangan talablardan kelib chiqib, mazkur qonunni qayta ishlab chiqishga qaror qabul qilindi. Bugungi kunda bu qonun loyihasi Hisob palatasi bilan birgalikda qayta ko‘rilyapti. Buning uchun tegishli xalqaro moliyaviy tashkilotlardan ekspertlar so‘rab olindi. Bu – Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlarini olgan holda, umuman, davlatda davlat moliyaviy nazoratini tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak degan qarorga kelishildi va yil oxirigacha shu qonunni yangidan ishlab chiqish niyatimiz bor.

Moliya vazirligi tomonidan yuqorida aytilgan kamchiliklarning oldini olish uchun bir qator amaliy ishlar ham amalga oshirilgan. Avtomatlashtirish yuzasidan budjet tashkilotlari uchun yangi interaktiv xizmatlar ishga tushirildi. Davlat budjeti ijrosi jarayonini yanada avtomatlashtirish, budjet tashkilotlari va moliya organlari o‘rtasida elektron hisobotlar almashinuvini ta'minlash va qog‘oz shaklidagi hujjatlardan bosqichma-bosqich voz kechish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, «UzASBO» dasturiy majmuasida budjet tashkilotlari tomonida xarajatlar smetasi bundan buyog‘iga elektron shaklda shakllantirilish va moliya organlariga taqdim etish moduli ishga tushirildi. Vaqtinchalik xarajatlar smetalari budjet tashkilotlari tomonidan elektron tasdiqlanib, moliya organlaridan ro‘yxatga o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Bunda bu jarayon tashkilotlarning moliya organlariga kelmasdan, aloqa orqali amalga oshiriladi.

Sir emas, budjet tashkilotlarida ish haqi to‘lovlarida bir qator xato va kamchiliklar bilan birga ayrim nopok xodimlar tomonidan ham ish haqi pullarini noqonuniy hisoblash yo‘li bilan o‘zlashtirish holatlari ham aniqlanmoqda. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan Xalq ta'limi vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi xodimlarining ish haqlarini budjet tashkilotlarida ish haqi to‘lovlarini hisoblash bo‘yicha avtomatlashtirilgan dasturi joriy yildan ishga tushirildi. Bu bilan ish haqlarining to‘g‘ri hisoblanishiga erishiladi.

Shuningdek, hurmatli bosh prokurorimiz yuqorida ijtimoiy to‘lovlar to‘g‘risida ham aytib o‘tdilar. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlariga ajratilgan budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishni ta'minlash maqsadida Moliya vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyatida pilot tariqasida Ijtimoiy nafaqalarni tayinlash dasturiy majmuasi ishga tushirildi va muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazildi. Joriy yil yakuniga qadar ushbu ijtimoiy nafaqalarni tayinlash dasturiy majmuasi respublikaning boshqa hududlarida ham ishga tushiriladi va ijtimoiy nafaqalarni haqiqatda muhtoj oilalarga tayinlash va to‘lovlarni qisqa muddatlarda inson aralashuvisiz amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Yuqorida aytib o‘tilgan holatlarning oldini olish maqsadida vazirlikda avtomatlashtirish jarayoni va yangi talablarga asosan komplayens tizimini to‘laqonli ishga tushirish uchun xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishni taqazo etadi. Ammo birlamchi natijalar ham yo‘q emas. Bir misol sifatida keltiradigan bo‘lsak, avtomatlashtirilgan tizim tahlili natijasida bu yil Andijon viloyatida g‘azna xodimlari tomonidan shubhali amaliyotlar aniqlanib, (ya'ni buni avtomatlashtirilgan tizim o‘zi aniqlab bergan) signal orqali joyiga chiqib tekshirishga asos bo‘lib, natijada bosh prokurorimiz dokladida aytib o‘tilgan hodisa yuzasidan aynan Moliya vazirligi tomonidan ma'lumotlar Bosh prokuraturaga taqdim etilgan.  Bunday ma'lumotlarni taqdim etgan holda har doim ham Prokuratura tomonidan tezkorlik bilan munosabat bildirishlariga minnatdorchilik bildiramiz», — dedi u.

Timur Ishmetovning aytishicha, hududlardagi davlat moliyaviy nazorat organlariga ayrim hokimliklar tomonidan bosim yo‘q, deb aytib bo‘lmaydi.

«Ya'ni u Moliya vazirligi tizimidami yoki ayrim bosimlar natijasida boshqalarni himoya qilish uchun ishlayaptimi? Shunga ham shubhamiz bor. Kelgusi fikrim, umuman davlat moliyaviy nazorati xizmatlari hududlardagi faoliyatini funksional nuqtayi nazardan tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak. Shu yo‘nalishda hozircha Hisob palatasi bilan birlamchi fikrlarimiz bor. Yil oxirigacha qonunni biz shunaqangi qayta ishlab chiqmoqchimizki, davlat moliyaviy nazorati biror bir vazirlikning ichidamas, yagona, yaxlit, kuchli bir tizim bo‘lishi kerakki, biron vazirlik ham, biron hokimiyat ham undan ustun bo‘lmasligi kerak. Ungacha foydasi yo‘q, umuman foydasi yo‘q», — deya munosabatini yakunladi vazir.

Ko‘proq yangiliklar: