Termizda xalqaro savdo markazini tashkil etish uchun 20 million dollar beriladi

Iqtisodiyot 21:31 / 14.11.2020 3741

O‘zbekiston prezidentining 12 noyabrdagi tegishli farmoni bilan Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi ma'lum qilindi.

Farmonda ta'kidlanishicha, «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi negizida ishlab chiqaruvchilar, eksport qiluvchilar va xaridorlar uchun saqlash, transport va boshqa zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini tashkil etish to‘g‘risidagi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining taklifiga rozilik berilgan. Xususan, EIZ hududini qisqartirish hisobiga tegishli infratuzilma obektlari bilan ta'minlangan «Termiz xalqaro savdo markazi» erkin savdo markazi hamda uni boshqaruvchi direksiya tashkil etiladi.

Ma'lum qilinishicha, ustav fondidagi 100 foiz ulush DXX Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo‘mitasiga tegishli «Termiz Cargo Centre» mas'uliyati cheklangan jamiyat «Termiz xalqaro savdo markazi» ishtirokchilari reyestriga o‘rnatilgan tartibda kiritiladi. Mazkur markaz faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish dasturini tasdiqlash, shuningdek, tovarlarni olib kirish, olib chiqish, tegishli bojxona rejimlarini rasmiylashtirish, mahsulotlarni realizatsiya qilish bilan bog‘liq tartibni nazarda tutuvchi hukumat qarori bir oy muddatda qabul qilinadi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi fuqarolari va ushbu davlat hududidan kiruvchi boshqa mamlakat fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun, istisno tariqasida, O‘zbekistonga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, 10 kun davomida markaz hududiga kirish, unda bo‘lish va chiqish tartibi joriy etiladi. Xalqaro savdo markazida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar tomonidan chet el fuqarolariga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilinadigan hamda Afg‘onistonga olib chiqiladigan tovar va xizmatlar eksportga tenglashtiriladi.

Ushbu markazda chet el tovarlari «erkin bojxona zonasi» bojxona rejimiga rasmiylashtirish orqali joylashtiriladi hamda, istisno tariqasida, ushbu tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Markaz qurilishi uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 20 million dollarga teng miqdorda kredit ajratiladi. Jamg‘arma kredit mablag‘lari Surxondaryo viloyati hokimligiga 3 yil muddatga, jumladan 1 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR+2 foizda obektlar qurilish-montaj ishlarini bajarish hamda zarur infratuzilmani barpo etishga Ma'muriy kengashlar tomonidan tasdiqlanadigan manzalli ro‘yxatlarga asosan ajratiladi. Kredit mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishi, pullarning o‘z vaqtida qaytarilishi uchun viloyat hokimi shaxsan mas'ul etib belgilandi.

Ko‘proq yangiliklar: