Oilaviy shifokorlarga 30 million so‘m beriladi
Prezident «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini imzoladi.
Unga ko‘ra, 2021 yildan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalari shifokorlari uchun maxsus dastur joriy qilinadi. Uning doirasida:
- Tibbiyot oliy ta'lim tashkilotini oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va boshqa hududda yashovchi shifokorlar olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga ishga qabul qilinganda ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari beriladi.
- Shuningdek, uy-joyi bo‘lmaganlarga 3 yil davomida xizmat uy-joylari beriladi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik ijara to‘lovlari kompensatsiya qilinishi nazarda tutilgan.
- Tuman hokimlari va tijorat banklari bilan birga ipoteka dasturlari asosida qurilayotgan uy-joylarni avvalo oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga qabul qilinayotgan shifokorlar uchun ajratishi belgilandi.