Koronavirusga qarshi kurashda Samarqand davlat tibbiyot instituti va germaniyalik olimlar hamkorlik qiladi

Jamiyat 17:08 / 10.11.2020 4127

Ma'lumot o‘rnida aytish lozim, Robert Kox instituti Germaniya Sog‘liqni saqlash vazirligining biotibbiyot fanlari, xususan, yuqumli va yuqumsiz kasalliklar sohasidagi markaziy tadqiqot va ma'lumot markazi, shuningdek, aholi salomatligi bilan bog‘liq ma'lumotlarni tahlil qiluvchi asosiy agentlik hisoblanadi.

Delegatsiya Robert Kox institutining epidemiologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, yuqumli kasalliklar, ichki kasalliklar va laborator diagnostika sohasidagi yetakchi mutaxassislardan tarkib topgan bo‘lib, tashrifning asosiy maqsadi koronavirusga qarshi olib borilayotgan tadbirlarni baholash va koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash reabilitatsiyasi bo‘yicha tibbiy xizmatlarni tashkil etishda uslubiy yordam ko‘rsatishdan iborat edi.

Uch kun davomida Germaniyadan kelgan mutaxassislar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni saralash va davolash hududiy markaziga tashrif buyurib, Samarqand davlat tibbiyot instituti mutaxassislari bilan birgalikda og‘ir bemorlarni davolash borasida olib borilayotgan muolajalar tahlilini o‘tkazishdi. Ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli maslahatlar berishdi.

Ko‘rsatilayotgan amaliy yordam bilan ko‘proq koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilishga ixtisoslashgan tibbiy markazlar qamrovini, ularda faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlariga uslubiy yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish maqsadida, Samarqand davlat tibbiyot institutida germaniyalik mutaxassislar ishtirokida «COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash va reabilitatsiya qilish: Robert Kox institutining tajribasi» mavzusida onlayn videokonferensiya tashkil etildi. Konferensiya davomida turli xil davolash usullari samaradorligi va ushbu virusli infeksiya natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlarning oldini olish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Tashrif doirasida delegatsiya vakillari Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv davomida ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Bunda qo‘shma ilmiy loyihalar hamda Robert Kox instituti bazasida SamDTI professor-o‘qituvchilari malakasini oshirish kabi masalalar alohida e'tiborga molikligi ikkala muassasa vakillari tomonidan ma'qullandi.

O‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha amaliy va nazariy tibbiyot, jumladan, koronavirus infeksiyasini davolash va oldini olish bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqotlar sohasida ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kelishib olindi. Germaniya Federativ Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgan davrda ikki muassasa o‘rtasidagi hamkorlik davlatlararo aloqalarni rivojlantirishga alohida hissa qo‘shishi muqarrar.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: