Qibray hokimligi tadbirkorning binolarini buzib, pulini «tuya qilib bergan». 3 milliard so‘m to‘lab berilmayapti

Jamiyat 16:07 / 09.11.2020 9430

Savdo-sanoat palatasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan ushbu korxona manfaatini ko‘zlab zararning 3 mlrd 270 mln so‘m qoplanmay qolgan qismini undirish yuzasidan Toshkent viloyati, Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudiga da'vo arizasi kiritilib, sudning 2020 yil 28 may kunidagi hal qiluv qaroriga asosan javobgar – Qibray tuman hokimligi hisobidan da'vogar – «SM GRAND GIGANT STROY» MChJ foydasiga zararning 3 mlrd 270 mln so‘m miqdoridagi qoplanmay qolgan qismi undirilishi belgilangan.

Mazkur hal qiluv qarori 2020 yil 29 iyundan qonuniy kuchga kirgan bo‘lib, unga ko‘ra, 2020 yil 29 iyun kuni Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ijro varaqasi qabul qilingan va ijrosini ta'minlash uchun MIB Qibray tuman bo‘limiga va Qibray tumani moliya bo‘limlariga elektron shaklda yuborilishi ta'minlangan.

Ammo, tahririyatga murojaat qilgan MChJ vakili I.Aslonov oradan 4 oy o‘tib ham, kompensatsiyaning qolgan qismi to‘lab berilmayotganidan yozg‘irdi. Uning aytishicha, MChJ sud hujjati ijrosini ta'minlashni so‘rab, 2020 yil 8 iyul kuni xat bilan Qibray tuman moliya bo‘limiga hamda MIB Qibray tuman bo‘limlariga rasman murojaat qilingan.

Ijro hujjati berilganiga 4 oydan oshgan bo‘lsa-da, bu tashkilotlar tomonidan yuqoridagi sud qarorini bajarish paysalga solib kelinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yildagi qarori bilan tasdiqlangan Ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvni O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lariga va budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlariga qaratish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ijro hujjati bo‘yicha davlat budjetidan mablag‘lar olish uchun ijro hujjatida kimning foydasiga budjet mablag‘lari o‘tkazilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs arizani (agar ijro hujjatida mablag‘larni tuman budjetidan undirish nazarda tutilgan bo‘lsa) tuman hokimligining moliya bo‘limiga taqdim etishi belgilangan.

2020 yil 8 iyul kuni «SM GRAND GIGANT STROY» MChJ tomonidan Qibray tumani moliya bo‘limiga ariza taqdim etilgan bo‘lsa-da, ijro hujjati nega hanuzgacha ijro etilmayotganini aniqlash uchun yuqori turuvchi organ – Toshkent viloyati moliya boshqarmasiga bog‘landik.

Moliya boshqarmasi vakili ushbu holatda kompensatsiyani moliya bo‘limi emas, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 dekabrdagi 1047-son qarorida nazarda tutilgan tartibda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan hududiy jamg‘arma to‘lab berishi lozimligini, summani undirish uchun tashkilot ushbu jamg‘armaga ariza bilan murojaat qilishi lozimligini bildirdi.

Qiziq holat. Aynan o‘sha jamg‘arma kompensatsiyaning qolgan qismini to‘lab berishdan bosh tortgan. Agar jamg‘armaning to‘lab berish niyati bo‘lganida sudgacha olib bormay boshidan kompensatsiyaning hammasini to‘liq to‘lagan bo‘lmasmidi?

Sud kompensatsiyaning qolgan qismini to‘lab berish majburiyatini hududiy jamg‘arma zimmasiga emas, Qibray tumani hokimligiga yuklagan. Har holda sudning hal qiluv qarorida shunday ko‘rsatilgan. Nega moliya boshqarmasi sud qarorini bunday talqin qilayotgani tahririyatga noma'lum. Shunisi ma'lumki, hokimlikning moliya bo‘limi bu summani to‘lab berishdan bosh tortyapti. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 13 maydagi 120-sonli qaroriga ko‘ra, ushbu holatda moliya bo‘limi javobgar ekani belgilangan. Qolaversa, yuqorida tilga olingan hududiy jamg‘armani shakllantirishning eng asosiy manbasi viloyat hokimligi budjeti hisoblanadi.

Ushbu vaziyat bo‘yicha izoh olish uchun MIB axborot xizmati bilan bog‘landik. Berilgan ma'lumotga ko‘ra, MIB Qibray tuman bo‘limi tomonidan mazkur ijro hujjati bo‘yicha ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, qaror nusxasi taraflarga yuborilgan, 2020 yil 13 iyul kuni moddiy zarar pullarini 5 kunlik muddat ichida to‘lab berish haqida tuman hokimligiga talabnoma ham yuborilgan, shuningdek qarzdorning mol-mulkini aniqlash maqsadida qonunga binoan tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilgan va olingan javob xatlariga ko‘ra, tuman hokimligi nomida turgan 6 ta avtotransport vositasiga nisbatan 2020 yil 6 oktabr kuni taqiq qo‘yilgan.

Bundan tashqari, ijroni ta'minlash maqsadida 2020 yilning 28 iyul kuni budjet tashkilotining moliyaviy majburiyatlari bo‘yicha undiruvni davlat budjetining va budjet tashkilotlarining pul mablag‘lariga qaratish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ijro qilish uchun tuman g‘aznachilik bo‘linmasiga yuborilgani ma'lum qilindi.

Aytish kerakki, MIB Qibray tuman bo‘limi tomonidan bir qancha rasmiyatchiliklar bajarilgan bo‘lsa-da, ijroni ta'minlash uchun qonunda berilgan keng vakolatlaridan foydalanmay, sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Masalan, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 84-moddasiga asosan, davlat ijrochisi ijro harakatlarini amalga oshirishda qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkni xatlash, xatlangan mol-mulkni olib qo‘yish, saqlashga topshirish va realizatsiya qilishgacha bo‘lgan choralarni ko‘rishga haqli.

Tasavvur qiling: ushbu holatda qarzdor hokimlik emas, oddiy fuqaro yoki xususiy korxona bo‘lganida vaziyat qanday bo‘lardi? Taxminimizcha, ushbu holatda sud hujjatini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun berilgan 15 kunlik muddat o‘tishi bilan darhol uning mol-mulki xatlanib, xatlangan mol-mulk olib qo‘yilardi va xatlangan kundan e'tiboran ikki oy ichida uni sotish orqali undiruv ta'minlagan bo‘lardi.

Shu o‘rinda, MIB oddiy fuqarolarga qo‘llangani kabi ijroni ta'minlamagani uchun davlat tashkilotlariga ham qattiqroq choralar ko‘ra oladi, deb umid qilamiz.

Qibray tumani hokimligi esa haligacha tadbirkorni sarson qilishdan charchamayapti.

Mazkur vaziyat bo‘yicha Qibray tuman hokimligi va boshqa rasmiylardan munosabat kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov

Ko‘proq yangiliklar: