Bu voqeadan jinoyat ishi ochilgandan so‘ng xabar topdim – Madaniyat vaziri vazirlikdagi jinoiy sxema haqida

Jamiyat 20:09 / 09.11.2020 22433

«Vazir onlayn» videokonferensiyasida Madaniyat vaziri va vazirlik xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqda tarqalgan vazirlikka doir xabarlarga oydinlik kiritildi. Shuningdek, vazirlikda kutilayotgan yangiliklar, o‘zgarishlar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Videokonferensiyada Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bosh prokuror ishtirokidagi yig‘ilishda oshkor etilgan vazirlikdagi korrupsion holatlar yuzasidan berilgan savolga javob qaytardi.

«Avvalo shuni aytish kerakki, bu hol vazirlik uchun uyatli. Afsuski, men bu voqeadan jinoyat ishi ochilgandan so‘ng xabar topdim. Ya'ni tender vaqtida qatnashmaganman.

Firma tomonidan vazirlikka namuna tarzida toza grim ko‘rsatilgan. Lekin teatrlarga oddiy mahsulot yetkazilgan. Bizga teatr xodimlari shikoyat qilishganidan so‘ng jinoyat ishi ochildi», dedi vazir.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev 7 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Madaniyat vazirligining ayrim mansabdorlari o‘ziga xos jinoiy sxema yaratgani, muqaddam o‘g‘irlik va talon-torojlik jinoyatlari uchun 7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tab chiqqan I. ismli fuqaro 2019 yil fevral oyida vazirlik bosh hisobchisi lavozimiga tayinlangani haqida ma'lum qilgandi.

U o‘zining jinoiy rejalariga ko‘ra, vazirlik xaridlarini fuqaro K. va uning yaqinlariga tegishli firmalarga berish uchun 26 ming dollar ulush olgan.

Shundan so‘ng vazirlik tizimidagi teatr, madaniyat uylari va boshqa tashkilotlarga zarur grim mahsulotlari uchun tanishi K.ga tegishli firmalarga 2,6 milliard so‘m o‘tkazib berilgan.

O‘z navbatida, bu firmalar grim o‘rniga «O‘rikzor» bozoridan 264 million so‘mga arzon va sifatsiz kosmetika mahsulotlarini sotib olib, uni grim ekanligi haqida soxta hujjatlarni tuzib, vazirlikka topshirgan. Vazirlik esa madaniyat muassasalariga umuman kerak bo‘lmagan bu mahsulotlarni grim sifatida soxta hujjat qilib, ularga yetkazib beradi.

«Sxemaga ko‘ra, mahsulot narxi hujjatlarda bir necha barobar qimmat ko‘rsatilib, 2,3 milliard so‘m mablag‘ talon-toroj qilingan», degandi bosh prokuror.

Ko‘proq yangiliklar: