Germaniyada yashash afzalliklari, ish unumdorligi va nemischa tarbiya - Berlindagi o‘zbek ayoli hikoyasi

Jamiyat 16:28 / 08.11.2020 75660

Kun.uz muxbiri «Uzbek.Life» loyihasi doirasida 5 yildan buyon oilasi bilan Berlinda yashayotgan Shohida Xoliqova bilan suhbatda bo‘ldi. Hamyurtimiz Germaniyadagi hayot, nemis xalqining o‘ziga xosliklari haqidagi fikr va xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.

Shohida Xoliqova Namangan viloyatida tug‘ilgan. Toshkent davlat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Magistratura bosqichida esa dastlab Anqaradagi Yaqin Sharq texnika universiteti (METU)ning ijtimoiy fanlar yo‘nalishida o‘qib, ko‘p o‘tmay Germaniyada DAAD stipendiyasini qo‘lga kiritgan va magistraturani Berlindagi Humboldt universitetida tugatgan.

U hozirda Humboldt universitetining tadqiqot treningi (Research Training) dasturi doirasida PhD ilmiy ishini yakunlash arafasida.

2015 yildan buyon Berlinda yashayotgan hamyurtimiz – oilali, ikki farzandning onasi. Shohida ayni paytda onlayn ma'lumotlar yuristi sifatida, Microsoft'ning Bing qidiruv tizimidagi ma'lumotlar tartibini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi.

Bolalikdagi orzu

– Germaniyada ta'lim olishni maktabning 5-sinfida o‘qiyotganimdan beri orzu qilganman. Yoshligimda buvim (onamning onasi) bilan birga yashaganman. Ularning oyoqlari og‘rib, yura olmas edilar. Bir kuni televizordan Germaniya tibbiyoti haqida ko‘rsatuv berildi va bu davlatda tibbiyotning barcha yo‘nalishlari rivojlangani haqida gapirildi.

Shu ma'lumotni eshitganimdan so‘ng buvimdan: «Nega siz Germaniyaga borib, oyoqlaringizni davolatmaysiz?» deb so‘radim. Balki buni yosh bo‘lganim va har kuni kechasi uyqudan uyg‘onib, buvimning oyoqlarini uqalash yoqmagani uchun so‘ragandirman. Buvim esa: «Bolam, u yerga borish uchun otning kallasidek pul yoki otning kallasidek kalla kerak bo‘ladi. Sen yaxshi o‘qib, olim bo‘lsang, Germaniyaga borib o‘qisang, keyin meni ham o‘zing bilan olib borasan», degandilar.

Albatta, men u vaqtlarda «otning kallasidek» kalla va pul nimaligini tushunmaganman, lekin asosiysi yaxshi o‘qish kerakligini anglaganman. Ana shu suhbatdan so‘ng yaxshi o‘qiyman va Germaniyaga boraman, deya qaror qilganman.

Mening bu rejamdan maktabdagi sinfdoshlarimning ham, maktabdan keyin litseydagi o‘rtoqlarim va hatto universitetda birga ta'lim olgan kursdoshlarimning ham xabari bor edi. Sababini hammalariga aytmagan bo‘lsam ham, har doim Germaniyada magistratura bosqichida o‘qiyman, deya reja qilishim haqida bilishardi.

Aynan shu yoshliklikdagi maqsadimni amalga oshirgan holda Germaniyada magistraturada o‘qish uchun keldim. Lekin afsuski, buvim bu kunlarni ko‘ra olmaganlar.

Germaniya haqidagi ilk taassurotlar

– Ilk kelganimda juda qattiq hayajonda edim. Chunki bolaligimdan beri intilgan orzuyimga yetishgandim. Lekin boshqa tomondan, juda xavotirda edim. Chunki bir yoshli farzandimni O‘zbekistonda qoldirib, yolg‘iz ketishga majbur bo‘lganman. U vaqtda oilamdagilarning Germaniyaga borish uchun vizasi yo‘q edi. Shuning uchun dastlabki bir oyda nimani his qilganimni tushunolmaganman.

Shunga qaramay, taassurotlarim juda yaxshi edi. Berlinga ilk kelganimda o‘n kun mobaynida bizni ushbu shahar bilan tanishtirib chiqishgan. Berlindagi barcha mashhur muzey, tarixiy binolar, Germaniya parlamenti, Tashqi ishlar vazirligi – barchasiga sayohat qilib, ular haqida ma'lumot olganmiz.

Men uchun hamma narsa juda qiziq edi. Chunki shuncha vaqt borishni orzu qilgan va faqat kitob, rasmlar hamda televideniye orqali ma'lumotga ega bo‘lgan joylarimning ko‘pini o‘z ko‘zim bilan ko‘rayotgandim.

Meni hayratga solgan jihati – O‘zbekistonda ekanligimda nemislar haqida ko‘p salbiy gaplar ham eshitgandim. Ya'ni meni Germaniyaga borish fikridan qaytarish uchun ham yaqinlarim «nemislar boshqa xalqlarni yoqtirishmaydi, ular yonidagi do‘stiga ham yordam berishmaydi, juda sovuq xalq» degan asossiz gaplarni ko‘p eshitganman.

Bunday gaplar meni mazkur davlatga o‘qish uchun borish fikridan qaytarolmagan bo‘lsa-da, xayolimning bir uchida «shu gaplar rost bo‘lsa-ya», degan fikr yo‘q emasdi.

Lekin bu davlatda yashashni boshlagan ilk kunimdan bu gaplar qanchalik yuzaki ekani, insonlar bilib-bilmay, yashab ko‘rmay yoki tarixdagi bir-ikki shaxsning xatosi tufayli shunday fikrga kelganliklarini anglab yetdim. Chunki Germaniyaga kelgan ilk kunimdan boshlab va hatto hozirgi kungacha aynan nemis millatiga mansub insonlar menga har doim qiyin vaziyatlarda yordam qo‘lini cho‘zishgan. Aynan shu sababli deyarli ikki yil mobaynida Berlinda boshqa o‘zbeklar bormi, degan fikr bilan ularni qidirish haqida ham o‘ylab ko‘rmaganman. Chunki qandaydir muammoli holat paydo bo‘lsa, barchasi bo‘yicha nemis o‘rtoqlarim yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishgan.

Berlinga kelganimda dastlab shaharning ko‘rinishi menga unchalik yoqmagan. Binolarning ko‘pi eski, ko‘chalar tor, tirbandlik ko‘p, ko‘rishga arziydigan narsa yo‘qdek ko‘ringan. Buning sababi Germaniyaga kelishdan avval Turkiyada yashaganim bo‘lishi mumkin. Chunki Istanbul bilan solishtirganda Berlin xayolimda juda ko‘rimsiz shaharga aylanib qolgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan shaharning yangi qirralarini kashf etgan sayin unga bo‘lgan mehrim orta boshlagan.

Germaniyadagi ilk muammolar...

– Bu yerga kelganimda yashash uchun joy topish eng dolzarb masala edi. Berlin shahrida ijaraga joy topish doim mushkul yumush hisoblangan. Ayniqsa, yangi kelganlar hali qonun-qoida, tilni yaxshi bilmaganlari uchun bu jarayon yanada murakkablashadi.

Lekin menga nemis millatiga mansub dugonalarim har qanday muammoni hal qilishda yonimda turishgan. Oilam ham Germaniyaga kelganidan keyin asosiy qiyinchiliklar boshlangan. Chunki ularni yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish, farzandim uchun bog‘chaga borish ruxsatnomasini olish, sug‘urta bilan bog‘liq masalalarni hal qilish kabilar haqida hech qanday fikrga ega emasdik. Barcha jarayonlarni so‘rab, o‘qib-o‘rganib, sekin-asta yo‘lga qo‘yganmiz.

Bundan tashqari, Berlinda yashayotgan boshqa o‘zbeklar haqida umuman ma'lumotimiz yo‘q edi. Agar ularni ertaroq topib, yaqindan aloqa qilishni boshlaganimizda balki ilk moslashish jarayonlari osonroq kechgan bo‘lardi. Hozir esa Berlin shahri va umuman Germaniyadagi juda ko‘plab o‘zbeklarni taniymiz, ular bilan doimiy aloqadamiz.

Birgalikda bayramlarni, yig‘ilishlarni tashkillashtiramiz. Farzandlarimiz ham bir-birini tanib, ulg‘ayishmoqda. Shu sababli tug‘ilgan kun, yangi yil va shu kabi ahamiyatli kunlarda atrofimizdagi o‘zbek oilalar bilan doimo birgamiz. Agar kimdadir biror muammo yuzaga kelsa va tushunilmagan holat kuzatilsa, bir-birimizdan so‘rab, birgalashib hal etishga harakat qilamiz.

Humboldt – Germaniyadagi qadimiy universitetlardan biri

– Men tahsil olgan va hozirda tahsil olayotgan universitet – Berlin Humboldt universiteti. Jahon bo‘yicha ham, Germaniyaning o‘zida ham ta'lim berish reytingi ham yuqori o‘rinlarda turuvchi universitet hisoblanadi. U Germaniyadagi eng qadimgi universitetlardan biri hamdir, 1810 yilda ochilgan.

Hozirda taxminan 33 ming talabasi bor. Ko‘plab Nobel mukofotlari laureatlarini yetishtirgan.

Men shu universitetning Ijtimoiy fanlar bo‘limida magistraturani tamomladim. «Mustaqil O‘zbekistonda erkaklarning an'anaviy gender rolining davomiyligi» (Persistence of traditional gender roles of men in post-soviet Uzbekistan) mavzusida diplom ishini himoya qilib, magistrlik diplomiga ega bo‘ldim.

Hozirda shu bo‘limda tadqiqot trening dasturida doktorlik darajasini olish uchun ta'limni davom ettirmoqdaman. Eng so‘nggi – dissertatsiya yozish bosqichida turibman. Bu galgi ilmiy ishimning mavzusi – «Ajrimning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari: o‘zbek ayollarining tajribalari asosida ilmiy tahlil» (The Socio-Economic Consequences of Divorce: a qualitative study on the experiences of Uzbek women) deb nomlanadi. Tez orada yozib tugatib, himoya qilish niyatidaman.

Ishlash muhiti o‘zgacha

– Uch yildan ortiq Berlin School of Creative Lidership (Berlin Kreativ liderlik maktabi) nomli xususiy universitetda Data Manager (ma'lumotlar bazasi menejyeri) bo‘lib ishladim. Ishim universitetdagi barcha talabalar, sobiq talabalar, professor-o‘qituvchilar, ya'ni universitetdagi barchaning ma'lumotlar bazasini boshqarishdan iborat edi. Albatta, barcha ish maxsus bulut tizimlar (cloud system) orqali bajariladi.

Aynan shu joyda talabalarni o‘qishga qabul qilish, hujjatlarini baholash tizimlari, grant dasturlari g‘oliblari qanday aniqlanishi kabi yo‘nalishlarda ko‘plab ma'lumotlarga ega bo‘ldim. Bu universitetda ishlash meni o‘qigan sohamdan biroz boshqa sohaga olib kirdi. Chunki men ishlagan lavozim juda yuksak darajada texnik bilimga ega bo‘lishni talab etardi va unga erishishda universitet ham moddiy, ham ma'naviy tomondan qo‘llab-quvvatladi.

Natijada hozirda Salesforce CRM tizimi bo‘yicha administrator hisoblanaman va boshqa bir qator ma'lumotlarni boshqarish bo‘yicha kompyuter dasturlarini mukammal darajada o‘rgandim.

Ayni kunda Lionbridge kompaniyasida onlayn ma'lumotlar yuristi (Web Content Judge) sifatida ishlab kelyapman. Ishim Microsoft firmasining Bing ma'lumot qidirish tizimidagi ma'lumotlar tartibini nazorat qilishdan iborat.

Germaniyada ishlash muhiti O‘zbekistondagi muhitdan juda farqli. Bu yerda har bir firma imkon boricha xodimlarini rag‘batlantirib, ularga har tomonlama qulay ish sharoitini yaratib berishga katta e'tibor qaratadi. Misol uchun, men ishlagan universitetda xodimlar uchun aniq bir ish grafigi yo‘q. Har bir xodim ishga o‘zi uchun qulay vaqtda keladi, faqat kunlik belgilangan ish soatini ishlab ketsa bo‘ldi. Tush paytida kelib, yarim tungacha ishlaydimi yoki ertalab tong otmay kelib ishlaydimi, bu – xodimning qarori.

2017 yilda ham agar xodim uydan ishlashni tanlasa, unga ruxsat berilardi. Biroq ish unumdorligi albatta doimiy nazoratda. Bu kabi misollar juda ko‘p.

«Germaniyadan o‘rnak oladigan jihatlarimiz ko‘p»

– Germaniyadagi hayotning men uchun eng yoqadigan jihati – sharoitlar, moddiy va ma'naviy narsalarning bari – insonlarga qulay bo‘lishi uchun yaratilgani. Bu holatni oliy darajadagi qonunlardan tortib, oddiy jamoat transporti tizimigacha bo‘lgan barcha sohalarda ko‘rish mumkin.

Birgina ta'lim tizimini oladigan bo‘lsak, barcha davlat universitetlarida ta'lim olish bepul. Nochor talabalar doimo turli stipendiyalar bilan ta'minlanadi. Deyarli hech qaysi yo‘nalishda korrupsiyaga duch kelmaysiz (Balki bordir, lekin biz bunga duch kelmadik). Xususiy universitetlar, maktablar va bog‘chalar faoliyati ham belgilangan qonunlar asosida nazorat qilinadi.

Xususiy ta'lim muassasasidagi narxlar asossiz ko‘tarilmaydi, barchasida narx stavkasi deyarli bir xil. Davlat bog‘chalari, maktablari bepul. Faqat bog‘chada farzandingizning ovqatlanishi uchun oyiga 23 yevro to‘laysiz, xolos. Maktablarda esa bu yildan ovqatlar ham bepul beriladigan bo‘ldi. O‘quvchilar uchun jamoat transportida yurish bu yildan bepul qilindi. Avval ham qimmat emasdi.

Germaniyada 30 yoshgacha majburiy tibbiy sug‘urta tizimi amal qiladi. Undan keyin ham agar tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lmasangiz, kasalxonaga borib ko‘rinolmaysiz. Lekin agar ish joyingiz aniq yoki keladigan daromadingiz aniq bo‘lmasa, davlat tomonidan bepul sug‘urtaga ega bo‘lasiz. Ya'ni hech kim sug‘urtasiz qolib ketmaydi. Shu sababli deyarli hamma tibbiy xizmatdan muammosiz foydalana oladi.

Sug‘urta kartasi orqali kasalxonalarda bepul davolanish mumkin. Hatto qimmat operatsiyalarning ham asosiy qismini qoplaydi va juda kam qismi davolanuvchi zimmasiga tushadi.

13 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun doktor retsepti bilan yozilgan dori-darmon dorixonalar tomonidan bepul beriladi. Xuddi shu kabi bolalarni operatsiya qilish va undan keyingi tiklanish uchun o‘tkaziladigan muolajalar ham bepul. Agar farzandingiz xastaligi tufayli ishga borolmay qolsangiz, sug‘urta siz uchun maoshingizning ma'lum qismini to‘lab beradi.

Ekologiya, atrof-muhit masalalariga ham nemislar juda e'tiborli. Ayniqsa, chiqindilarni saralash tizimiga juda e'tibor berishadi. Lekin Berlin shahri u darajada toza emas. Germaniyaning boshqa shaharlari Berlinga qaraganda ancha ozoda. Hatto qishloqlar yoki ekin dalalarining o‘rtasidan o‘tgan ko‘chalarda ham ortiqcha chang yoki loy ko‘rmasligingiz mumkin.

Berlinning ozoda shahar emasligiga sabab, balki, bu yerda xorijdan kelib-ketuvchilar oqimining yuqoriligidadir. Lekin umuman olganda, Germaniya bo‘ylab barcha ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning atrof-muhit ifloslanishiga sababchi bo‘lmasligi kerakligi doimiy dolzarb mavzu hisoblanadi. Buni avtosanoatdan tortib, oziq-ovqat sanoatigacha bo‘lgan tarmoqlarda ko‘rish mumkin.

Germaniya shaharlaridagi yashillikni saqlab qolishga va daraxtlar, o‘rmonlarni ko‘paytirishga harakat qiladi. Berlinning markaziy qismlarida yirik bog‘lar anchagina ko‘p. Olmaxonlarni shaharning har yerida uchratasiz. Aynan shuning uchun ba'zida shovqinli shaharda yashayotganimizni ham unutib qo‘yishimiz mumkin.

Bolalar mustaqil fikrlashga o‘rgatiladi

– Germaniyada bolalar 8 haftaligidan boshlab bog‘chaga qabul qilinadi. Bog‘chadagi bolalarni moslashtirish jarayoni tahsinga loyiq. Bola bog‘chaga sekin-astalik bilan o‘rgatiladi.

Bunga kamida 1 oy vaqt ketadi. Avvalo, bolalar otasi yoki onasidan ayrilmagan holda 10 daqiqa davomida bog‘chada qolishadi. Bu muddat har kuni 5-10 daqiqadan uzaytirib boriladi. Agar bir haftadan so‘ng bola onasining yonida o‘tirmay, bolalar bilan o‘ynashni boshlasa, keyingi bosqichga o‘tiladi. Ya'ni onasi bolasiga hozir ketishini va bir ozdan keyin qaytib kelib, uni olib ketishini aytib, xayrlashib, tashqariga chiqib, kutib turishi kerak bo‘ladi.

Bu jarayonda bola yig‘lab janjal qilmasligi muhim. Aks holda yana onasi bilan birga bo‘lish jarayoni davom etadi. Ona tashqarida avval o‘n daqiqa kutib, yana qaytib keladi va kelganida: «Men seni olib ketish uchun keldim», deb aytishi kerak. Bolalar tushunsa ham, tushunmasa ham har bir harakat tushuntirilishi lozim.

Keyingi kunlar bu muddat oz-ozdan uzaytirib boriladi. Toki bola kamida 2 soat davomida ota-onasisiz bog‘chada yolg‘iz qola oladigan bo‘lguniga qadar. Shunday yo‘l bilan bola qo‘rquv va xarxashalarsiz bog‘chaga boradigan bo‘ladi.

Maktab yoshi Germaniyada 6 yoshdan boshlanadi. Bola maktabga borish uchun 3ta maktabni tanlaydi. Ulardan qaysi biri uni qabul qilsa, o‘sha maktabga borib o‘qiydi yoki odatda bola yashayotgan joyga eng yaqin bo‘lganiga borib o‘qiydi.

Mening qizim nemis-rus maktabiga boradi. Darslar soat 8:15dan 16:00gacha davom etadi. Ishlaydigan ota-onalarning bolalari uchun ertalab soat 6:00dan va kechki vaqt 16:00dan keyin maxsus nazorat ta'lim mavjud. Bolalar shu vaqtdan maktabga borib yoki darslardan keyin qolib o‘qituvchilar nazorati ostida turli foydali mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishadi.

Maktabda bir mahal tushlik beriladi. Tushlikda qanday ovqat berilishini onlayn menyu orqali har bir ota-ona o‘z farzandi uchun oldindan tanlaydi.

Germaniyada universitetga qabul qilinish uchun 6-sinfdan boshlab yig‘ilgan ballar majmuyi va so‘nggi imtihon balli hisobga olinadi.

O‘zbekistondagi maktab va bog‘chalarda ham Germaniyadagi ta'lim berishga bo‘lgan yondashuvni tatbiq qilgan bo‘lardim. Chunki bu yerda bolalarni 1 yosh bo‘lmasidan mustaqil fikrlashga, har ishni mustaqil bajarishga o‘rgatishadi. Bir yoshli bolaga o‘yinchoqlarni o‘ynaganidan keyin joyiga qaytarib qo‘yishni, ovqat yeb bo‘lgach, idishlarni joyiga olib borishni, ularni saralashni o‘rgatishadi.

Biz 3 yoshgacha ham farzandimizga o‘zimiz ovqat yedirsak, ba'zi nemis oilalarida 7 oyligidan boshlab «o‘zi yesin» deb ovqatni bolaning oldiga qo‘yishadi.

Bola ilk yoshidan tanlov nima ekani, qaror qabul qilishni tushunadi. Agar tashqariga chiqib o‘ynashni istamasa, tashqariga olib chiqilmaydi. Xohlovchilargina olib chiqiladi. Xuddi shunday, agar bola tush payti uxlashni istamasa, ularni uxlashga majbur qilishmaydi.

Bunday tarbiya orqali o‘z fikriga ega va o‘zi bajargan barcha ish bo‘yicha ma'suliyatni to‘liq bo‘yniga olgan, asosiysi, qo‘rquv va tazyiqdan yiroq insonlarni tarbiyalash maqsad qilingan. Xuddi shu yondashuv maktab, keyin esa oliy o‘quv yurtlarida ham davom etadi.

«Nemis tilini bilgan o‘zbeklar uchun Germaniyada yashash qiyin emas»

– Menimcha, oz bo‘lsa-da, nemis tilidan xabardor bo‘lgan odamga Germaniyada yashash qiyinmas. Chunki bu yerda eng kam ish haqi to‘lanadigan ish bilan ham bemalol, qiynalmasdan yashash mumkin.

Boshqa rivojlangan davlatlar kabi, bu yerda ham eng katta xarajat – uy ijarasi. Ayniqsa, Berlinda uy ijarasi narxlari soat sayin o‘sayotgandi. Lekin hukumatning o‘tgan yili qabul qilgan qarori uy ijarasi uchun istalgan narxni belgilash tizimini nazoratga oldi. Lekin shunda ham ishlab topilgan maoshning eng katta qismi uy ijarasi uchun sarflanadi.

Bir xonali uylar ijarasi oyiga 600 yevrodan boshlanadi. Ikki yoki uch xonali uylar ijarasi esa asosan 1000 yevrodan boshlanadi. Kommunal to‘lovlar odatda uy ijarasiga qo‘shib hisoblanadi. Internet, elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlar esa alohida, ular ijara puliga kiritilmaydi.

Ta'lim olish xarajatlariga kelsak, agar davlat maktabi yoki universitetlarida o‘qiyotgan bo‘lsangiz, bepul ta'lim beriladi. Faqat universitetlarda har semestrda 315 yevro miqdoridagi to‘lov mavjud. Bu pul ham talabaning o‘ziga bir semestr uchun jamoat transportida yurish uchun chipta holida qaytariladi. Xuddi shunday tartib boshqa davlatdan kelgan talabalar uchun ham amal qiladi.

Germaniyaga o‘qish, yashash uchun bormoqchi bo‘lgan vatandoshlarga maslahatlaringiz?

– Germaniya – o‘qish, yashash va ishlash uchun kelish mumkin bo‘lgan Yevropadagi eng yaxshi davlatlardan biridir. Juda samarali yo‘lga qo‘yilgan ijtimoiy himoya tizimi, maktab ta'limining sifati, sug‘urta va tibbiy yordam olish imkoniyatlarining qulayligi va soddalashtirilgani – bularning barchasi mazkur davlatda yashovchilarning hayotini qulaylashtiruvchi omillar hisoblanadi.

Buni aynan o‘zimning Germaniyadagi 5 yillik hayotimdan kelib chiqib aytyapman. Oilaviy yashash uchun ham barcha imkoniyatlar bor. Germaniyaga kirib kelgan barcha bolalar uchun ham u davlatga kirib kelgan kundan boshlab bola puli (Kindergeld) to‘lanadi. Hozirgi kunda bu summa har birinchi va ikkinchi farzand uchun 204 yevro, uchinchi farzand uchun esa 210 yevro, to‘rtinchi farzanddan boshlab esa 235 yevroni tashkil etadi.

Misol uchun, agar 3 nafar farzandli oila o‘qish yoki ishlash uchun Germaniyaga kelsa, har oy 3 nafar farzandiga ular 27 yoshga yetguniga qadar davlat tomonidan 618 yevro to‘lanadi. Bu mablag‘ bilan bolalarning xarajatlarini bemalol qoplash mumkin.

Bu davlatda yaxshi yashab, yaxshi ishlash uchun nemis tilini bilish juda muhim. Ingliz tilida so‘zlashuvchilar ham juda ko‘p. Lekin ko‘plab davlat idoralari, shifoxonalar, bog‘chalar, maktablarda ishlovchilar aksariyat holda faqat nemis tilini bilishadi.

Undan tashqari, ingliz tilida ish topish nemis tilida ish topishga qaraganda ancha qiyinroq. Shu sababli ish yoki o‘qish uchun kelmoqchi bo‘lganlar nemis tilini o‘rganib kelishsa, moslashish jarayoni ancha oson kechadi.

«Xayolimiz doim O‘zbekistonda...»

– Musofirlikda inson, eng avvalo, yaqinlari, ota-onasining qadriga yetishni boshlaydi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtni qanchalik sevishini tushunib yetadi. Bu yerda yashayotgan o‘zbeklarning deyarli 90 foizi bir kuni yurtimga qaytaman, deb yashashadi. Shuncha imkoniyat, O‘zbekistondagiga qaraganda yengil hayotda yashayotgan bo‘lishi, farzandlari yuqori sifatli ta'lim olayotganiga qaramay, o‘z yurtimizga qaytamiz, deyishadi.

Bu yerda butunlay qolishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonlikni hali uchratmadim. Bizda ham xuddi shunday.

Ayniqsa, O‘zbekistonga borib qaytganimizga uzoqroq muddat bo‘lgan bo‘lsa, chiroqsiz o‘tgan kunlarni ham, loyga botgan ko‘chalarni ham, qotgan nonlarni ham sog‘inishni boshlaymiz. Inson aynan musofirlikda vatan degan tushuncha aslida nima ekanini anglab yetarkan.

Boshqa davlatda yashaymiz-u, lekin xayolimiz doim O‘zbekistonda bo‘ladi. O‘zbekistondagi yangiliklarni o‘qiymiz, u yerda bo‘layotgan o‘zgarishlarni kuzatamiz va hatto kelajak uchun biror nimani rejalashtirsak, uni O‘zbekiston bilan bog‘lashga harakat qilamiz.

Qisqacha qilib aytganda, bunday tuyg‘u har bir insonning qalbida bor. Faqat inson vatanidan uzoqlashganida u o‘zini ochiq namoyon qilarkan.

Gulzoda Ibrohimova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: