Davlat tashkilotlari ozar investorini «koptok» qilmoqda. 3 kunlik ish 3 oyda ham bitmadi

Jamiyat 20:10 / 05.11.2020 17630

Shu yil 17 avgust kuni «LABCENTER» MChJ korxonasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) to‘g‘risida bitim imzolanadi. Unga ko‘ra, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filiali hududidagi 550 kv. metr yer maydonida DXSh asosida tibbiy laboratoriya tashkil etilishi kerak edi.

Lekin hanuzgacha «LABCENTER» MChJ o‘z ishini boshlay olmayotgani ortidan chet ellik investor ham hammasiga qo‘l siltab, mamlakatdagi investitsiyaviy muhit haqida salbiy xulosalari bilan mamlakatdan chiqib ketish arafasida turibdi.

Bir qarashda hammasi juda oddiy – onkologik kasalliklar soni yildan yilga ortib bormoqda, ularni erta tashxislash va davolash masalasi nihoyatda muhim. Bemorlarning turnaqator navbatlarini kamaytirish uchun sohaga turli yangiliklar, investorlar kirib kelishi, yangi muassasalar ochilishi ayni muddao bo‘lardi. Ammo investor sarmoya kiritaman desa-yu, unga ishlash imkoni berilmasa, mutasaddilar amaliy ko‘mak berish o‘rniga vazifalarini amallab o‘zidan soqit qilishga urinsa, qandaydir siljishga umid qilish mumkinmi?

Tahririyatga murojaat qilgan Asqar G‘ozixonov o‘z direktorligidagi «LABCENTER» MChJ davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi uchun bir yildan ortiqroq yugurgani, bitim imzolangach Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar hokimligiga yer ajratishni so‘rab murojaat qilgani, lekin hokimlik Yer kodeksining 23-moddasini asos qilib keltirib, yer ajratish jarayonini noto‘g‘ri talqin qilayotgani haqida so‘zlab berdi.

2019 yilda prezident qarori bilan tasdiqlangan Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida nizomning 57-bandiga ko‘ra, DXSh to‘g‘risidagi bitim tuzilgan kundan boshlab 1 kun muddatda davlat sherigi (SSV) xususiy sherik («LABCENTER» MChJ)ning arizasini, shuningdek, vakolatli organ va tashkilotlarning yer uchastkasini tanlash bo‘yicha ma'lumot va xulosalarini Toshkent shahar yoki tuman hokimligiga bitimda ko‘rsatilgan shartlarda yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun yuborishi lozim edi.

Shuningdek, ushbu nizomning 58-bandiga ko‘ra, Toshkent shahar yoki tuman hokimligi 3 kun muddatda xususiy sherikka yer uchastkasini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qilishi va qarorni poytaxt kadastr idorasiga yuborishi hamda bu haqda davlat sherigini xabardor qilishi belgilangan.

«LABCENTER» MChJ korxonasi va SSV o‘rtasida bitim imzolangach, nizom talablariga muvofiq vazirlik Toshkent shahar hokimligiga yer ajratish to‘g‘risida qaror chiqarishni so‘rab murojaat qiladi.

Hokimlik javob xatida Yer kodeksining 23-moddasini asos qilib keltiradi hamda tibbiyot muassasasi yer maydoni Toshkent shahar hokimligining zaxira fondiga o‘tkazilganidan so‘ng hukumatning tegishli nizomi asosida berilishini ma'lum qiladi.

Yer kodeksining 23-moddasida yer uchastkalari hokimlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratib berilishi, shuningdek egalikdagi, foydalanishdagi, ijaradagi va mulk qilib berilgan yer uchastkasini boshqa shaxslarga berish (realizatsiya qilish) faqat shu uchastka belgilangan tartibda olib qo‘yilganidan (sotib olinganidan) keyin amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Toshkent shahar hokimligi Markaz foydalanishidagi yer maydoni o‘rnatilgan tartibda (yerdan foydalanuvchining murojaati asosida) Toshkent shahar yer zaxira fondiga o‘tkazilganidan so‘ng, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi 63-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun berish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bobida belgilangan tartibda yer uchastkasini ajratish bo‘yicha materiallar tayyorlanishini ma'lum qilgan.

«Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasida yer uchastkasi xususiy sherikka DXSh to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish uchun shartnoma asosida tanlov o‘tkazmasdan berilishi belgilangan.

«Prezident qarorida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan obektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga topshirilishi belgilangan, biz ushbu shartlarning barchasiga ko‘nib ish boshlamoqchi edik. Buning ortidan 20dan ortiq mutaxassislar ishli bo‘lib qolardi, davlat budjetiga katta soliqlar to‘lardik, bundan tashqari davlat sherigining qanchalab noyob laboratoriya tahlillarni unga arzon narxda qilib berishimiz mumkin edi» – deydi investorning O‘zbekistondagi vakili Asqar G‘ozixonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, investor tomonidan bu kabi laboratoriyalar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida bir necha oy ichida qurilib, ishga tushgan. O‘zbekistonda esa loyiha mualliflari deyarli 1,5 yildan buyon sarson bo‘lib yuribdi.

Asqar G‘ozixonov – «LABCENTER» MChJ direktori

Investor taklif etgan tibbiy laboratoriyadan O‘zbekistonga qanday foyda bor?

Bitimga ko‘ra, xususiy sherik tibbiy laboratoriyaning ixtisoslashtirilgan binosini loyihalash, qurish, moliyalashtirish, jihozlash va aholiga tibbiy va notibbiy xizmatlar ko‘rsatishni o‘z zimmasiga oladi hamda bitim muddati tugagandan so‘ng obektni barcha modifikatsiyalari, inventarlari va tibbiy asbob-uskunalari bilan Davlat sherigiga topshiradi.

Bundan tashqari, bitimda obekt qaytarilayotganda soz holatda, ekspluatatsiya qilish muddati kamida 5 yil, inventarlar va tibbiy asbob-uskunalarning yaroqlilik muddati kamida 1 yil bo‘lishi belgilangan.

Bundan tashqari, xususiy sherik o‘zi qurayotgan laboratoriya hisobidan davlat sherigiga bir qancha turdagi laboratoriya xizmatlarini quyidagi hajm va arzon narxlarda taqdim etadi.

Hokimlik bilan yuzaga kelgan ushbu vaziyat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi mutaxassisi Jasur Karimov Kun.uz’ga bergan izohida SSVga berilgan javobdan tashqari, vazirlik Sog‘liqni saqlash sohasida DXSh to‘g‘risidagi nizom shartlarini to‘liq bajarmaganini ma'lum qildi.

«Nizomga ko‘ra, bitim bilan birgalikda vakolatli organ va tashkilotlarning yer uchastkasini tanlash bo‘yicha ma'lumot va xulosalari Toshkent shahar hokimligiga topshirilishi kerak. Lekin davlat sherigi, ya'ni Sog‘liqni saqlash vazirligi hokimlikka bunday xulosalarni taqdim qilmagan, qila olmaydi ham, bu ularning vakolatida emas» – dedi hokimlik mutaxassisi.

Jasur Karimov Toshkent shahar hokimligining o‘zi FVV, ekologiya xizmati, kommunal xizmatlar, sanitariya-epidemiologiya xizmati kabi tashkilotlardan bunday xulosalarni olishi mumkinligini, buning uchun ushbu yer maydoni hokimlikning yer zaxira fondiga o‘tishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

SSV esa o‘zining balansida turgan yer maydonini hokimlik zaxirasiga o‘tkazishga rozi emas.

Ma'lum qilinishicha, qarshilikning asosiy sababi – sheriklik bitimining muddati tugagach, yer maydoni hokimlik ixtiyorida qolib ketishi xavfi borligida.

Lekin, Jasur Karimovning aytishicha, 20 yildan so‘ng yer maydoni binolari bilan SSV balansiga qaytariladi. Mutaxassis buning kafolati sifatida DXSh bitimidagi shartlarni ta'kidladi.

Ushbu sohada Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklik agentligi vakolatli organ sanaladi. Agentlik bosh mutaxassisi Sanjar Jumayevning so‘zlariga ko‘ra, qonunchilikka muvofiq, umumiy qiymati 1 million AQSh dollariga qadar bo‘lgan ekvivalentdagi DXSh loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash tegishli davlat organi (tashkiloti) tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi. Ya'ni ushbu loyiha SSVning mutlaq vakolati doirasida amalga oshiriladigan ish bo‘lib, agentlik bu loyihaning kamchiliklarini ko‘rib, ularni bartaraf qilishda investorga vakolati doirasida barcha yordamni bergan.

«Hozirda investorga yer ajratish muammosi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida kelib chiqmoqda. SSV nima uchun o‘ziga tegishli yerni sherigiga berish uchun hokimlikka murojaat qilgan, bilmaymiz. Bundan tashqari, vazirlik bizga investor bilan shunday muammolar bo‘layotgani haqida rasmiy murojaat ham qilmadi» – deydi Sanjar Jumayev.

U agar ikki tashkilot o‘rtasida qonunlarni qo‘llashda ixtilof paydo bo‘lsa, Adliya vazirligiga murojaat qilish kerakligini qo‘shimcha qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Kamolxo‘ja Eshnazarovning aytishicha, DXSh sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar takomillashib bormoqda, lekin bunday masalalar bilan avval ishlamagan ko‘plab mahalliy davlat hokimiyati organlari, xususan, hokimliklar DXSh tamoyillarini va uni qo‘llash mexanizmlarini bilmaydi.

«Masalan, «LABCENTER» MChJga yer ajratishga qaror chiqarish uchun Toshkent shahar hokimligi vakolatli organlarning xulosalari kerakligini aytdi. Vaholanki, kommunal xizmatlar, ekologiya, sanitariya, FVV kabi tashkilotlarning xulosasi elektron tizim orqali Toshkent shahar kadastr boshqarmasi tomonidan yig‘ib beriladi. Boshqarma esa Toshkent shahar hokimligiga bo‘ysunadi», – deydi SSV mas'uli.

Shundan so‘ng Kamolxo‘ja Eshnazarov Toshkent shahar hokimligi mutaxassisi bilan bizning guvohligimizda telefon orqali suhbatlashdi. Suhbat yakunida ikkala taraf ham qonunlarni qo‘llash, yer ajratish tartibi borasida o‘zlari amaliyotda qo‘llab kelgan tartib-qoidalar borasida bir-biridan turlicha fikrda ekani ma'lum bo‘ldi.

Shunga qaramay, muammoni tezroq hal qilish uchun 30 oktabr kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev nomiga yozilgan xususiy sherikning arizasi va davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning nusxasi topshirilgani ma'lum qilindi.

Hozirda topshirilgan ushbu ariza asosida kadastr boshqarmasi vakolatli organlar bilan kelishish va ularning roziligini olish ishlarini boshlashi kerak. Vazirlikning ma'lum qilishicha, bunday ishlar odatda 5 ish kunida hal bo‘ladi.

Bundan tashqari, Eshnazarov Davlat-xususiy sheriklik agentligi investor bilan bo‘layotgan muammolardan xabardor ekanini, ularga bu haqda bir necha marotaba og‘zaki ma'lumot berilganini ma'lum qildi. Shuningdek, u SSV nomidan Adliya vazirligiga ham xat orqali yer ajratishda muammolarga duch kelinayotgani haqida xabar berilganini, hozircha Adliya vazirligidan javob kelmaganini qo‘shimcha qildi.

Mas'ullar muammoni hal qilish uchun amaliy ish boshlashdimi yoki yo‘qmi, bilmaymiz. Bizda esa bir qancha savollar ochiq qolmoqda.

Prezident qarorida bitim imzolanib (17 avgustda) hokimlikka yuborilgach, 3 kun ichida yer ajratib berilishi kerak bo‘lgan tadbirkor nega hamon qog‘oz ko‘tarib, idorama-idora sarson bo‘lib yuribdi?

Shu o‘rinda bir qiziq holat diqqatimizni tortdi, nomlarga e'tibor qarating: «Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklik agentligi», «Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish boshqarmasi», «Toshkent shahar hokimligi».

Naqadar jarangdor nomlar. Ammo xorijdan «sizlab» olib kelingan investor mamlakatdagi investitsiyaviy muhitdan hafsalasi pir bo‘lib, mamlakatni tark etish arafasida turibdi-yu, nomidan ot hurkadigan bu tashkilotlar muammoni hal qilish o‘rniga bir-birlaridan ayb qidirish bilan ovora.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Farrux Absattarov,
Abbos Salaydinov.

Ko‘proq yangiliklar: