Unda yig‘ilganlarga AOKA faoliyatining istiqboldagi yo‘nalishlarini muhokama qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlarni amalga oshirishda agentlikning davlat va jamoat organlari bilan hamkorligini kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish bo‘yicha yo‘l xaritasi e'lon qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining «Pandemiya sharoitida AOKA o‘ziga xos axborot maydoniga aylangandi. Endi ham bu faoliyat davom ettiriladimi? Xususan, KoronavirusInfo telegram kanalining keyingi taqdiri nima bo‘ladi?» degan savoliga agentlik rahbari Asadjon Xo‘jayev shunday javob berdi:
– Pandemiya davomiyligi yoki tugashidan qat'i nazar AOKA axborot maydoni bo‘lib qolaveradi. Muntazam o‘tkazilayotgan brifinglar albatta davom ettiriladi. Shu bilan birga, boshqa axborot maydonlari bilan ham sog‘lom raqobat va hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz. Jumladan, Milliy matbuot markazida doimiy axborot anjumanlarini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qilyapmiz. Chunki barcha yirik davlat tashkilotlari, agentliklar, qo‘mitalar, inspeksiyalar, yirik kompaniyalar har oyda o‘z faoliyatlari to‘g‘risida ma'lumot yetkazib turishlariga erishishimiz kerak.