MIB: Qo‘qonda kreditga kafil bo‘lgan tadbirkordan 50 ming dollar undirildi

Jamiyat 17:55 / 03.11.2020 6906

Qo‘qon tumanlararo iqtisodiy sudining 2020 yil 22 iyuldagi 4-1502-2003/248-sonli ijro varaqasiga ko‘ra asosiy qarzdor «AGRO GREEN CITY» MChJ va kafil «Mill Progress» MChJdan AT «Aloqa bank» Toshkent shahar Mirobod filiali foydasiga 7 mlrd 10 mln 359,3 ming so‘m undirish belgilangan bo‘lib, Byuroning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan mazkur ijro varaqa bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borilgan.

«Bankdan taqriban 7 mlrd so‘m kredit olgan «AGRO GREEN CITY» MChJ kredit qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlagach, tabiiyki kredit olinishi jarayonida kafil bo‘lgan va o‘z mol-mulklarini garovga qo‘ygan «Mill Progress» MChJdan undirilishi belgilangan.

Ijro varaqasida ko‘rsatilgan qarzdor «Mill Progress» MChJ mansabdor shaxslari dastlab kredit qarzini to‘lashni paysalga solib ko‘rdilar, biroq davlat ijrochisi tomonidan Qo‘qon shahar Turkiston ko‘chasida joylashgan 2,4 gektar yer maydonidagi 177ta xonadan iborat bo‘lgan ko‘chmas mulk inshootini xatlash ishlari boshlab yuborilgach, 2020 yil 30 oktyabrda 50 ming AQSh dollari yoki 517 mln so‘m qismini naqd shaklda to‘lab berdi.

Majburiy ijro harakatlari asosiy qarzdor «AGRO GREEN CITY» MChJ mansabdor shaxslarini ham uyqudan uyg‘otdi, hozirda qarzdor taraf AT «Aloqa banki» boshqaruvi bilan mediativ kelishuvni amalga oshirishga kirishib ketgan», deyiladi MIB matbuot xizmati xabarida.  

Ko‘proq yangiliklar: