Korrupsiyani o‘rganuvchi jurnalistlarning aksari tahdidga uchraydi, yarmidan ko‘piga tuhmat qilinadi - tadqiqot

Jamiyat 01:14 / 03.11.2020 5581

Sentabr-oktabr oylarida o‘tkazilgan so‘rovda 41 mamlakatdan 63 nafar surishtiruv jurnalistikasi vakili ishtirok etgan. Ular  orasida O‘zbekistondagi jurnalistlar yo‘q, Markaziy Osiyodan Qozog‘iston va Qirg‘iziston jurnalistlari qatnashgan.

Tadqiqotdan maqsad – jahon miqyosida moliyaviy jinoyatlar va korrupsiya holatlari yuzasidan surishtiruv o‘tkazuvchi jurnalistlarga bo‘layotgan tahdidlar va ular o‘z kasbi orqali bo‘yniga olayotgan risk ko‘lamiga baho berishdir.

Hisobotning asosiy xulosalariga ko‘ra:

  • Respondentlarning aksariyati (71 foiz) moliyaviy jinoyatlar va korrupsiya holatlari yuzasidan surishtiruv olib borayotganida tahdidlar va/yoki ta'qiblarni his qilayotganini ma'lum qilgan.
  • So‘ralgan jurnalistlarning deyarli barchasi og‘zaki tahdid (81 foiz), ijtimoiy tarmoqlardagi trolling (79 foiz) va yozma tahdidga (70 foiz) duch kelganini bildirgan.
  • Tadqiqot ishtirokchilarining 50 foizdan ortig‘i tuhmat kampaniyasiga uchragan, ma'lum bir yo‘nalishdagi xatti-harakatlarini to‘xtatish talab qilingan rasmiy xatlar olgan, ham onlayn, ham offlayn kuzatuvga olingan, rasmiylar tomonidan so‘roq qilingan.

«Moliyaviy jinoyatlar va korrupsiya bo‘yicha surishtiruvlar o‘tkazuvchi jurnalistlar keng miqyosda risklar va tahdidlarga duch kelishyapti, bu esa ularning jamoatchilik manfaatiga doir juda muhim masalalarni ochiqlash bo‘yicha faoliyatini davom ettirishlariga to‘siq bo‘ladi», – deya xulosa qilgan Foreign Policy Centre loyiha direktori Syuzan Kutri.

Ma'lumot uchun, BMT Bosh Assambleyasining 2013 yil 18 dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 2 noyabr dunyo miqyosida Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini to‘xtatish xalqaro kuni deb e'lon qilingan.

Rezolyutsiyada BMTga a'zo barcha mamlakatlar jurnalistlarning xavfsiz faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratish, jurnalistlarga nisbatan sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarga nisbatan zarur choralarni ko‘rishga chaqirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: