Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiy xodimlarni kasbiy malakasini rivojlantirish markazining Valeologiya kafedrasi mudiri Shuhrat Irgashev bilan suhbat uyushtirdi. Unda jismoniy faollikka rioya qilish uchun nima qilish kerakligi borasida ma'lumotlar berilgan.
— Inson tanasi doimiy harakatlanib turishga moslashgan. Sababi ko‘p asrlar burun odamlar ham boshqa jonzotlar kabi o‘z ozuqasini jismoniy harakati orqali topgan. Ammo so‘nggi asrda insonlar ko‘proq aqliy mehnat orqali kun ko‘radigan bo‘ldi. Bu esa kamharakatlik oqibatida kelib chiquvchi bir qator kasalliklar ko‘payishiga olib keldi.
kamharakatlik butun dunyoning o‘tkir muammosiga aylanayotgan hozirgi davrda holsizlik, uyquning buzilishi, diqqat-eʼtiborni jamlay olmaslik, xotira pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik kabi belgilar har bir kishida uchraydi. Lekin kamdan kam odamlar bu holatlarni kamharakatlik bilan bog‘laydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, yiliga chekishdan 5 million nafar, kamharakatlikdan esa bundan ham ortiq inson qurbon bo‘lmoqda.
Shuningdek, ko‘pchilik kun davomida qilgan ishlarini misol keltirib, «biz jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini bajarmasak ham bo‘ladi», deb aytishadi. Ayniqsa, onaxonlarimiz «ertalab turib hovli supuraman, ovqat tayyorlayman, mana shu ertalabki badantarbiya o‘rnini bosadi», deya ta'kidlaydi. Ammo bu ishlarni bajarayotganda xato qilmaslik uchun, aqlimizni ham faol ishlatamiz. Shuning uchun bu jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga kirmaydi. Jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarida esa miya dam olib, faqatgina jismoniy harakatni amalga oshirishimiz kerak.
Kechki ovqatdan so‘ng 3-4 kilometr piyoda sayr qilish taomning yaxshi hazm bo‘lishiga foyda beradi. Shuningdek, kishining jismoniy faolligini ham oshirib, ko‘p kasal bo‘lishning oldini oladi. Ertalabki yarim soatlik yengil jismoniy mashg‘ulot esa, kun davomida o‘zimizni tetik his qilishimizni ta'minlaydi. Kun davomida har ikki soatda besh-o‘n daqiqa jismoniy harakat qilish, keyingi bir-ikki soat davomidagi ish samaradorligimiz ikki barobarga ortishiga sabab bo‘ladi.
Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklariga chalinish ehtimolini 20 foizga kamaytiradi.
Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo‘lishiga va energiya bilan ta'minlanish yaxshilanishiga olib keladi. Shu bois jismoniy faollik sog‘lom turmush tarzining eng asosiy qoidalaridan biri hisoblanadi.