Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Sevara Ubaydullayeva AOKAda o‘tkazilgan brifingda qanday holatlarda homiladorlarga MSKT-tekshiruvi o‘tkazilishi haqidagi savolga javob berdi.
«Koronavirusga chalinganda o‘pkaning jarohatlanishi darajasini aniqlash uchun MSKT tekshiruv usulidan foydalanish tavsiya etiladi. Bu usulda o‘pkaning jarohatlanish darajasiga qarab kasallik yengil, o‘rta og‘ir yoki og‘ir darajada kechayotgani bo‘yicha tashxis qo‘yish imkoni mavjud.
Shu bois, bu tekshiruv usuli kasallikning 5-7 kunlaridan so‘ng bemorda yo‘tal va hansirash belgilari kuchayishi kuzatilganida o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Homiladorlik davrida bu usuldan foydalanish aslida mumkin emas, bu usuldan foydalanish uchun ayolning hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan jiddiy holatlar kuzatilayotgan bo‘lishi lozim.
Savolingizdagi homilador ayolda esa yo‘tal va hansirash belgilari bo‘lgani bois, unga shifokor MSKT tavsiya etgani ko‘rinib turibdi. Lekin shu o‘rinda to‘xtalishimiz kerak bo‘lgan holat bor, bu tekshiruvni tavsiya qilish uchun ko‘rsatmalardan e'tibor berish kerak bo‘lgan asosiy holatlardir, ya'ni:
- shifokor tomonidan homilador shikoyatlaridan tashqari kasallikka oid ma'lumotlarni to‘liq o‘rganishi, ya'ni koronavirusga chalinganlar bilan kontaktda bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlashi kerak;
- shifokor tomonidan homilador salomatligi ko‘rsatkichlarini o‘rganish uchun umumiy ko‘ruv o‘tkazishi kerak.
Agarda homilador ayolning hayotiga xavf solishi mumkin holat aniqlansa, bu tekshiruv usulni tavsiya etishi kerak, chunki inson hayotiga xavf soladigan holatda homiladorlarga kam miqdorda bo‘lsa ham, uni dozasini nazorat qilish imkoni bilan MSKT tekshiruvi o‘tkaziladi. MSKTda nurlanish mavjud va shuni unutmasligimiz kerakki, bu nurlanish homilaga ta'sir etishi mumkin. Lekin, bu nurlanish ta'sirini o‘rganish imkoniyati ham mavjud.
Ya'ni, murojaatingiz bo‘yicha, shunday xulosa berishimiz mumkin, shifokor ko‘rsatmasi asosida MSKT o‘tkazgansiz va bu nurlanish bolaga ta'sir etishi sizni xavotirga solayotgan bo‘lishi mumkin.
Bu holatda, oldindan turli xulosa chiqarib, o‘zingizni xavotirga qo‘ymaslikka xarakat qiling, yashash joyingiz bo‘yicha oilaviy poliklinika shifokori va ginekologga uchrashing. Bolaga nurlanish ta'sir etishi yoki unda qandaydir o‘zgarishlar paydo qilish mumkinligini aniqlash uchun maxsus tekshiruv usullari mavjud, shu tekshiruv usullardan o‘tishingiz talab etiladi va undan so‘ng xulosa chiqarish mumkin», dedi shtab a'zosi.