Dehqonobod kaliy zavodiga sayohat: bu yerda ruda 300 metrdan ziyod chuqurlikdan qazib olinadi

Jamiyat 12:21 / 02.11.2020 6585

Quyidagi suratlarda tasvirlangan g‘alati shakllar nimaning hosilasi ekanini bilasizmi? Bu suratlar kaliy o‘g‘iti ishlab chiqarishda foydalaniladigan asosiy xomashyo — silvinit rudasi qay tarzda qazib olinishini ko‘rsatadi.

Ruda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida joylashgan kaliy zavodining 300 metrdan ziyod chuqurlikdagi tog‘-kon shaxtasida qazib olinadi.

«O‘zkimyosanoat» AJ tomonidan faoliyat ko‘rsatayotganiga 10 yil bo‘lgan Dehqonobod kaliy zavodiga press turda OAV xodimlari zavodning ish faoliyati hamda yer qa'rida ishlayotgan konchilar ishi bilan tanishtirildi.

Ushbu zavod Hisor tog‘ tizmasi etaklarida joylashgan.

Bir necha yildan buyon tog‘-kon shaxtasida kombayn mashinisti bo‘lib ishlab kelayotgan Jahongir Hamdamov shunday deydi:

«Shaxtada, asosan, kombayn mashinasini geologlar ko‘rsatgan yo‘nalish doirasida harakatga keltirib, rudani kovlab olamiz. Bir kunda 8 soat ishlash jarayonida o‘rtacha 350-400 tonnagacha mahsulot qazib olmoqdamiz».

«O‘zkimyosanoat» AJ matbuot kotibi Mastura Hayitova Dehqonobod kaliy zavodi ochilganidan so‘ng, O‘zbekiston jahon bo‘ylab 3 turdagi mineral o‘g‘itlar yetkazib beruvchi davlatlar qatoriga qo‘shilgani haqida aytib o‘tdi.

«Mazkur zavod ochilguncha O‘zbekistonda faqat fosforli va azotli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarilardi. Endilikda, bularning qatoriga kaliy mahsuloti ham qo‘shildi», deydi u.

Press tur ishtirokchilari xomashyoga qayta ishlov beriladigan zavodning asosiy binosiga borishdi va mineral o‘g‘itlarni qadoqlash jarayoni bilan ham tanishishdi.

Ilyosbek Mahmudov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: