Keyingi o‘quv yilidan barcha sinflarda jismoniy tarbiya darsi haftada 2 soatdan o‘tiladi

Jamiyat 02:36 / 31.10.2020 11774

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, O‘zbekistondagi umumta'lim maktablarida umumiy o‘quv soatlari doirasida jismoniy tarbiya fani barcha sinflarda haftada 2 soatdan o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

2021 yilda umumta'lim maktablariga 50 ta sport zali qurilishi uchun 100 mlrd so‘m, sport ta'lim muassasalariga 48 ta sport inshooti qurilishi uchun 400 mlrd so‘m ajratiladi.

2021 yil 10 aprelga qadar 2022-2023 yillarga mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilib, shu asosda umumta'lim maktablari sport zallari bilan to‘liq ta'minlanadi, har bir tuman(shahar)da moddiy-texnika bazasiga ega bolalar va o‘smirlar sport maktablari hamda boshqa jismoniy tarbiya va sport muassasalarining sport inshootlari quriladi va jihozlanadi.

Bundan tashqari, prezident imzolagan sog‘lom turmush tarziga oid farmonga asosan:

  • ikki oy muddatda umumta'lim, professional va oliy ta'lim muassasalarida darslar oralig‘ida (katta tanaffus vaqtida) «Sport daqiqasi» jismoniy mashqlari amaliyotga joriy etiladi;
  • darslar boshlanishidan oldin esa 2 daqiqa nafas olish mashqlari o‘tkaziladi;
  • 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar, talabalarning yosh toifasiga qarab ularning jismoniy ko‘rsatkichlarini (yugurish, otish, sakrash, tortilish) baholash mezonlari ishlab chiqilib, «Kundalik» reyting daftariga alohida sahifada kiritiladi; har chorakda tahlil qilib boriladi.

Uch oy muddatda bolalarning jismoniy rivojlanishini raqamlashtirilgan dastur yordamida monitoring qilish tizimi ishlab chiqiladi.

2021 yil 1 martga qadar tibbiyot xodimlari tomonidan bolalarning sog‘lig‘ini inobatga olgan holda, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi ustidan nazorat o‘rnatiladi. Bolalar salomatligi asosida tibbiy-sog‘lomlashtirish guruhlariga ajratilib, shunga qarab jismoniy chiniqtirish miqdori belgilanadi.

Bog‘chalarning tibbiyot xodimlari va maktablarga biriktirilgan tibbiyot xodimlari tarbiyalanuvchilar va o‘quvchilar sog‘lig‘i va jismoniy kamolotini doimiy ravishda nazoratga oladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi:

  • bir oy muddatda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi bilan birgalikda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarining vrach va o‘rta tibbiy xodimlarini diyetologiya bo‘yicha tayyorlash, shu jumladan amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil qiladi;
  • 2021 yil 1 martga qadar, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda ortiqcha vaznga ega shaxslar uchun o‘rtacha kunlik ovqatlanish me'yori va ratsioni hamda jismoniy mashqlar kompleksini ishlab chiqib, uni aholi orasida doimiy targ‘ib etib boradi;
  • tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori me'yoridan ortiq bo‘lgan hamda xamirli taom va shirinliklarni, non mahsulotlarini kam iste'mol qilish bo‘yicha oilalar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib boradi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi esa 2021 yildan boshlab har yili:

  • jismoniy tarbiya va sport sohasidagi fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar uchun 10 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda grant mablag‘lari ajratadi;
  • jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlar ulushini oshirish maqsadida Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidagi OTMlarga tayanch doktorantura va doktorantura uchun kamida 10 ta o‘rin ajratadi.
Ko‘proq yangiliklar: