O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 2020 yilda Toshkent shahrida sinov tariqasida joriy etilgan yutuqli chek o‘yinlarining muvaffaqiyati sabab ushbu aksiya ko‘lami yanada kengayadi.
Ta'kidlanishicha, iste'molchilar yutuqli chek o‘yinlarining navbatdagi – V tirajida ishtirok etish uchun respublikaning istalgan hududida onlayn nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassa chekini olib ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.
«Asosiy shart – har bir iste'molchi bitta savdo shoxobchasidan bir kunda faqat ikkita, xarid miqdori 1000 (ming) so‘mdan kam bo‘lmagan chekni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, yutuqli chek o‘yinlarida ishtirok etish uchun xarid qilingan mahsulot (xizmat) uchun onlayn NKM yoki virtual kassaning QR kodli chekini olish lozim», — deyiladi DSQ xabarida.
Ma'lum qilinishicha, respublikada qariyb 64 ming savdo shoxobchasida shunday qurilmalar o‘rnatilgan.
«Keyingi qadam – chekning QR kodini SOLIQ mobil ilovasida skanerlash yoki 12 xonali fiskal belgisini 1077 raqamiga SMS tarzda yuborish lozim. Ro‘yxatdan o‘tkazish muvaffaqiyatli yakunlangandan so‘ng, Siz yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanasiz», — deya qo‘shimcha qilinadi qo‘mita xabarida.
Ma'lumot uchun, Toshkent shahrida o‘tkazilgan yutuqli chek o‘yinlarining har bir tirajida ishtirokchilar soni ortib borib, hozirgacha o‘tkazilgan 4ta tirajda onlayn NKM va virtual kassalardan berilgan qariyb 110 ming dona chek ishtirok etdi.