«Bozordagi narx talab va taklifga qarab shakllanadi. Misol uchun, Samarqand shahridagi «Damariq» bozorida go‘shtni 60 ming so‘mdan pullayotgan sotuvchilardan biri bilan suhbatlashayotganimizda, u 59 ming so‘mdan arzon sotsa foyda ololmasligini ochiq ma'lum qildi. «Siyob» bozorida 55 ming so‘mga ham go‘sht sotilmoqda. Bu yerda Toyloq tumanidagi go‘sht yetishtiruvchilar bilan shartnoma qilingani bois, go‘sht to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib, sotiladi.
Ikkinchidan, «Siyob» bozorida talab juda yuqori bo‘lgani bois, sotuvchilar kamroq narx qo‘yib, ko‘proq mahsulot sotish imkoniga ega», dedi viloyat bozorlari uyushmasi raisi Tohir Mamadaliyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qishda narxlar oshib ketmasligining oldini olish uchun bozorlar ham asosiy mahsulotlarni zaxiraga jamg‘armoqda. Jamg‘arilgan mahsulotlarni taqchil vaqtda bozorda ko‘paytirish orqali iste'molchilarni ta'minlash bilan birga narxlar keskin ko‘tarilib ketishining oldini olish ko‘zda tutilgan. Zaxiradagi asosiy mahsulotlar kelasi yilning 1 may sanasiga qadar bozorlarni ta'minlashi ko‘zda tutilgan.
Shu yilning 23 oktabr holatiga ko‘ra, viloyatdagi bozorlarda 2000 tonnaga yaqin mahsulot jamg‘arilgan. Noyabr oyi so‘ngiga qadar 5000 tonnadan ortiq mahsulot jamg‘arish rejalashtirilgan.
Bozorlarning viloyat oziq-ovqat jami zaxirasidagi ulushi 5 foiz atrofida.
Anjuman davomida «Siyob» bozori direktori Xirojiddin Asliyev bugungi sharoitda ulgurji bozorlardan voz kechish kerakligini ta'kidladi.
«Ulgurji bozorlarda dehqon va ishlab chiqaruvchilar o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni xaridorlarga ulgurji tarzda topshiradi. Xaridor esa uning ustiga narx qo‘yib bozorlarga yetkazadi. Bozorda esa bu mahsulotni navbatdagi sotuvchilarga topshiradi. Tabiiyki, bu yerda ham mahsulot ustiga narx qo‘yiladi. Bu ham ozmi ko‘pmi narxlarga ta'sir qiladi. Buning o‘rniga dehqon va ishlab chiqaruvchilarni to‘g‘ridan to‘g‘ri bozorga jalb etish imkonini o‘rganishimiz, biror muammo bo‘lsa hal etishimiz kerak», dedi «Siyob» dehqon bozori direktori.
Viloyat bozorlar uyushmasi rahbari T.Mamadaliyev Samarqand shahridagi «Damariq» bozoridagi ko‘cha savdosi holatlari, chek bilan bog‘liq muammolar yuzasidan izoh berdi.
Uning ta'kidlashicha, ko‘chada savdo qilayotgan fuqarolarning barchasi bozorga ko‘chiriladi.
«Damariq» bozorida bu kabi kamchiliklar ro‘y berayotgani bor gap. Buning sabablaridan biri bozor investorlari bilan bo‘layotgan tushunmovchiliklar, xususan, hujjatlar bilan bog‘liq edi. Mazkur holatlar bozordagi tartibsizliklarga ham ta'sir qilgan.
Endilikda masala uyushma va tegishli huquq-tartibot idoralari ishtirokida hal etilmoqda. Xususan, uyushma murojaatiga asosan, IIB xodimlari bilan birgalikda tushuntirish ishlari olib borilib, ko‘chada savdo qilayotgan fuqarolar bozor ichkarisiga ko‘chiriladi», dedi uyushma rahbari.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda muhokama etilgan, Samarqand shahridagi «Siyob» bozorida xaridorlardan bozorga kirib chiqqani va xarid qilgani uchun «patta puli» olingani yuzasidan izoh berildi.
Bozorlar uyushmasi ma'lumotiga ko‘ra, «Siyob»da xaridorlardan pul talab qilgan fuqaro bozorda ishlamasligi ma'lum bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da nazorat qilinmagani uchun tegishli mutasaddilarning harakatsizligiga huquqiy baho berilgan.
Viloyat bozorlar uyushmasi rahbari T.Mamadaliyev biror-bir bozorda xaridorlardan pul olish mumkin emasligi, fuqaro qilgan xaridi uchun bozor ma'muriyatiga pul to‘lamasligi, bu qonunchilikka zidligini ta'kidlab o‘tdi.
Anvar Mustafoqulov tayyorladi