Toshloqdagi qishloq «ikkiga ajraldi» - Tuman hokimining o‘zboshimcha qarori oqibati qanday hal etiladi?

Jamiyat 18:03 / 28.10.2020 21156

Qonun bir yon, hokim bir yon

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni bilan Xalqaro tasniflagichning 3-darajasiga mos keluvchi ta'lim dasturlari asosida 9-sinf bitiruvchilarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshlang‘ich professional ta'lim bosqichida kadrlar tayyorlaydigan ta'lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi. Mazkur ro‘yxatning 300-bandiga muvofiq, Toshloq xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kolleji negizida Toshloq tuman 1-sonli kasb-hunar maktabi tashkil etilishi belgilab qo‘yilgan.

Mazkur farmon tasdiqlangan ro‘yxatlarga zarur hollarda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi Vazirlar Mahkamasiga berilgan.

Prezident maslahatchisi A.Abduvohidov tomonidan mahalliy hokimliklar va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga eslatma (22.10.2019 yil, №08-3772) yuborilib, prezidentning yuqorida qayd etilgan farmoni bilan ta'sis etiladigan professional ta'lim muassasalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash choralarini ko‘rish, shuningdek, ularning hududi, bino va inshootlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishni rejalashtirmaslik so‘ralgan.

Ammo na prezident farmoni va na maslahatchining ko‘rsatmasi kor qilgan Toshloq tuman hokimi o‘z bilganidan qolmagan.

Shoshilib yoki o‘rganilmay chiqarilgan qaror

Toshloq tumani hokimi A.Jo‘raboyev shu yilning 12 oktabr kuni 914-sonli qarorini qabul qilib, unda «Qumariq» mahallasidagi 1-sonli kasb-hunar maktabini «Nayman» mahallasidagi sobiq Toshloq qurilish va kasb-hunar kolleji binosiga ko‘chirib, bino va inshootlarini tumandagi 50 va 19-maktablarga berib yuborgan.

Hokim bu qaroriga viloyat kasbiy ta'limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasining prezident farmoni bilan tashkil etilgan Toshloq tuman 1-sonli kasb-hunar maktabi bino-inshootlarini boshqa bir hududdagi, boshqa ta'lim muassasasining binosi bilan almashtirishga qarshi emasligi haqidagi xatini asos qilib olgan.

O‘ylanmay chiqarilgan qaror sabab qishloq «ikkiga bo‘lindi»

Muammo hozirda 1-sonli kasb-hunar maktabi va 50-umumiy ta'lim maktabi birgalikda faoliyat yuritayotgan binoning talash bo‘layotganida ekan.

«Men shu yili nabiram Azizbek To‘xtanazarovni ta'lim olish bilan birgalikda hunar o‘rganishi maqsadida kasb-hunar maktabiga bergandim. Uyimizga ham yaqin. Endi kollejni boshqa joyga, bizdan uzoq masofada joylashgan binoga ko‘chirmoqchi bo‘lishyapti. Tuman va viloyat hokimliklariga, kasb-hunar boshqarmasiga bordik.

Toshloqdagi boshqarmada «biz kasb-hunar maktabi qolishi tarafdorimiz», deyishdi. Lekin muammo hal bo‘lmayapti», deydi Sanobarxon Jumaboyeva.

«Qizlarimiz hujjat topshirgan kollejni Navbahor qishlog‘iga ko‘chirishyapti. Biz u yerga bo‘yi yetgan qizlarimizni hech ham jo‘natmaymiz. Chekka joy, 8 kilometr uzoqlikda. Bundan tashqari, kuniga 20 ming so‘mdan yo‘l kiraga pul topib berish kerak. Bunga imkonimiz yo‘q. Hozir pandemiya paytida o‘zi juda qiynalib yashayapmiz. Qizim 9-sinfni bitirib kasb-hunar maktabiga hujjat topshirgan. O‘smir yoshda «Maktabga qaytib borgani uyalamiz» deyapti.

To‘qqiz yil yaxshi baholarga o‘qigan farzandlarimiz savodsiz bo‘lib qoladimi? Qishloq sharoiti, universitetlarga olib kirib o‘qitgani bizda imkoniyat yo‘q. «Maktab bo‘lsin», deydiganlar chiqdi. Axir ularning farzandlari ham shu yerning bolasi, bizning farzandlarimiz ham. O‘zi asli bu bino kasb-hunar maktabi bo‘lib qolishi haqida prezident farmoni bor ekan axir», deydi ota-onalardan biri Nilufar Xudoyberdiyeva.

Habibaxon Qurbonova esa kasb-hunar maktabini 8 kilometr uzoqlikdagi joyga ko‘chirishsa, yo‘llar xilvatligi, zovurlar oldidan o‘tish kerakligi sababli nabirasini u yerga yubora olmasligini aytmoqda.

Maktab bolalari qish-qirovli kunlarda uzoqqa qatnab o‘qimasligi kerak!

Buni qarangki, qishloq ahli o‘rtasida «manfaatlar to‘qnashuvi» ham yuzaga kelgan. Aholining bir guruhi bu yerda maktab bo‘lishini istamoqda.

«Asli kasbim o‘qituvchi bo‘lgani uchun maktab yaqin yoki uzoqligi bolalarga, yoshlarga qay darajada ta'sir qilishini bilaman. Biz mana shu yerda tashkil qilingan maktabni saqlab qolish maqsadida yuqori tashkilotlarga borganmiz.

Hozir bu yerda kasb-hunar maktabi bo‘lsin deyishyapti. To‘g‘ri, balki, mana shu yerda kasb-hunar egasi bo‘lganlarning oilasiga, vatanga katta foydasi tegar.

Biroq qishlog‘imiz bolalari ikkita qo‘shni mahalladagi maktablarga qatnab o‘qiydi. 14-maktabga «Boyqo‘ng‘ir» mahallasidan boradigan o‘quvchilar 4 kilometr serqatnov yo‘lni bosib borar edi. Bolalarimiz to maktabga yetgunga qadar yo‘lda qanaqa ketyapti degan xavotir bizga tinchlik bermaydi. Ikkinchi tomoni shundaki, har kuni uzoq yo‘l bosib sovuqda charchab borgan bola sinfxonasiga kirib, o‘z-o‘zidan issiq xonada eziladi. Uyqu keladi. Ana shu yerda u qanday qilib bilim oladi? Bu yerdan 3-4 kilometr narida transport kolleji bor edi. U bino hozir bo‘m-bo‘sh turibdi. Tumanimiz hokimi shu sharoitni o‘zgartirish haqidagi qarorida bu yerdagi kasb-hunar maktabini o‘sha yerga ko‘chirishni aytib o‘tgan. Menimcha, 17-18 yoshga kirgan bolalar u yerga bemalol qatnab o‘qiy oladi. Bizning asosiy maqsadimiz shu», faxriy o‘qituvchi Komiljon Oripov.

Mahalla oqsoqoli Qurbonali Mahmudov ham bino maktabga berilishi to‘g‘ri bo‘lgan deb hisoblaydi.

266 nafar o‘quvchi arosatda

1-sonli kasb-hunar maktabi ma'muriyati hududiy boshqarma buyrug‘i bilan 2020/2021 o‘quv yili uchun 9ta guruhga 266 nafar o‘quvchi hujjatini qabul qilgan.

Muammoli holat yuzasidan ta'lim muassasasining o‘qituvchi va ta'lim ustalari o‘z fikrlarini bildirishdi.

«Vaziyatga ham ota-ona ham o‘qituvchi sifatida qarab aytadigan bo‘lsak, hududga maktab kerak. Chunki, 21-maktab o‘quvchilari kichik xonalarga ega filialda o‘qishar edi. Lekin maktabga ehtiyoj borligini bilib turib, biror marta ham mas'ullarga murojaat qilishganini eshitmaganman. Kasb-hunar kollejimizning faoliyati tugatilib, yangi kasb-hunar maktabi tashkil qilinishi haqida aytilishi bilan maktabni olib kirishga urinish boshlandi.

Prezident farmonidan so‘ng biz yangidan ish boshlab, xonalarni o‘quv yiliga tayyorladik. Maktab bilan murosa qildik. Ikkita qavati maktabga ajratildi. Endi bizni Navbahor qishlog‘iga ko‘chirishmoqchi. Qabul qilingan 266 nafar bola esa u yerga borishni istashmayapti», deydi kasb-hunar maktabining maxsus fan o‘qituvchisi Ma'muraxon Yo‘ldosheva.

Qaror hokimdan, izohi esa o‘rinbosardan

Toshloq tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Isaboyevning masala yuzasidan fikrlari bilan qiziqdik.

«Toshloq tumani «Qumariq» MFYda joylashgan kasb-hunar maktabi hamda 50-maktab bo‘yicha bizga ko‘p murojaat tushgan. Farg‘ona viloyati kasbiy ta'limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasining rozilik xati asosida maktab tashkil qilingan.

Hozirgi kunda yana fuqarolardan tushayotgan murojaatlar bo‘yicha biz ikkala tomonni ham qonuniy holatda o‘rganishga harakat qilib, o‘rganib, bularni adolatli yo‘l bilan hal qilamiz. Kasb-hunar maktabiga sobiq transport kollejining binosini faoliyatini boshlash uchun berganmiz. Masofani hisobga olib, tuman hokimi yo‘nalishdagi avtobus yoki «Damas» qatnovini yo‘lga qo‘ymoqchi. Muammo bo‘lmaydi», deydi hokim o‘rinbosari.  

«Olaver! Tuman qashshoqlashib qolmaydi»

Farg‘ona viloyati kasbiy ta'limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azizbek Abdullayev ham vaziyat yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Prezidentning 5812-sonli farmoni 1-ilovasiga muvofiq, Toshloq xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kolleji Toshloq 1-sonli kasb-hunar maktabiga aylantirildi va mutlaqo yangi professional ta'lim muassasasi tashkil etildi. 2020-2021 o‘quv yili uchun 180 nafar o‘quvchiga qabul reja berilgan bo‘lsa, bu reja 266 nafarga bajarildi. Bugungi kunda ushbu o‘quvchilar uchun masofadan o‘qish jarayoni boshlangan.

2020-2021 o‘quv yilida ushbu ta'lim muassasasida maktab va kasb-hunar maktabi birga faoliyat olib borib turishi uchun binoning sig‘imi yetarli. Lekin kelgusida kasb-hunar maktabi yoki maktab masalasi, ya'ni maktabga yangi bino qurish masalasi bevosita viloyat xalq ta'limi boshqarmasi va mahalliy hokimiyat bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga taklif sifatida berilishi rejalashtirilgan.

Biz xalq ta'limi boshqarmasiga bino bo‘sh turgani uchun, u yerda maktab o‘quvchilari sarson bo‘lmasligi uchun maktabdan vaqtincha foydalanib turish bo‘yicha rozilik berganmiz. Lekin kasb-hunar maktabining binosi to‘liq o‘zining balansida, maktab bugungi kunda bepul foydalanyapti», deydi Azizbek Abdullayev.

Qosh qo‘yaman deb...

Surishtiruvlar davomida kasb-hunar kollejidagi o‘quvchilar hunar o‘rganishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik. O‘quvchilarga to‘rtta: avtotransport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, payvandlash ishlari, tikuvchilik hamda o‘simliklarni himoya qilish yo‘nalishlari bo‘yicha ta'lim beriladi. 

Muallimlar kasb-hunar maktabiga hududdagi 9ta MFYdan o‘quvchilar kelib o‘qishi, Navbahor qishlog‘idagi transport kolleji binosi o‘quvchilar uchun teskari yo‘nalishda joylashgani, borib kelish uchun transport xarajatlari ota-onalarga muammo tug‘dirishini aytishmoqda.

Muassasa o‘qituvchilari va o‘quvchilarning ota-onalari muammo ijobiy hal bo‘lishiga umid bildirishmoqda.

Viloyat mutasaddisi va tuman hokimining mas'uliyatsizlarcha chiqargan qarori oqibatida aholi o‘rtasida norozilik kayfiyati, davlat organlariga ishonchsizlik paydo bo‘lgani alohida mavzu.

Eng yomoni, oqibati o‘ylanmay chiqarilgan qaror orqali Qumariq qishlog‘i ahli ikki tarafga bo‘linib qolgan, ularning o‘rtasidagi munosabatlar buzilgan.

Qishloqqa kasb-hunar kolleji ham, maktab ham zarur. Mutasaddilar esa muammoli vaziyatni chuqur tahlil qilib so‘ng qaror chiqarishlari kerak edi.

Elmurod Ermatov

Ko‘proq yangiliklar: