Shveytsariya Markaziy banki va Xalqaro hisob-kitoblar banki (BIS) 2020 yil oxiriga qadar Markaziy bankning raqamli valutasini (CBDC) sinovdan o‘tkazadi. Bu haqda BIS innovatsiyalar bo‘limi rahbari Benua Kere Shanxayda bo‘lib o‘tgan sammit paytida ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Xitoyning The Paper nashri.
Kerening aniqlik kiritishicha, yaqin 2 oy ichida loyiha «konsepsiyani isbotlash» bosqichiga o‘tishi kerak, bu raqamli valutaning chakana foydalanuvchilar uchun mosligini o‘rganishni boshlashga imkon beradi. Uning ta'kidlashicha, test doirasida CBDC’ning amaldagi to‘lov tizimlari bilan aloqasini o‘rnatish imkoniyati o‘rganiladi va qonunchilikka muvofiqligi tekshiriladi.
BIS kelajakda Honkong, Tailand va boshqa mamlakatlarning moliyaviy regulyatorlari ushbu tashabbusga qo‘shilishiga umid bildirdi. Bu transchegaraviy to‘lovlarda raqamli valutani sinovdan o‘tkazishga imkon beradi.