Noyabr oyida «Keksalar uchun turizm oyligi» doirasida turli imtiyozlar taqdim etiladi

Jamiyat 21:06 / 27.10.2020 9448

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, bir oy davomida 60 yoshdan yuqori erkaklar va 55 yoshdan yuqori ayollar uchun respublikadagi 212ta mehmonxona va mehmon uyi xizmatlari uchun 50 foizgacha, 114ta umumiy ovqatlanish joyidagi xizmatlarga 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Shuningdek, «Uzbekistan Airways» AJ tomonidan 1-30 noyabr kunlari O‘zbekiston ichidagi aviayo‘nalishlarga ekonom va biznes toifalarining joriy narxlariga 25 foiz, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan mamlakat ichidagi amaldagi tariflarga 10 foiz hamda «Uzautotrans Service» MChJ tomonidan mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi avtobus chipta narxlariga 15 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar joriy qilingan.

Shu bilan birga, «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm va Navoiy viloyatlaridagi 14 ziyoratgohga nafaqa va keksa yoshdagi fuqarolar uchun kirish bepul etib belgilangan.

Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo va Xorazm viloyatlaridagi 49ta madaniy meros obektiga kirish uchun chegirmalar beriladi.

Qo‘mita xabarida respublikaning 14 hududi bo‘yicha ziyoratgohlar va qadamjolarni o‘zaro bog‘lagan ichki turizm sayohat dasturlari ishlab chiqilgani, keksalarning dam olishini mazmunli tashkil etishda ularning salomatligi va xavfsizligi ta'minlanib, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etilishi ma'lum qilingan.

  • Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 maydagi «Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 340-sonli qaror bilan tasdiqlangan Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, mamlakat bo‘ylab keksa avlod vakillarining sayohat qilishini rag‘batlantirish maqsadida «Keksalar uchun turizm oyligi»ni tashkil qilish vazifasi belgilangan.
Ko‘proq yangiliklar: