Yuqori inflatsiya ko‘rsatkichi korona inqiroz davrida O‘zbekistonga yordam bera oladimi?

Iqtisodiyot 21:37 / 22.10.2020 7528

Pandemiya inqirozi boshqa davrlarda yuz bergan inqirozlardan farqli o‘laroq, insoniyatni ongli ravishda ham talab, ham taklifni pasaytirishga majbur qildi. Bu holatda inflatsiyaning tushishi ham tabiiy kechadi. Ammo yuqori stavkali inflatsiyadan foydalanib qolish mumkinmi? Uning ta'sirida qarz va to‘lov majburiyatlari ham qadrsizlansa, inqirozni boshdan kechirish osonroq bo‘ladimi?

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyevning aytishicha, inflatsiya nafaqat qarz va to‘lov majburiyatlarning qadrsizlanishi, balki aholi daromadlarining ham pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Behzod Hamroyev

«Yuqori foizli inflatsiyaning saqlanib qolishi investitsiyalar oqimiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Davlat tashqi va xususiy qarz masalasida ham katta inflatsiya ahvolimizni og‘irlashtiradi. Negaki, xorijiy valutada olingan tashqi qarzga katta inflatsiya salbiy ta'sir o‘tkazadi», — dedi u.

Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmurodovning aytishicha, hech qaysi davlat yuqori inflatsiya bilan makroiqtisodiy barqarorlikka erisha olmaydi. 

Mamarizo Nurmurodov

«Makroiqtisodiy barqarorlikning birinchi zamiri — inflatsiyaning past darajada bo‘lishi. Haqiqatan, inflatsiya milliy valutadagi kreditlarni qadrsizlantiradi, ammo xorijiy valutada olingan chet el qarzi qimmatlashadi. Bugungi kunda ushbu masalaga bank tizimimiz balansi bilan qarasak, bank kreditlarining 58 foizi xorijiy valutada berilgan. O‘z-o‘zidan yuqori inflatsiya kreditlarning 58 foizini olgan xo‘jaliklarning moliyaviy ahvolini og‘irlashtiradi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari kambag‘allikni qisqartirish dasturini qabul qildi. Agar biz yuqori inflatsiya fonida aholi kambag‘alligini qisqartirishga intilsak, bu ishlarning ko‘p qismi havoga sovuriladi», — dedi u. 

Markaziy bank rahbariyati aholi daromadini saqlab qolish, inflatsiya orqali yetadigan xatarlardan himoya qilish monetar siyosatning ustuvor vazifasi deb bilmoqda. 

Kun.uz bilan suhbatlashgan toshkentlik moliyachining bildirishicha, yuqori inflatsiya ko‘rsatkichi imkoniyatlaridan foydalanishni modellashtirib ko‘rish kerak. 

«Xorijiy valutada kredit olgan xo‘jaliklar — daromadi yuqori, aholining o‘ziga to‘q qismi. Demak, Markaziy bank aholi daromadini emas, boylarning puli qadrsizlanib ketadi, deyishi to‘g‘riroq bo‘ladi. Bundan tashqari, koronavirus tufayli paydo bo‘lgan inqiroz davrida investitsiya oqimi tabiiy holda harakatchan bo‘lmaydi. Bunga qadar, mamlakatimizga yotqizilgan investitsiya sur'ati ham baland bo‘lmagan. Demak, yuqori inflatsiyaning investitsiyaga ta'siri haqida gapirish noo‘rin bo‘ladi. Shunchaki, bu masalani modellashtirib, unga jiddiy qarash kerak», — deydi suhbatdosh. 

Ma'lumot uchun, Markaziy bank ayni paytda iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi xatarlar yuzaga kelish ehtimolini past darajada baholamoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: