Yana bir bor go‘sht narxiga cheklov o‘rnatishga urinilmoqda. Lekin bu foydadan ko‘ra ziyon

Iqtisodiyot 20:28 / 22.10.2020 41891

O‘zbekiston tarixida go‘sht narxini ma'muriy buyruqbozlik asosida tushirishga urinish avval ham bir necha marta kuzatilgan va bu harakatlar xuddi o‘shancha marta mutlaqo teskari natija bergan. Ma'lum muddat narx yozilgan qog‘ozlarda jozibador raqamlar ko‘rinib turadi. Nazoratchilar, kameralar oldida chiroyli gaplar aytiladi, xaridorlar mamnunligini bildirishadi, islohotning bir onda samara berishidan hamma hayratlanadi, go‘yo.

Lekin amalda vaziyat butunlay boshqacha bo‘lishi kundek ayon. Qassob belgilangan narxga amal qilish uchun go‘shtga yo‘g‘on suyak qo‘shib berishga, xaridor esa sifatsiz mahsulot bilan qanoatlanishga majbur bo‘ladi. Ya'ni bozorning oddiy qonuniyatlariga putur yetadi, tanlov imkoniyati yo‘qoladi, ma'lum muddat rastalardagi narxlar bilan «ko‘zni quvontirish»ga va e'tirozlarni chalg‘itishga erishiladi. Lekin nega uzum, mix yoki ballon bozor tamoyillari asosida, talab va taklifga ko‘ra sotiladiyu, go‘sht ma'lum cheklovlarga tushaverishi kerak? Agar bu strategik mahsulot bo‘lsa va xalq ehtiyojini qoplash davlat uchun ustuvor vazifa hisoblansa, nega bundan faqat hamma tadbirkorlar kabi teng huquqli bo‘lgan qassoblar zarar ko‘rishi kerak?!

O‘zi «narx tushirish» degan kampaniya nishoniga birinchi navbatda qassoblar duch kelishi ham qiziq. Buning o‘ziga xos bir necha sababi bor:

1. Qassoblar yuz foiz erkaklar. Erkaklarga bosim o‘tkazish nisbatan oson;

2. Go‘sht mahsulotlarini saqlab bo‘lmaydi, tezroq pullab olish kerak. Ko‘pchilik qassoblarda so‘yib sotish uchun xarid qilgan qoramollarini saqlash imkoniyati ham yo‘q;

3. Yaxshi qassob doimiy mijozlariga ega bo‘ladi va ularni yo‘qotishni istamaydi. Shu bois, ma'lum muddat amal qiladigan bunday «aksiyalar»ga sabr bilan qarashga majbur.

Aslida har qanday mahsulot singari go‘sht narxini ham bozor belgilashi shartligi barchaga ayon. Bu narx shakllanishi uchun turli bosqichlardan iborat uzun zanjirning har bir bo‘g‘iniga oid islohotlar o‘tkazish zarurati borligi, rastaning ustidagi narxni qayta yozish bilan ish bitmasligini ham bilamiz. Ammo negadir aynan shu usulni qo‘llashdan qaytmaymiz.

Xo‘sh, bu islohot nimaga olib keladi yoki olib kelib bo‘ldi?

1. Dastlabki bosqichda – uzluksiz nazorat natijasida ma'lum muddat (nari borsa bir necha kun) bu narx saqlanib qoladi. Lekin go‘shtga yirik suyaklar qo‘shib sotiladi;

2. Bozorlarda qassoblar soni kamaya boshlaydi, rastalardagi go‘sht sifati keskin pasayadi;

3. Qoramolning asosiy yetkazuvchilari mavjud vaziyatni hisobga olib mol sotuvini kamaytiradilar;

4. Va bularning barchasining hosilasi o‘laroq yuzaga kelgan taqchillik va qassoblarning vaziyatni kuzatib, ishga chiqmasligi natijasida go‘sht narxi oshadi.

Bu allaqachon o‘z isbotini topgan. Endi yana bir marta shu natijani takrorlash sari harakatdamiz. Bizning «ko‘p go‘sht yeyishimiz» ham, «qassoblarning insofsizligi» ham aslida mohiyatdan qochishdan o‘zga narsa emas.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: