Raqamlashtirilayotgan kadastr sohasida integratsiya jarayonlari - Toshkent shahri misolida

Jamiyat 15:00 / 22.10.2020 5677

Joriy yil mamlakatimizda «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e'lon qilinib, bu borada katta ishlar boshlandi. Xususan, kadastr sohasida ham so‘nggi vaqtda katta o‘zgarishlar bo‘lmoqda.

Bugungi maqolamizda aynan xalqimizga Toshkent shahri misolida kadastr sohasida raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumot berib o‘tmoqchimiz.

INTeGRATsIYa (lot. integratio — tiklash, to‘ldirish, integer — butun so‘zidan) — sistemaning ayrim qismlari va funksiyalarining o‘zaro bog‘liqlik holatini hamda shunday holatga olib boruvchi jarayonni ifodalaydigan tushunchadir.

Integratsiya bu – axborot tizimlarini o‘zaro ma'lum bir maqsad uchun bog‘lash jarayonidir. Kadastr axborot tizimi 9 dan oshiq manfaatdor vazirlik va idoralar axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

Birinchi integratsiya – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi

Integratsiyadan maqsad – ko‘chmas mulk obekti haqida ma'lumotlarni soliq axborot tizimiga taqdim etishdan iborat. Boisi ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha yer va mol-mulk soliqlarni hisoblab chiqarish uchun, soliq bazasi sifatida ko‘chmas mulk obekti hisoblanadi.

Joriy yilning 9 oyi davomida 173 mingdan ortiq obekt bo‘yicha axborot taqdim etilgan (mulkdorlari o‘zgargani, kadastr qiymati, maydonlari o‘zgargani kabi ma'lumotlardir).

Eslatib o‘tamiz, kadastr va soliq axborot tizimlari integratsiyasi ilk bor 2008 yilda joriy etilgan. Bu esa kadastrda axborot tizimining birinchi integratsiyasi hisoblanadi.

Ikkinchi integratsiya – notarial idoralar

Integratsiyadan maqsad – ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha notarial bitimlarni amalga oshirishda ko‘chmas mulk obektlarining ma'lumotnomalari, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan ko‘chirmasi, taqiq va cheklov hamda mulkdorlari va hujjatlari haqidagi axborotlarni elektron shaklda taqdim etishdan iborat.

Joriy yilning 9 oyi davomida notarial idora bilan ko‘chmas mulk obektlari bo‘yicha 280 mingta axborotlar almashinuvi amalga oshirildi.

Uchinchi integratsiya– Majburiy ijro byurosi

Integratsiyadan maqsad – elektron tarzda jismoniy va yuridik shaxslarning nomidagi ko‘chmas mulk obektlarini aniqlash, zarur hollarda ko‘chmas mulk obektlariga taqiq qo‘yish va taqiqlarni yechishni amalga oshirishdan iborat.

2020 yilning 9 oyi davomida Majburiy ijro byurosi bilan elektron axborotlar almashinuvi bo‘yicha raqamlarga e'tiborimizni qaratsak, jami 3 mln 12 mingta axborot almashinuvi amalga oshirilgan. Shundan:

·       3 mln 4157 tasi jismoniy va yuridik shaxslar nomida ko‘chmas mulk obekti mavjudligi yoki mavjud emasligi bo‘yicha so‘rovnomalar kelib tushgan hamda javoblar avtomatik tarzda taqdim etilgan;

·       5 mingtasi esa, ko‘chmas mulk obektiga taqiq qo‘yish;

·       2 843 tasi ko‘chmas mulk obektiga qo‘yilgan taqiqni yechishdan iborat.

Demakki, 3000ga yaqin fuqarolarimiz idorama-idora yurib, vaqtini sarflashiga sabab bo‘ladigan omillar kamaydi, desak ham bo‘ladi.

To‘rtinchi integratsiya – Ichki ishlar vazirligi

Integratsiyadan maqsad – fuqarolarni elektron ko‘rinishda vaqtincha va doimiy ro‘yxatga olish va ro‘yxatdan chiqarishda ko‘maklashish (xalq tilida «propiskaga qo‘yish»).

2020 yil 9 oy davomida 667 mingta axborot almashinuvi amalga oshirilib, vaqtincha va doimiy ro‘yxatga olish, ro‘yxatdan chiqarish uchun ko‘chmas mulk obektlari haqidagi so‘rovnomalarga onlayn tarzda javob yuborilgan.

Beshinchi integratsiya – Davlat xizmatlar agentligi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP)

Integratsiyadan maqsad – ko‘chmas mulk egalari avvalgi tartibda, idorama-idora yurib, hokimiyat organlaridan, qurilish tashkilotlari, notariat hamda kadastr idoralari o‘rtasida sarson bo‘lib yurgan bo‘lsa, yangi tartib bo‘yicha hamma ishlar Davlat xizmatlari agentligida mujassamlashtirishdan iborat.

Shuningdek, portalga yangi foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tish jarayonida fuqaroning shaxsiy ma'lumotlari asosida tizim ko‘chmas mulk axborot tizimidan avtomatik ravishda, ushbu foydalanuvchining nomidagi ko‘chmas mulk obektlarini foydalanuvchining shaxsiy kabinetida ko‘rish imkoniyatini yaratadi.

Ushbu portal imkoniyatlari natijasida, foydalanuvchi bevosita mulkida bo‘lgan ko‘chmas mulk obekti bo‘yicha kommunal tashkilotlar bilan integratsiyalangan tizimlar yordamida issiq suv, elektr, gaz ta'minoti kabi boshqa ma'lumotlarni ko‘rish imkoniyatlari mavjudligi alohida ahamiyatga egadir.

Ushbu integratsiyalar natijasida, 2020 yilning 9 oyi davomida 400 000 ta axborotlar almashinuviga erishildi.

Yuqorida sanab o‘tilgan portal bilan integratsiya jarayoniga kommunal tashkilotlarni ham kiritish mumkin. Bugungi kunda ko‘chmas mulk axborot tizimining oltinchi va yettinchi o‘rinlarida kommunal tashkilotlar turibdi, ya'ni «O‘zbekenergo» AJ va «Toshissiqquvvati» DUKlar.

Ushbu tizimlar bilan integratsiyadan maqsad – ko‘chmas mulklar bilan bog‘liq bitimlar yoki ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi ma'lumotlar o‘zgarganda, kommunal tashkilotlarning aktual ma'lumotlarga ega bo‘lishini ta'minlash.

Tizimlar integratsiya natijasida 9 oy davomida kommunal tashkilotlarga ko‘chmas mulklar tarkibida o‘zgarish bo‘lgan 173 mingdan ortiq obektlar to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etilgan.

Sakkizinchi integratsiya – COVID-19 shtabi

Bu yil koronavirus pandemiyasi butun dunyoga xavf solmoqda. Infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida unga qarshi kurashish shtabi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu shtabga korxonaning ma'lumotlar bazasidan so‘rov orqali obektlarning geofazoviy ma'lumotlari va manzillari to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgan.

To‘qqizinchi integratsiya – Davreyestr axborot tizimi

Integratsiyadan maqsad – Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 29 dekabrdagi «Ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1060-sonli qaroriga asosan, ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va kadastr pasportlarini shakllantirish hisoblanadi.

Ushbu tizim orqali hozirda 350 mingdan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirilgan.

Ko‘chmas mulk axborot tizimi yuqorida sanab o‘tilgan 9ta axborot tizimlari bilan integratsiya qilingani sababli, joriy yilning 9 oyi davomida jami bo‘lib 6 000 000 dan ortiq axborot almashinuvi amalga oshirilgan.

Toshkent shahar Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi
Matbuot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: