O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasi miqdori oshiriladi

Jamiyat 23:50 / 22.10.2020 23970

«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni e'lon qilindi. Shu asosda 1998 yil 1 mayda qabul qilingan «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi qonun o‘z kuchini yo‘qotadi.

Yangi qonun bilan respublikada ishsizlik nafaqasi miqdori quyidagicha oshiriladi:

  • ishdan va ish haqidan so‘nggi 12 oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga – avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (679 330 so‘m)dan oz bo‘lmagan miqdorda (taqqoslash uchun, amaldagisi MHEKMning 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorda);
  • ishdan va ish haqidan mahrum bo‘lgan hamda uzoq (12 oydan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga – MHEKMning 1 baravari miqdorida (taqqoslash uchun, amaldagisi MHEKMning 26,5 va 35,2 foizidan oz bo‘lmagan miqdorlarda);
  • ilgari ishlamagan, birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga – MHEKMning kamida 75 foizi miqdorida (taqqoslash uchun, amaldagisi MHEKMning kamida 26,5 foizi miqdorida).

Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunda aks etgan yangi tushunchalardan biri autstaffing bo‘lib, u ish beruvchi tomonidan o‘z xodimlarini ularning roziligi bilan boshqa yuridik shaxslarga ushbu xodimlar tomonidan ish beruvchi va uning xodimi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomalarida, shuningdek jamoa kelishuvlarida belgilangan mehnat vazifalarini bajarish uchun vaqtinchalik yuborish yo‘li bilan ko‘rsatiladigan xizmatlar turi hisoblanadi.

Qonunda «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy etish belgilangan bo‘lib, ushbu tizim ish beruvchilar va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarini,
shu jumladan mehnat shartnomalarini tuzish, mehnat shartnomalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, ularni bekor qilish tartib-taomillarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish kabi bir qator vazifalarni amalga oshirishni ta'minlaydi.

Hujjatda O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi mehnat faoliyatiga oid quyidagi masalalar ham belgilangan:

  • Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi mehnat faoliyatiga doir huquqlari;
  • Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ishga joylashtirish uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar;
  • Yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketayotgan fuqarolarni ishga joylashtirish va ularning kasbiy bilimini tasdiqlash bo‘yicha faoliyati;
  • Fuqarolarni O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda ishga qabul qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
  • O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirganidan so‘ng qaytgan fuqarolarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish.

Shuningdek, Mehnat organlarida fuqarolarni ro‘yxatga olish, ularni ishga joylashtirish, ishsizlik nafaqasini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomda belgilangan ko‘plab normalar ushbu qonunga ko‘chirildi.

Ko‘proq yangiliklar: