Markaziy bank kelgusi yillar uchun pul-kredit siyosatini ma'lum qildi

Iqtisodiyot 18:54 / 22.10.2020 24152

22 oktabr kuni Markaziy bank boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bankning keyingi yillarga mo‘ljallangan pul-kredit siyosati ma'lum qilindi.

Rais Mamarizo Nurmurodovning aytishicha, MB inflyatsion targetlash siyosatidan voz kechmay, 2023 yilda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishish bo‘yicha vazifasidan og‘ishmay ish tutadi.

«2020 yil mamlakatimiz va jahon iqtisodiyoti uchun juda murakkab yil bo‘ldi. Global pandemiya ta'sirida boshlangan inqiroz ham ichki, ham tashqi iqtisodiy sharoitlarning yomonlashuvi hamda talab va taklif tebranishlarining bir paytda sodir bo‘lganligi bilan o‘ziga xos davr hisoblanadi.

Bunda, jahon iqtisodiyotida va mamlakatimizning tashqi savdo hamkorlarida iqtisodiy faollikning keskin susayishi, xomashyo narxlarining tushib ketishi va moliya bozorlardagi beqarorlik fonida iqtisodiy pasayish tendensiyalari kuzatilmoqda», — dedi u.

Nurmurodovning bildirishicha, mazkur noaniqliklar darajasi va ta'sir kanallari xususiyatlarini inobatga olib, makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari 3 xil – asosiy, tezkor iqtisodiy tiklanishga (optimistik) va tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga (xatarli) asoslangan muqobil ssenariylar asosida ishlab chiqildi.

«Shu nuqtai nazardan, makroiqtisodiy rivojlanish ssenariylarni ishlab chiqishda, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotimizga hamda tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyoti va asosiy eksport tovarlarimiz narxlariga ta'sirlari, shuningdek, potensial ishlab chiqarish darajasining o‘zgarishlarini inobatga olishga harakat qilindi.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bosqichma-bosqich yaxshilanib borishi bo‘yicha kutilmalar, aholi va biznes vakillari o‘z faoliyatlarini pandemiya va undan keyingi sharoitlarga moslashgan holda davom ettirishlari asosiy shartlardan qilib olingan. Hamda tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2022 yil ikkinchi yarim yilligidan inqirozdan oldingi darajasiga yetadi.

Mazkur ssenariy doirasidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil oxirida inqirozdan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashadi, 2023 yilda iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasigacha tiklanadi. Budjet daromadlari tiklanib borib, 2022 yilda yig‘ma budjet defitsiti 2,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Bunda, tarkibiy islohotlar davom ettirilib, tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayoni 2022-2023 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Asosiy ssenariyga muvofiq, pul-kredit siyosatining joriy «nisbatan qat'iy» sharoitlari 2021 yil oxiriga qadar saqlanib qolinadi. Ayni paytda, 2022-2023 yillarda tartibga solinadigan narxlar o‘zgarishi, inflatsiya darajasi va prognozlar trayektoriyasidan kelib chiqib pul-kredit siyosati sharoitlariga tuzatishlar kiritiladi», — degan u.

Ta'kidlash joizki, uchala ssenariy doirasida rivojlanish tendensiyalari va kutilayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqib, 2021-2023 yillar davrida amalga oshiriladigan pul-kredit sharoitlari belgilanadi va ssenariylarga munosib keladigan pul-kredit instrumentlar to‘plamidan foydalaniladi. Bunda, har bir ssenariyning xususiyatlari, inflyatsion xarakteri va omillarining shakllanishi nuqtai nazaridan baholanadi va shunga mos javob choralar tizimi ishlab chiqiladi.

O‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va yuqori sur'atli iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish ko‘p jihatdan kelgusi yillarda amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar hamda ichki va tashqi xususiy investitsiyalarni iqtisodiyotga jalb etilishiga bog‘liq. Bu o‘z navbatida, davlat korxonalarini isloh qilish, iqtisodiyotda raqobat muhitini rivojlantirishbiznes yuritish uchun qulay institutsional sharoitlar ta'minlash va yalpi unumdorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligi va amaliy ahamiyatining oshirilishi bilan chambarchas bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: