«Pandemiyaning davom etish muddati, virusga qarshi vaksina yaratilishi va to‘liq tarqatilish davri yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan epidemiologik holatlar bo‘yicha hali ham aniq javob yo‘q. Noaniqliklar juda ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Bu kabi noaniqliklar bilan faqat biz to‘qnash kelayotganimiz yo‘q.
Xalqaro valuta fondi prognozlariga ko‘ra, jahon iqtisodiyotning 2020 yilda qisqarishi 4,4 foiz darajasida kutilmoqda. Bevosita bizning iqtisodiyotga ta'sir qiladigan asosiy omillardan biri – Xitoydan tashqari asosiy savdo hamkorlarimiz iqtisodiyotidagi pasayish 2,5 – 5 foiz doirasida bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Pandemiya bilan bog‘liq sharoitlarni inobatga olib, iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning yuzaga kelish ehtimolini past darajada baholayapmiz. Biroq ayrim tovarlar taklifidagi o‘zgarishlar sababli qisqa muddatli xatarlar yuzaga kelishi mumkin», – dedi Markaziy bank raisi.
Ta'kidlanishicha, kelgusi oylarda ham iqtisodiyotda inflatsiyani oshiruvchi xatarlarning yuzaga kelish ehtimoli past darajada saqlanib qolmoqda. Asosiy xatarlar pandemiyaning keng tarqalishi, cheklov choralari joriy etilish ko‘lami, asosiy savdo-hamkor davlatlarda ishbilarmonlik faolligining tiklanib borish tezligi hamda jahon bozoridagi narxlar kon'yunkturasi bilan bog‘liq.
Mavsumiy omillar natijasida ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi yaqin istiqbolda inflatsiyani oshiruvchi omil sifatida yuzaga chiqishi mumkin va bunda kerakli hajmdagi tovarlar taklifini barqaror darajada ta'minlash muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ishlab chiqarish zanjiri va logistika kanallarining sekinroq tiklanishi natijasida narxlar oshishi xatari ham saqlanib qolmoqda.
Bunda, Markaziy bank ichki va tashqi sharoitlar ta'sirida inflatsiya omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rganishda davom etadi hamda inflatsiyaning prognoz dinamikasidan kelib chiqib, asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlarni qabul qiladi.