Andijon viloyatining cho‘l hududi sanalgan Ulug‘nor tumani markazidan olisda joylashgan «To‘rttol» MFYda kichik quyosh elektr stansiyasi o‘rnatilgan suv qudug‘i foydalanishga topshirildi.
Mahallaning Jannatobod ko‘chasida joylashgan ichimlik suvi qudug‘iga quvvati 5 kilovatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyasini o‘rnatish orqali 2 ming nafar aholi suv bilan ta'minlangan.
Umumiy qiymati 52 million so‘m bo‘lgan mazkur loyiha yiliga 44 ming kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish evaziga uch-to‘rt yil ichida xarajatlarini to‘liq oqlaydi.
Biz To‘rttol mahallasida bo‘lib, mazkur quyosh elektr stansiyasi yordamida tashqi elektr ta'minotisiz aholi xonadonlariga ichimlik suvi yetkazib berish jarayonini kuzatdik. E'tiborimizni tortgani shu bo‘ldiki, elektr ta'minotida uzilishlar yuzaga kelganda ham aholi xonadonlariga ichimlik suvini uzluksiz ravishda yetkazib berish imkoniyati mavjud ekan.
Mazkur inshootni ishga tushirishda ishtirok etgan «Ufq-95» firmasi bosh muhandisi Ulug‘bek Niyozovning aytishicha, barcha ishlar 2019 yilda «Obod qishloq» davlat dasturi asosida amalga oshirilgan. To‘rttol mahallasi tumanning eng chekka hududi bo‘lgani uchun bu yerda elektr ta'minoti bo‘yicha uzilishlar va muammolar ko‘p. Shu bois tuman hokimligi va «Suvoqava» tashkiloti bilan maslahatlashgan holda quyosh panellaridan foydalanish maqsad qilingan.
«Inshootni 2019 yil noyabr oyida foydalanishga topshirganmiz. Oradan deyarli bir yil o‘tib, qo‘yilgan talablarga javob berdi. Kelajakda buni yanada takomillashtirib, yaxshiroq yo‘llarini o‘ylab topishni oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Bu quyosh panellarining afzalliklariga kelsak, birovning nazoratisiz o‘zi ishlaydi, suv to‘lgandan keyin o‘zi o‘chadi. Avtomatik tarzda ishlayveradi. Eng asosiy yutuqlardan yana biri shuki, nasosimizni bir kunda bir mahal ishlatganimiz hisobiga yillik 9,5 million so‘m elektr energiyasidan iqtisod qilyapmiz. Agar kuniga ikki yoki uch marta ishlatiladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich yanada kattalashadi.
Quyosh panellarimizga ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan 5 yil kafolat berilgan. Ekspluatatsiya muddati esa 20 yil. Quyosh panelining asosiy qurilmalari bu panellar va ichkaridagi invertoridir. Invertor quyosh panellaridan kelayotgan elektr tokini o‘zgarmas kuchlanishga aylantirib berib, shu orqali nasosni ishlatadi.
Bu panellarimiz soatiga o‘rtacha 5 kilovatt tok ishlab chiqaradi va bitta nasosni ertalabdan kechgacha, ya'ni quyosh chiqqanidan to botguniga qadar ishlatish quvvatiga yetadi», – deydi Ulug‘bek Niyozov.
Bu haqda Ulug‘nor tumani hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Boburjon Qo‘ziyev shunday deydi.
«Ulug‘nor tumani hokimligi va «Suvoqava» tashkiloti bilan birgalikda ushbu loyihani amalga oshirdik. «To‘rttol» mahalla fuqarolar yig‘ini eng chekka hudud bo‘lgani uchun bu yerda elektr energiyasidan tabiiy va texnogen cheklovlar yuqori. Shu bois quyosh panellari asosida aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash loyihasi amalga oshirildi. Asosiy maqsadimiz – tabiiy cheklovlardan o‘zimizni chetga olish.
Loyihaning iqtisodiy tomoni ham hisobga olingan. Sababi, elektr liniyasini tortib kelish, transformator qurishda ushbu loyiha 65 million so‘mga tushar edi. Quyosh panellarini qurganimizda 52 million so‘mga tushdi. Agar tabiiy elektr energiyasidan foydalanganimizda yillik elektr energiyasi uchun 15 million so‘m atrofida pul to‘lagan bo‘lar edik.
Quyosh panellarining ekspluatatsiya muddati 20 yil ekanligini hisobga olsak, yillik elektr energiyasidan 15 million so‘m sof daromad qilganimizda 4 yilda ushbu loyiha o‘zini oqlaydi va yana 16 yil muddatda davlat va xalq uchun beminnat xizmat qiladi», – dedi u.
Xulosa qilib aytganda, suv ta'minotini yaxshilash uchun quyosh energiyasidan foydalanish samarali va kamxarj loyiha ekaniga amin bo‘ldik. Balki chekka hududlarda yashovchi aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashdagi muammolarga yechim topishning eng to‘g‘ri yo‘l shu bo‘lishi ham mumkin.
Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.