MIB Zangiotadagi holatga izoh berib, endi energoresurslar bilan shug‘ullanmasligini eslatdi

Jamiyat 23:08 / 21.10.2020 19238

Majburiy ijro byurosi 19 oktabr kuni Kun.uz'da e'lon qilingan «Zangiotada 1200 ta uy elektrdan uzilgan. Fuqarolar noreal qarzdorlikdan, elektr korxonasi boshlig‘i MIB xodimlaridan shikoyat qildi» nomli maqolaga munosabat bildirdi.

Munosabatda holat bo‘yicha tekshirish o‘tkazilgani va endilikda bu soha bilan byuro shug‘ullanmasligi aytiladi.

«MIB Zangiota tumani bo‘limining sobiq davlat inspektori A.K. tomonidan joriy yilning 26 iyunida Zangiota tumani «Fayzli» mahallasi Yangi hayot ko‘chasi 32-uyda yashovchi fuqaro B.Abdullayevdan sarf qilingan elektr energiyasi uchun 700 ming so‘m naqd pulni undirib, iste'molchining daftariga 700 ming so‘m qayd etgan. Lekin texnik xatolik bilan termoprinter orqali 70 ming so‘m chek pul mablag‘i urilgani aniqlangan. Hozirda ushbu fuqaroning qolgan pul mablag‘lari uning elektron hisob raqamiga tushirib berilgan. Shunga qaramasdan A.K.ning boshqa iste'molchilar bilan undiruvdagi munosabatlari ham o‘rganilib, qonunda belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yilning 18 iyundagi «Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, Majburiy ijro byurosi faoliyatidagi gaz va elektr uchun to‘lovlarni qabul qilish vazifa va funksiyalari 1 avgustdan Energetika vazirligi zimmasiga o‘tkazilishi belgilangan. Endilikda ushbu vazifalar mazkur vazirlik tomonidan tizimli ravishda olib boriladi, deb hisoblaymiz.

Energetika sohasini isloh qilish maqsadida «O‘zbekenergo» AJda tubdan qayta qurish amalga oshirildi. Qolaversa, elektr energiyasini ishlab chiqarish, tashish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy usullariga o‘tildi. Umid qilamizki, sohadagi yuzaga kelayotgan muammolarni ushbu vazirlik va uning tarkibidagi tuzilmalar ijobiy hal qilishadi, yuzaga kelayotgan masalalarni endilikda MIB organlariga yuklash mavridi emas va bu masala 1 avgustdan muqarrar hal etilgan», – deyiladi Majburiy ijro byurosi munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: