XTV: O‘quvchilar darsdan keyin sinfni tozalash uchun navbatchilik tashkil etishi maqsadga muvofiq

Jamiyat 00:34 / 20.10.2020 14559

«Maktabimizda sinfxonalarni yig‘ishtirish uchun ota-onalardan pul yig‘iladi. Farroshlar zimmasiga xona yig‘ishtirish kirmaydimi?»

Fuqarodan kelib tushgan ushbu savolga 19 oktabr kuni Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamova javob berdi.

«Joylarda ba'zi ota-onalar farzandlari sinfxonani yig‘ishtirishini xohlamagani uchun farrosh yollab, unga sinfxonani yig‘ishtirishi uchun qo‘shimcha mablag‘ to‘lash hollari kuzatiladi.

Shuni aytish joizki, bolalar o‘zlarining orqasidan sinfini yig‘ishtirishi uchun navbatchilik tashkil qilishi ham bolada o‘ziga xos tarbiyani shakllantiradi. Bu esa bolaga erta yoshdan o‘zi o‘tirgan joyni toza va ozoda saqlash, birovning mehnatini qadrlashni o‘rgatadi. Shu sababli bolalar darslardan keyin sinfxonani yig‘ishtirish uchun navbatchilik tashkil etishi maqsadga muvofiq sanaladi.

Shu o‘rinda maktablarda farroshlar uchun ajratilgan shtat birligi – binolarning foydalaniladigan ichki qismi, shu jumladan, xizmat xonalari, yo‘laklar, zinapoyalar, faollar zali va sport zal hamda o‘quv sinflari maydonini tozalovchi farrosh lavozimi har 350 kvadrat metr tozalash maydoni uchun 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda kiritiladi.

Maktabda mashg‘ulotlar ikkinchi smenada ham olib borilganda, ushbu smenadagi o‘quvchilar foydalanadigan har 350 kv/m. tozalanadigan maydon uchun qo‘shimcha 0,25 birlik, uzaytirilgan kun guruhi mavjud bo‘lganda esa, guruhga qatnovchilar foydalanadigan har 350 kv/m. tozalanadigan maydonga 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda farrosh lavozimi kiritiladi», – dedi Laylo Rustamova AOKAdagi brifingda.

Ko‘proq yangiliklar: