Ma'lumki, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisi tashabbusi bilan tarmoqdagi ma'nan eskirgan elektr ta'minoti korxonalari binolari kapital ta'mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirilmoqda. Bugun ta'mirtalab holatga kelgan binolar zamonaviy qiyofa kasb etib, iste'molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilyapti.
Joriy yilning sentabr oyida Samarqand viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida hududda bo‘lgan Jamiyat rahbari shahar elektr ta'minoti korxonasini ko‘zdan kechirib, mazkur binoni ta'mirlash bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalar bergandi. Tez fursatlarda zarur jihozlar va uskunalar bilan ta'minlangan korxona binosi xodimlar va iste'molchilarga bayramga munosib tuhfa bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta'kidlash joizki, bu yerda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilganligi elektr energiyasi yetkazib beruvchi hamda iste'molchilarga qator qulayliklar yaratmoqda. Xususan, tezkor dispetcherlik xizmati bo‘limi uchun katta hajmdagi monitor o‘rnatilgani Samarqand shahriga kirib keluvchi elektr energiyani nazorat qilish, inson omilisiz iste'mol qilingan elektr energiyani aniqlash imkonini bermoqda. Bundan tashqari, elektr qurilmalar qancha yuklama bilan ishlashi, ASKUE hisoblagichlarining kunlik iste'moli, maksimal va minimal holatlarni ko‘rsatadi. Shuningdek, noqonuniy ulangan iste'molchini manziligacha ko‘rsatib bera olish xususiyatiga ega.
«Samarqand HETK» AJ tezkor dispetcherlik xizmati qoshidagi 12 nafar elektromontyor shahar dispetcherlik xizmatiga qo‘shib berildi. Jamiyat qoshidagi Call-markaz esa Samarqand shahar elektr ta'minoti korxonasining yangi binosiga ko‘chib o‘tdi. Tezkor brigada 6 dona «Damas» yengil yuk avtomashinasi hamda maxsus texnikalar bilan ta'minlandi. Samarqand shahrida elektr energiyasi bo‘yicha sarsongarchiliklarni bartaraf etgan holda, 3 ta hudud birlashtirildi. Hozirgi kunda iste'molchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida maxsus kassalar, bankomatlar ishga tushirilgan.
Ma'lumot o‘rnida, mazkur bino 1930 yilda Samarqand shahri aholisini generator orqali elektr energiyasi bilan ta'minlovchi bino sifatida qurilgandi. 1930-1970 yillar davomida shahar elektr ta'minoti korxonasida 40 nafardan ortiq xodim mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib 250 nafar ishchi-xodim faoliyat ko‘rsatayotgan korxonada 4 ta uchastka va 1 dona tezkor dispetcherlik xizmati bo‘limi mavjud.
1959-1960 yillarda tashkil etilgan uskunalarni ta'mirlash markaziy xizmati bo‘limi hozirgi kunga qadar Samarqand viloyatining barcha tuman elektr ta'minoti korxonasi balansida bo‘lgan 25 kilovatdan boshlab 630 kilovatli transformatorlarni ta'mirlash ishlarini olib boradi. Yaqin orada nafaqat Samarqand viloyati, balki Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga ham xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Hurmatli samarqandliklar!
Agar xonadoningizda elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz, bizga 1154 qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Samarqand shahri aholisi diqqatiga!
Agar sizning yangi hisoblagichingiz bloklanib qolsa, Temiryo‘l hududi bo‘yicha (95) 410-01-79, Siyob hududi bo‘yicha (95) 410-01-73, Bog‘ishamol hududi bo‘yicha (95) 410-08-91 raqamlariga soat 8:00 dan – 22:00 ga qadar murojaat qilishingiz mumkin.
Shuningdek, avariya holati kuzatilsa, (66) 233-67-63 yoki (95) 509-12-12 raqamlariga murojaat qilishingiz so‘raladi.
«Samarqand HETK» AJ matbuot xizmati