Koronavirus bemorlari davolanadigan kasalxona chiqindilari Chirchiq daryosi atrofiga tashlanayotgani ma'lum bo‘ldi

Jamiyat 21:55 / 20.10.2020 14975

Videoda katta uyumdagi chiqindilar yer maydoni va suv yuzasiga to‘kib ketilgani tasvirlangan. Video muallifi bu hududga uchta mashinadan to‘kilgan chiqindi sochilib yotgani haqida aytgan.

Kun.uz muxbiri hodisa bo‘yicha izoh olish uchun Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati rahbari Behzod Qobulov bilan bog‘landi.

«Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati hokimi topshirig‘i bilan hokimlik axborot xizmati vakillari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshlig‘i, Zangiota tumani ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish mintaqaviy qo‘mitasi raisi va boshqalar voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rganishdi. 

Aniqlanishicha, chiqindilar belgilangan joyga olib borilmasdan Chirchiq daryosining Yangiyo‘l tumani hududidan oqib o‘tuvchi qismiga, tadbirkorga tegishli yer maydoniga tashlab ketilgan.

Videoda tasvirga olingan holat 15 oktabr kuni tumanning «Chortoq» mahallasida yuz bergan. Shuningdek, chiqindilarni fuqaro Abdulloh Karimov tashlab ketgani, undan tushuntirish xati olinib, u tegishli kodeksga asosan ma'muriy javobgarlikka tortilgani ma'lum bo‘ldi.

Chiqindi to‘kilgan joy hozirda obodonlashtirilgan. Chiqindilar kasalxonadan qachon olib chiqib ketilgan, bu ish shaxsiy tashabbusmi yoki kimdir topshiriq bergani bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilyapti», dedi hokimlik vakili.

Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Arziqulov esa mazkur muassasa boshqarma tasarrufiga kirmasligini aytdi.

«Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan mazkur muassasaning boshqarmamizga aloqasi yo‘q. Bu respublika miqyosidagi muassasa hisoblanadi. Agar Olmaliqdagi, Chirchiq shahridagi, Bekoboddagi muassasalarimiz bo‘yicha savolingiz bo‘lsa biz to‘liq ma'lumotga egamiz va ular uchun javob beramiz», deya ta'kidladi boshqarma boshlig‘i.

Internetda mazkur holat borasidagi bahs-munozaralar tobora avj olmoqda. Deputat Rasul Kusherbayev ham telegramdagi kanalida tibbiy buyumlar chiqindisi Zangiota va Quyi Chirchiq tumanlari hududiga tashlab ketilayotganiga e'tibor qaratib, bu o‘sha hududlar aholisi orasida kasallik keng tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkinligini yozgan.

«Koronavirus bilan qarshi kurashda aholini hushyorlikka chaqirib, karantin qoidalarini buzganlik uchun qat'iy choralar qo‘llanayotgan bir vaqtda bir qator mas'ullarning o‘zlari koronavirusni tarqatishga atayin yo‘l qo‘yib berishmoqda.

Zangiota tumanida tashkil etilgan koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus kasalxonada kasallangan bemorlar uchun ishlatilgan tibbiy buyumlardan iborat chiqindilarning bir qismi atrof-muhitga tashlanmoqda. Xususan, kuni kecha Toshkent viloyati Zangiota, Quyi Chirchiq tumanlari, Chirchiq daryosi atrofiga tashlangan bunday chiqindilar aholining keskin e'tiroziga sabab bo‘ldi.

Bugun menga kelgan murojaat va ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda uchta hududda ana shunday chiqindilarni tashlab ketish holatlari aniqlangan. Achinarlisi, koronavirusda ishlatilgan chiqindilar daryo suviga qadar sochilib ketgan.

O‘rganish davomida yaqin vaqtgacha bunday chiqindilarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanib kelgan «Med class plus» MChJ bu xizmatni to‘xtatishi oqibatida shunday muammo kelib chiqqani ma'lum bo‘ldi. Ushbu tadbirkorlik sub'yekti standartlarga muvofiq, koronavirus bemorlarini davolashda ishlatilgan buyumlar chiqindisini yoqib, yo‘q qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Biroq mas'ullar tomonidan negadir ushbu MChJdan bu xizmat olinib, boshqa tadbirkorga berilgan va yangi tadbirkor chiqindilarni to‘liq yoqib, yo‘q qilishning uddasidan chiqa olmagach, yashirincha atrofga chiqarib to‘kishni boshlagan», degan deputat.

Kun.uz sayti ham mutasaddilardan aholining keskin e'tirozlariga sabab bo‘layotgan mazkur holat bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishini so‘raydi.

Ko‘proq yangiliklar: