«Adolatli qaror chiqishiga hanuz ishonaman». Bo‘kalik fermerning sarsongarchiliklari

Jamiyat 11:19 / 20.10.2020 11598

«Men Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tug‘ilganman, yoshim 59da. Uch nafar farzandim bor. Toshkent davlat politexnika institutining Mexanika fakultetini tugatganman. 2007 yildan fermer xo‘jaligida ishlay boshladim. Ishlash davomida kerakli mexanika vositalarini o‘z daromadimga sotib oldim. Fermer xo‘jaligining yer maydoni 64,7 gektar edi, asosan paxta-g‘allachilikka ixtisoslashtirilgan. Biz qo‘shimcha ishchi kuchi yaratish, qo‘shimcha daromad uchun chorvachilik va asalarichilikni ham rivojlantirdik. Ammo 2019 yil yanvar oyida optimizatsiya boshlandi», — deya hikoyasini boshladi fermer.

Nuriddin Abdug‘afforov yerlarni optimizatsiya qilish siyosatidan aziyat chekib, yerini yo‘qotdi. Keyinchalik tuman hokimining tegishli qarori ustidan prokuratura va sudga shikoyat qildi. Unda bunga yetarli asos bo‘lgandi.

«Tashkilot rahbarlarining o‘zlari ichki komissiya tuzib ishni ko‘rib chiqishgan. Ular 112 gektar yerni menga berish lozim, deb topishgan. Ikki kundan so‘ng deputatlar sessiyasida tashkilotlar rahbarlari bilan bizni yig‘ishdi, o‘sha vaqtda tuman hokimi o‘rinbosari bo‘lgan Umid Yo‘ldoshev «men rad etdim» deb loyihani «Abdujabbor fermer xo‘jaligi»ga berib yubordi.

Men ko‘p joylarga — bir necha bor prezident portaliga ham murojaat qildim. Bu vaqt davomida yangi hokim tayinlandi. Men va mazkur vaziyatdan norozi bo‘lgan yigirmaga yaqin fermerlar hokimga murojaat qildik. U murojaatnomam bilan tanishib, meni loyihaga munosib ko‘rdi. O‘sha yerda hokimning qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatchisi Abdusamat Nosirov bor edi. Tuman prokurori, IIB boshlig‘i 2019 yil 20 mart kuni Abdusamat Nosirovdan «berilgan yerni boshqatdan ko‘rib chiqaylik», deb so‘raganida, u kishi «agar bunga yerni bersak, boshqalar ham janjal qiladi, buning orqasida ikki yuz-uch yuz odam turibdi», deya javob qilgan. Masala sud orqali hal etilishi ma'qul ko‘rildi», — deydi u.

Fermer o‘zining huquqiy jihatdan haq ekanini isbotlamoqchi bo‘ldi. Masalan, 2019 yil 30 yanvarda Bo‘ka tumani hokimining 182-sonli qarorni qabul qilish uchun O‘zbekiston Yer kodeksining 36-moddasi 1-qismi talabi (Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishida yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechish) o‘rnatilgan tartibda bajarilmagan.

«2018 yil havo keskin isib ketgani uchun paxta rejasi bajarilmadi. 2018 yil noyabr oyi oxirlarida tuman prokurori tuman yo‘l-harakat xavfsizligi bo‘limi rahbariga mashinani olib qo‘yishga buyruq bergan. Mashina prokuraturada 16 kun qolib ketdi. Shungacha mendan ariza yozib berishni so‘ragandi. Arizada kredit to‘lovini amalga oshirolmasam, yerni tuman zaxirasiga olishlarini yozgandim, lekin men bu arizaga imzo ham sana ham qo‘ymaganman», — dedi fermer.

O‘tgan bir necha sud ishida Nuriddin Abdug‘afforovning ushbu vaji to‘laqonli o‘rganilmadi. Negaki, uning arizasi (2018 yil yozilgan, ammo 2019 yil yerni qaytarib olishda asos qilib olingan) bilan shug‘ullangan tuman hokimligi xodimi Anvar Ortiqov sudga chaqirilmadi.

«Bu arizani tuman hokimligi realizatsiya qilib, arizani ko‘p marta ro‘yxatdan o‘tkazdi. Lekin men o‘z xohishim bilan borib, hokimiyatga yerni ixtiyoriy ravishda topshiraman demaganman. Bundan tashqari, yerni zaxiralash uchun asos qilib olingan hujjat — tuman fermerlar kengashining xulosasi Yer berish va uni realizatsiya qilish komissiyasida ko‘rilmagan. Tuman deputatlari kengashida ham ko‘rilmagan. Men bilan tuzilgan ijara shartnomasi ham bekor qilinmagandi», — deydi u.

Sudda ko‘rsatma bergan tuman fermerlar kengashi raisi K.Boyqo‘ziyev va huquqshunosi A.Majidov ham Abdug‘afforovning arizasi kengashga kelib tushmagani, bu bo‘yicha xulosa berilmaganini ta'kidlagan. Bu esa Yer kodeksining 36-moddasi 1-qismi talabi buzilishidir.

Tuman hokimi qarorida fermer bilan tuzilgan ijara shartnomasi uning yerni ixtiyoriy topshirish to‘g‘risidagi arizasiga binoan bekor qilinishi ko‘rsatilgan. Hukumatning 2013 yil 31 yanvardagi 22-sonli qarori bilan qabul qilingan nizomga ko‘ra, yerni maqbullashtirish maqsadida tegishlicha olingan ariza tuman hokimi nomiga yoziladi va u uch kunda fermerlar kengashiga taqdim etiladi. Fermerdan olingan ariza ishonchli bo‘lmagani, u hukumat tasdiqlagan nizomda ko‘rsatilgan tartib va taomil bo‘yicha to‘ldirilmagani, shuningdek, belgilangan tartibda fermerlar kengashiga topshirilmagani sudda tasdiqlangan.

Tartibga ko‘ra, fermerlar kengashi arizani o‘rganib, tegishli xulosani tayyorlab, hujjatlarni Yer berish va realizatsiya qilish komissiyasiga yuborishi kerak. Nizom talabiga ko‘ra, komissiya taqdim etilgan hujjatlar asosida fermer xo‘jaligi yer maydonini ixtiyoriylik asosida maqbullashtirish masalasini bir hafta muddatda ko‘rib chiqadi, uning natijasida qabul qilingan komissiya qarori, bayonnoma va fermerlar kengashi xulosasi xalq deputatlari tuman kengashiga yuboriladi. Deputatlar tegishli qarorni qabul qilgach, buni hokimga yuboradi. Fermer Nuriddin Abdug‘afforovning yerlarini tortib olishda amaldagi mana shu tartiblar buzilgan.

Hokimning fermer Nuriddin Abdug‘afforovning ijara shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi qaroriga Xalq deputatlari Bo‘ka tuman kengashining 2019 yil 30 yanvardagi sessiyasi qarori asos qilib olingan. Ammo sessiyada bu fermerning yer ijara shartnomasini bekor qilishga rozilik berilgan emas, bu masala sessiya kun tartibiga ham kiritilmagandi. Demak, fermerning tuman hokimi bilan tuzilgan yer ijara shartnomasi hanuz o‘z qonuniy kuchini yo‘qotmagan. Ammo o‘tkazilgan sud ishlarida bunga e'tibor qilinmagan, keltirilgan vajlar inobatga olinmagan. Nuriddin Abdug‘afforov yana bir qancha asoslarni keltirishi mumkin, ammo u sud va ijro hokimiyati o‘rtasida sarson, tinglaydigan odam yo‘q.

«Men O‘zbekistonda qonun ustuvorligiga va sud tomonidan adolatli qaror chiqarilishiga ishonaman. O‘tgan bir yil davomida hech qanday ish qilolmadik, besh aka-uka, farzandlarim — barchamiz sud jarayonlari bilan ovoramiz. Agar yerimiz olib qo‘yilsa, boshqa ish izlashimizga to‘g‘ri keladi. Agar yerimni qaytarib berishsa, rejalarim fermerlik faoliyatini yanada kengaytirish, ish o‘rinlari yaratish, xalqqa yordam berish», — deya so‘zini tugatdi u.

Nuriddin Abdug‘afforov va uning advokati quyi instansiya qarori ustidan Toshkent viloyati ma'muriy sudiga shikoyat kiritgan. Ishni ko‘rib chiqish 20 oktabr kuni boshlanishi ma'lum qilingan.

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov

Ko‘proq yangiliklar: