Qishloq maktablaridagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirishi shahar maktablaridagiga qaraganda yuqoriroq - tadqiqot

Jamiyat 15:54 / 19.10.2020 3392

O‘zbekistonda qishloq hududlaridagi boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘zlashtirish natijalari shahar maktabi o‘quvchilariga qaraganda 0,9 foizga yuqoriroq. Bu haqda «Inson kapitali indeksi-2020» reytingida O‘zbekiston natijalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan onlayn konferensiyada Xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi direktori o‘rinbosari Hikmatilla Daminov ma'lumot berdi.

Uning qayd etishicha, bu statistika 2019 yilning noyabr oyida Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan TIMSS xalqaro tadqiqot natijalarida qayd etilgan.

«Boshlang‘ich sinf bolalarining o‘zlashtirishi ota-onaning qo‘llab-quvvatlashiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi. Shahar hududlarida ota-onalarning ko‘proq bandligi sababmi, shahar maktablariga nisbatan qishloq maktablarida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 0,9 foizga yuqori chiqdi. Shuning uchun ota-onalardan bolalarining o‘zlashtirishiga e'tiborli bo‘lishini, ko‘proq vaqt ajratishini so‘rab qolamiz», dedi u.

Uning qayd etishicha, shahar maktablaridagi bir va ikki smenali maktablardagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari ham o‘rganilgan.

«Bir smenali maktablardagi o‘zlashtirish ikki smenali maktablarga qaraganda 7,2 foizga kam bo‘lgan. Bir qaraganda bu narsa mantiqsizdek tuyulishi mumkin. Lekin shaharlarda maktablar ikki yoki uch smenali bo‘lib qolgani ularda ta'lim sifati yaxshiligi bilan bog‘liq. Shuning uchun ham ota-onalar bolalarini bu maktablarda o‘qitishni xohlaydi. Va bu maktablarda o‘quvchilar soni ham oshadi», dedi u.

Eslatib o‘tamiz, Jahon banki tomonidan e'lon qilingan inson kapitali indeksida O‘zbekiston ilk bor qatnashib, 62 foizlik natija qayd etgan

Ko‘proq yangiliklar: