Asakada tibbiyot xodimlariga berilgan mukofot pullari nega qaytarib olinyapti?

Jamiyat 09:10 / 17.10.2020 35337

Ma'lumki, prezidentning 2020 yil 30 iyuldagi farmoni va hukumatning shu kungi qaroriga muvofiq, tez tibbiy yordam xodimlariga bir martalik moddiy rag‘batlantirish pullari berilishi belgilangan. Mazkur moddiy yordam uchun respublika budjetidan 100 mlrd so‘m va taniqli tadbirkor Alisher Usmonov tomonidan qo‘shimcha ravishda 100 mlrd so‘m (10 mln dollar ekvivalentida) miqdorida homiylik xayriyasi ajratilgan.

Rag‘batlantirish to‘lovlarini tez tibbiy yordam bo‘limlarida ishlovchi vrach xodimlarga 5 million so‘mdan, o‘rta tibbiyot xodimlari (feldsherlar va sanitarlar)ga 4 million, haydovchilarga esa 3 million so‘m berilishi belgilangan edi.

«Avval mukofot berib, so‘ng qaytib olishyapti...»

To‘rttosh tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlari Kun.uz bilan bog‘lanib, ularga bir martalik moddiy yordam puli berilgani va oradan 2 oy o‘tib o‘sha pullar oylik maoshlaridan qaytarib olinayotgani haqida arz qildi.

«20 yildan oshiq vaqt davomida Asaka tuman tez yordam bo‘limida bir stavkada feldsher bo‘lib ishlab kelaman. Avgust oyida bizga 4 milliondan rag‘batlantirish puli berishdi. Endi bo‘lsa, sentabr oyi maoshimizdan mukofotning ma'lum miqdori qaytarib olinyapti. Meni oyligimdan 500 ming ushlab qolishdi. Keyingi oyga yana olinar ekan.

Buxgalteriyadan sababini so‘rasam: «May oyida ishlamaganingiz uchun», deyishdi. Men may oyida mehnat ta'tilida edim. Qarorda: «1 iyuldan oldin ishga kirganlarga beriladi», deyilgan. Faqat may oyida «otpuska»da bo‘lganim uchun menga o‘sha oyga ish haqi tushmagan ekan. Shuning uchun rag‘bat puli noto‘g‘ri, ya'ni ko‘p hisoblanib, endi qaytarib olinayotganmish», – deydi bo‘lim feldsheri Ixtiyora Kamolova.

«2020 yil yanvar oyida ishga kirganman. Iyun oyida tadbirkor vatandoshimiz Alisher Usmonov tomonidan ajratilgan rag‘batlantirish puli berildi. Meni plastik kartamga 800 ming so‘m pul tushirib berishgan. Endi buxgalteriya sentabr oyligimdan rag‘batlantirish to‘lovida 332 ming so‘m ortiqcha berib yuborilgan, degan vaj bilan 122 ming so‘m ushlab qolibdi.

Nima sababdan qaytarib olyapsizlar, desam: «Yuqoridan buyruq bo‘ldi», deyishdi. O‘zi bir oyda ikkita smena turaman. Endi bir smenamni pulini ushlab qolishar ekan. «Qaysi buyruqqa asosan bunday qilyapsizlar», deb so‘rasak: «Prokuratura tomonidan tekshirish bo‘lib, buyruq chiqdi», deyishdi.

Bir oyda 400 ming so‘m oylik olaman. 200-300 ming ushlab qolishsa, qanday kun ko‘raman? Sentabr oyida 18 ming 727 so‘m maosh oldim. Buxgalteriyaga: «Nega bunday bo‘ldi?» deb so‘rasam: «Ortiqcha berilgan pulni ushlab qoldik», deyishdi. Nimaga endi bizga mukofot puli beriladi-yu, yana qaytarib olinyapti? Shuni sababini bilmayapmiz», – deydi feldsher Mardona Abdumalikova.

Feldsher Diyora Mamirova ham unga 4 mln so‘m mukofot puli berilgan bo‘lib, noto‘g‘ri hisoblangani uchun sentabr oyligidan 500 ming ushlab qolinganini aytdi.

Tez tibbiy yordam bo‘limidagi sharoitlar bilan tanishdik. Afsuski, muassasada xodimlar uchun sharoitlar haminqadar. Xonalar ta'mirtalab, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Binoda ichimlik suvi yo‘q. Mavjud uchta tez yordam mashinasiga yopiq joy bo‘lmagani sabab, qishin-yozin tashqarida turadi.

«Ko‘p to‘lab yuborilgan xodimlardan kam to‘langan xodimga o‘tkazib berilmoqda»

Tez tibbiy yordam xodimlari dardini tinglagandan so‘ng Asaka tuman tibbiyot birlashmasiga borib masalaga oydinlik kiritishga harakat qildik.

Birlashma boshlig‘i Sherzodbek Kamolov buni mas'ul xodimlarning xatosi deb tushuntirdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot birlashmamiz maxsus hisob raqamiga moddiy rag‘batlantirish uchun jami 1 milliard 219 million so‘m pul kelib tushgan. Shundan 1 milliard 103 million so‘m pul xodimlarning plastik kartalariga tushirib berilgan. Oshib qolgan 193 million so‘m miqdoridagi pullar esa yana qayta vazirlik hisob raqamiga qaytarib yuborilgan.

Lekin tibbiyot birlashmamiz iqtisodchisi, tez tibbiy yordam bo‘limi katta og‘asining texnik xatolari hisobiga ba'zi xodimlarimizga ko‘p, ayrim xodimlarimizga esa oz miqdorda pul berilgan.

Bundan tashqari, qarorda shifokor, feldsher, sanitarka yoki kichik tibbiy xodim va haydovchilar nazarda tutilgan. Tez tibbiy yordam bo‘limlarida mavjud – dispetcher, sumka taxlovchi shtatlarga rag‘bat puli berilishi qarorda ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, xato tufayli rag‘batlantirib yuborilgan. Ular o‘rta tibbiy xodim sifatida tavsiflanib pul to‘langan.

Hozirda xatoliklar o‘rganilib, tuman adliya bo‘limining taqdimnomasi chiqqan. Bundan tashqari, tuman moliya bo‘limi va tuman prokuraturasi tomonidan mana shu holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi va kerakli tavsiyalar berildi. Ana shu tavsiyalar asosida tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlariga yig‘ilish o‘tkazildi. Xodimlar roziligini olgan holda yig‘ilish bayoni qilinib, bu asosda buyruq tayyorlandi. Ko‘p to‘lab yuborilgan pul mablag‘lari kam to‘langan xodimlarga o‘tkazib berilmoqda.

458-sonli qaror ijrosini bajarishda xatoliklarga yo‘l qo‘ygani uchun tuman tibbiyot birlashmasini iqtisodchisi Z.Turg‘unovaga nisbatan ma'muriy jarima jazosi, tez tibbiy yordam bo‘limi bosh og‘asi Sh.Teshaboyevga esa intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi».

Birlashma huquqshunosi Dilfuzaxon O‘rmonova xatoliklar oqibatida xodimlarga noto‘g‘ri to‘langan mablag‘larning qaytarilishi bo‘yicha tashkilot rahbarining Mehnat kodeksi 164-modda 3-qismi bilan 108/1-sonli buyrug‘i chiqarilganini bildirdi.

Tuman adliya bo‘limi boshlig‘i: «Tashkilotda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan»

Tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlari muammo yuzasidan Asaka tuman adliya bo‘limiga murojaat qilishgan. Adliya bo‘limi tuman moliya bo‘limi bilan hamkorlikda tekshirish o‘tkazganidan so‘ng kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

Bu haqida Asaka tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Ilhomjon Ahmedov shunday deydi:

«Tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam xodimlari bir martalik moddiy rag‘batlantirish pullari kam hisoblangani va belgilangan tartibda berilmayotganini bildirishgan. Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tuman moliya bo‘limidan mutaxassis jalb etilib, o‘rganish o‘tkazildi. O‘rganish natijasida bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Birinchidan, bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyul kungi 458-qarori 30 iyulda chiqarilgan bo‘lsa-da, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan o‘rganish kuniga qadar qaror ijrosini tashkillashtirish bo‘yicha buyruq chiqarilmagan. Birlashma rahbari tomonidan, mutasaddi xodimlar – iqtisodchi, buxgalteriya xodimi, kadrlar bo‘yicha mas'ul xodimga qaror ijrosi yuzasidan vazifalar yuklanmagan. Rahbar faoliyat yuritayotgan xodimlarning stavkalar bo‘yicha hisoblash, pullarni belgilangan tartibda ajratish hamda tibbiyot birlashmasi huquqshunosiga uning qonuniyligini ta'minlash bo‘yicha buyruq chiqarib, so‘ng ijrosini tashkillashtirish bo‘yicha axborot so‘rashi kerak edi. Lekin TTB boshlig‘i qaror ijrosiga mas'uliyatsizlik bilan qarab, hech qanday buyruq, chora-tadbirlar rejasi hamda «yo‘l xaritasi» tuzmagani, eng asosiysi bu yerda bir martalik moddiy rag‘batlantirishni ta'minlash uchun tez tibbiy yordam xodimlarining qat'iy ro‘yxati shakllantirilmagani sabab bir qator xatoliklar yuzaga kelgan.

Ro‘yxat tez tibbiy yordam bo‘limi mudirining og‘zaki so‘ziga asosan «UzASBO» maxsus hisoblash dasturiga kiritilgani sababli shu qonun buzilishlar kelib chiqqan.

SSVning maxsus hisob raqamidan Asaka tumani tibbiyot birlashmasiga 1 milliard 219 million 250 ming so‘m pul mablag‘lari kelib tushgan bo‘lsa, TTB tomonidan joriy yilning 6 avgust kuni xodimlarning plastik kartalariga 1 milliard 26 million 250 ming so‘m miqdoridagi summa o‘tkazilgan, qolgan 193 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari vazirlik hisob raqamiga qaytarilgan. Shu yerdan ham bilish mumkinki, tuman tibbiyot birlashmasi boshida shu qaror ijrosini tashkillashtirish bo‘yicha buyurtma berganda aniq ro‘yxat, aniq miqdor belgilanmagan. Moliya mutaxassisi o‘rganish davomida 246 nafar xodimga 155 million 768 ming so‘m ortiqcha hamda 300 nafar xodimga 128 million 339 ming so‘m kam berilganini aniqladi.

Tuman adliya bo‘limi mazkur holat yuzasidan 26 avgust kuni tuman tibbiyot birlashmasiga qonun buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritdi. Birlashma huquqshunosi kelgusida qonun buzilishlarini bartaraf etishda Mehnat kodeksi talablari asosida ish ko‘rishi bo‘yicha ogohlantirildi. Ya'ni noto‘g‘ri to‘langan mablag‘lar xodimlar ish haqidan qaytarilishi jarayonida 50 foizdan ortiq mablag‘ ushlash mumkin emasligi, kam hisoblangan miqdor aniqlangandan keyin bir oy muddat ichida qaytarish lozimligi, bir oylik muddat o‘tib ketganidan keyin sud tartibida undirish kerakligi tushuntirilgan.

Tibbiyot birlashmasida mehnat qonunchiligining qo‘pol buzilish holatlari aniqlandi. Tez tibbiy yordam bo‘limi xodimlari – dispetcher va sumka taxlovchilarni vazifalarga tayinlashda buyruq chiqarilmagan. Buyruq chiqarilmasdan faqatgina tez tibbiy yordam bo‘limi mudirining grafikka qo‘yishi bo‘yicha oylik maosh hisoblab kelingan.

Yana bir achinarli holat: 300 nafar xodimga 128 million 339 ming so‘m kam berilgangani uchun 246 nafar xodimga to‘langan 155 million 768 ming so‘m ortiqcha mablag‘ xodimlar maoshidan ushlab qolinganidan so‘ng yana 27 million so‘m ortiqcha summa paydo bo‘lib qolyapti va bu summa Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga o‘tkaziladi. Axir o‘z ishiga shu darajada ham mas'uliyatsizlik bilan yondashish mumkinmi?» – dedi Ilhomjon Ahmedov.

Xulosa o‘rnida

Shu o‘rinda mehnat qonunchiligini yodga olmay ilojimiz yo‘q. Mehnat kodeksining 279-moddasiga ko‘ra (ortiqcha to‘langan ish haqini qayta undirib olish shartlari) ish beruvchi tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan, shu jumladan qonunning noto‘g‘ri qo‘llanishi oqibatida to‘langan ortiqcha ish haqi qayta undirib olinishi mumkin emas. Ammo nimagadir, ishni ko‘rib chiqqan na prokuratura va na adliya bo‘limi bu haqida og‘iz ochmagan.

Aslida, bu vaziyatda xodimlarning huquqlarini himoya qilish uchun mavjud bo‘lgan, shu xodimlarning maoshidan a'zolik badali oladigan kasaba uyushmasi jonbozlik ko‘rsatishi kerak emasmi?

Rasmiy idoralarning bu vaziyatga e'tibor qaratishlarini so‘rab qolamiz.

Elmurod Ermatov
Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: