Shuhrat Orif yangi she'riy kitobini adabiyot muxlislariga taqdim etdi

Jamiyat 22:25 / 15.10.2020 1927

Kitob «Yangi asr she'riyati» rukni ostida chop etilgan. Ushbu loyihada XXI asrda o‘zbek she'riyatida o‘z so‘zini ayta olgan, so‘z yukini his qilib dilbar she'rlar yozgan shoirlar ijodi kitob holida chop etilishi yo‘lga qo‘yilgan.

«Shuhrat Orifning she'rlarini o‘qir ekansiz uning teran nigohini sezasiz. Har bir she'rda nazm atalmish muhtasham qasrda so‘zdan so‘zni axtarib yurgan shoirning ko‘ngil kechinmalariga duch kelasiz. Har bir satri o‘yga toldiradigan, mushohadaga chorlaydigan misralar ichiga sho‘ng‘ib ketasiz.

Shoirda yaxshi bir an'ana bor ekan. She'rlari ma'nodor, takrorlanmas. Shoir she'rlari biri-birini takrorlamasligi, biri-birini yodga solmasligi bilan go‘zal. Har bir asari alohida dard, alohida mavzu borligi bilan kitobxonni o‘ziga jalb qiladi.

Kitob zamonaviy ko‘rinishga ega. Unga shoirning muhabbatga oshno ko‘ngli aks etgan nafis she'rlari va kishini mushohadaga chorlovchi qatralari kiritilgan», deyiladi kitobga yozilgan taqrizda.

***

Umr o‘tib borar tuyakarvondek,

Qo‘ng‘iroq chaladi lo‘killab sabrim.

O‘zimdan uzoqlab borganim sari,

Senga yaqinlashib boryapman, qabrim!

Xiralashib borar ko‘ngil tobora,

Hasratlar ko‘zimga uya qurgandek.

Atrofga alanglab boqaveraman,

Kimdir menga doim qarab turgandek...

Yaxshi bola edim bolaligimda,

Bulutga ergashib yo‘lni unutdim.

Baribir siz bunga ishonolmaysiz,

Men sizni har kuni boladek kutdim.

Uzoqdan umrning shomi ko‘rinar,

Xayol esa hamon beqaror, daydi.

Yashab o‘tay desam hamma qatori,

Ko‘ksimda nimadir tipirchilaydi...

Yig‘lagim keladi olqishlasalar,

Noqulay sezaman o‘zni hashamda.

Kibor davralarda yashnab yuribman,

Tugab borayapman aslida shamday...

Lo‘killab qo‘ng‘iroq chaladi sabrim,

Ko‘changdan o‘turman, yo‘llarimga chiq.

Dunyoni yelkaga ortib jimgina

O‘tib borayotir bir dalli oshiq...

Ko‘proq yangiliklar: