«Talafot ko‘rgan 3ta hududdagi 11ta mahallada istiqomat qiladigan fuqarolar bilan gaplashib, ishsiz bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxatini aniqlab oldik. Ro‘yxat qilinganida 5 mingdan ortiq ishsiz fuqarolar aniqlandi.
Bu fuqarolarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qildik. Fuqarolar o‘z mahalla, xonadonlarini o‘zlari tozalashda ishtirok etishdi va buning uchun har oyda haq to‘landi. 4 mingdan ortiq fuqarolar bunda ishtirok etishdi.
Ikkinchi yo‘nalishimiz – respublikaning barcha hududlaridan quruvchilar keldi. Biz mana shu quruvchi, pudrat tashkilotlari bilan aloqaga chiqib, shu hududning o‘zida istiqomat qiluvchi fuqarolarni ishga joylash choralarini ko‘rdik. Natijada 1,5 mingdan ortiq shu tumanlarda istiqomat qilgan, qo‘lida hunari bo‘lgan fuqarolarimiz – elektr, betonchi, suvoqchi yoki boshqa qurilish kasbiga ega bo‘lganlarni quruvchi tashkilotlariga shartnoma bilan ishga yo‘lladik. 1,5 mingdan ortiq fuqaro nafaqat ko‘p qavatli uylar, balki 1,8 mingdan ortiq yakka tartibdagi uylarni ta'mirlashda o‘zlari ishtirok etishdi. Ular ham o‘z vaqtida, quruvchilar bilan teng ravishda ish haqini olib kelishdi.
Yana bir yo‘nalish – qariyb 1,8 mingdan ortiq yakka tartibdagi xonadonlar oldidagi piyodalar yo‘lakchasi qurish ishlarini yuz foiz mahalliy aholining kuchi bilan amalga oshirdik. Raqamlarda aytadigan bo‘lsak, 36 km trotuar yo‘lakchasi fuqarolarimizning o‘z qo‘llari bilan qurildi», dedi Nozim Husanov Xalqaro press-klubning «Sirdaryo: xalq roziligi va birga katta kuchmiz» nomli sessiyasida.
Vazir Sirdaryoda yil yakuniga qadar yaratiladigan ish o‘rinlari haqida ma'lumot berdi.
«Prezidentimiz Sirdaryo viloyatining mana shu 3ta tumanini sanoat tumanlari qilish bo‘yicha topshiriq bergandi.
Shu yil yakunigacha 230ta loyiha ishga tushirish bo‘yicha jarayonlari ketyapti. Bular 8 mingdan ortiq ish o‘rinlarini tashkil qiladi. Misol uchun, shulardan 31ta loyiha bu – tikuvchilik yo‘nalishida», dedi vazir.