O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev «Raiffeisen Bank International AG» direktorlar kengashi a'zosi Lukash Yanushevski bilan muzokara o‘tkazdi. O‘zbekiston elchisi mamlakatdagi bank-moliya sohasidagi o‘zgarishlar va kutilayotgan islohotlar, xususan, banklarni xususiylashtirish to‘g‘risida ma'lumot bergan.
Ta'kidlanishicha, Raiffeisen Bank xodimlari tomonidan O‘zbekistonda bank mutaxassislari uchun dolzarb masalalar yuzasidan seminar-trening o‘tkazib berishga tomonlar kelishgan. Shuningdek, Avstriya banki O‘zbekistondagi davlat ulushi yuqori bo‘lgan banklarning xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishga qiziqish bildirgan. Bundan tashqari, xususiylashtirish ishiga Yevropaning nufuzli moliyaviy institutlarini jalb etishda ko‘mak berilishi bildirilgan.
Raiffeisen Bank vakillari Yevropa, xususan, Avstriyada ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlar importi uchun O‘zbekistonga imtiyozli kredit ajratish masalasida ham fikr bildirgan.
Ma'lumot uchun, «Raiffeisen Bank International AG» bosh ofisi Avstriyada joylashgan Yevropaning nufuzli investitsion va korporativ banki hisoblanadi. Bank 2020 yil holatiga ko‘ra, 163,7 milliard yevro kapitalga ega. Uning 14ta davlatda joylashgan kompaniyalarda ulushi bo‘lib, 2019 yildagi sof daromadi 1,23 milliard yevroga yetgan.