«Muammolar tizimli hal qilinmasa, ijtimoiy tashabbuslar dengizdan tomchi bo‘lib qolaveradi» - Hashar Week loyihasi muallifi bilan suhbat

Jamiyat 18:00 / 04.10.2020 8872

O‘zbekistonda nodavlat-notijorat tashkilotlari to‘siqlarsiz faoliyat yurita olyaptimi? Bu xususida ekologik muammolarni hal qilishga ko‘maklashish bilan shug‘ullanuvchi Hashar Week ijtimoiy loyihasi muallifi va rahbari, xalqaro siyosiy konsultant Suna Park bilan suhbatlashdik. U O‘zbekiston sharoitida ijtimoiy loyihalar uchrashi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar haqida o‘z tajribasi asosida gapirib berdi.

Suna Park, Hashar Week loyihasi muallifi va rahbari

– Hashar Week 1,5 yildan beri ijtimoiy loyiha sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Biz shunchaki ko‘ngillilar guruhi yoki ekologiya faollari emasmiz. Ko‘pchilik bizning asosiy faoliyatimiz hasharlar tashkillashtirishdan iborat deb o‘ylaydi, ammo biz oldimizga kattaroq masshtabdagi maqsadlar qo‘yganmiz. O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi ijtimoiy taraqqiyot bilan birga kechishi va bu ekologiya manfaatlariga zid bo‘lmasligi loyihamizning asosiy tamoyillaridan biridir.

Faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlari haqida qisqacha gapirib bersam, Hashar Week ekologiya muhofazasiga qaratilgan tashabbuslarni ilgari suradi. Aniq strategiya ishlab chiqqanmiz. Unga ko‘ra, dastlab chiqindi bilan ishlash madaniyatini shakllantirishdan ish boshladik.

Chiqindilarni saralash va bundan keladigan daromaddan ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi loyihamiz – «Chiqindingiz bilan yordam bering». Ikkinchi yo‘nalishimiz – ekomenejment, ya'ni tashkilotlarning korporativ ijtimoiy va ekologik mas'uliyati bo‘yicha strategiya ishlab chiqishdir. Ish joylarini ekomenejment asosida tashkil qilish bo‘yicha «Yashil ofis», bir martalik plastik idishlardan foydalanishni qisqartirishga qaratilgan «Yashil qahvaxona» kabi loyihalarimiz bor.

Maktab o‘quvchilarida chiqindini saralash ko‘nikmasini shakllantirish va buning ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan «Z avlod» loyihasini amalga oshirdik. 12ta hudduddagi 100dan ziyod maktabda loyiha amalga oshirildi.

Bosh maqsadimiz – balandparvoz chaqiriqlar bilan bir martalik aksiyalar o‘tkazish emas, balki tabiatni muhofaza qilish ko‘nikmasini doimiy odatga aylantirishdir. Biz butun boshli tizimni o‘zgartirishni maqsad qilganmiz. Buning uchun esa masalaga kompleks yondashish kerak. Davlat ham, aholi ham, biznes vakillari ham birgalikda ishlashi lozim.

Deylik, odamlar polietilen paketlarning ekologik zararini bilishadi, ulardan foydalanishni istamaydi, ammo ishlab chiqaruvchilar ko‘p martalik matoli paketlar emas, polietilen tayyorlashda davom etsa, odamlarda qanday variant qoladi?!

«Talonchiliklar ishonchsizlikni keltirib chiqarmoqda»

– Tashabbuslarimiz hech qanday tijoriy maqsadlarni ko‘zlamaydi. Aksariyat harakatlar tabiat muhofazasi uchun savob yo‘lida qilinadi. Ammo bu har doim ham osonlik bilan amalga oshmaydi.

«Chiqindingiz bilan yordam bering» loyihasi orqali go‘yoki biz pul ishlashni maqsad qilgandek yozishadi. Odamlarning loyihalarga bunday munosabatini ham to‘g‘ri tushunsa bo‘ladi. Chunki turli davlat idoralarida budjet pullari, homiylik asosida berilgan mablag‘larning talon-taroj qilinayotgani haqida kunda-kunora xabarlar chiqadi. Tabiiyki, aholida ishonchsizlik paydo bo‘ladi.

Natijada boshqa har qanday ko‘ngillilik asosidagi tashabbuslarga ham ishonchsizlik, hafsalasizlik bilan qarashadi, o‘z hissalarini qo‘shishni istashmaydi.

«Ijtimoiy loyihalar davlat ko‘magisiz keng harakat olib borishi qiyin»

– Hashar Week’ni dastlabki bosqichda Respublika ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi bilan hamkorlikda ishga tushirganmiz. Qo‘mitaning sobiq rahbari Bahrom Qo‘chqorov va uning jamoasi bilan juda yaxshi hamkorligimiz bor edi, ish juda yaxshi yo‘lga qo‘yildi. Bu davlat idorasi va nodavlat-notijorat tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikning eng yaxshi namunasi bo‘la oldi.

Ammo keyinchalik qo‘mita rahbariyati o‘zgardi, yangi jamoa keldi. Albatta, yangi jamoaning o‘z ustuvor yo‘nalishlari va ishga yondashuvlari bor, shuning uchun, afsuski, qo‘mita va loyihamiz o‘rtasidagi hamkorlik uzilib qoldi.

Biroq biz kabi ijtimoiy loyihalar davlat ko‘magisiz keng qamrovlarda harakat olib borishi qiyin kechadi. Nodavlat-notijorat tashkilotlari faqatgina hamkorlik asosida ishlay olishi mumkin. Buning uchun esa davlat ijtimoiy loyihalar bilan ishlaydigan tizimga ega bo‘lishi kerak. NNTlar tomonidan g‘oya, davlat tarafidan tashkiliy ko‘mak berilsa, shunda o‘rtada samara yuzaga keladi.

«Davlat tashkilotlari raqamlar ortidan quvishadi»

– Hozir hamma idoralar raqamlar ortidan quvadi. Ekologiya qo‘mitasidan, shahar hokimiyatidan qo‘ng‘iroq qilishadi, loyihalarimizga bog‘liq raqamlar bilangina qiziqishadi. Misol uchun, «Chiqindingiz bilan yordam bering» loyihasida ishtirok etganlar juda ko‘pchilik emasligini eshitgach, hafsalasizlik bilan qarashdi. Ammo bizga raqamlar muhim emas. Mayli, ming kishi emas, yuz kishi loyihamizda qatnashsin, ammo chiqindini saralash doimiy odatga aylansin.

Yaqinda chiqindi masalalari bo‘yicha davlat rahbari ishtirokida videoselektor bo‘ldi. Undan avval men bilan bog‘lanib, loyihamiz haqida ma'lumot va raqamlar so‘rashdi, bu prezidentga taqdim etilishini aytishdi. Ammo bu davlat rahbariga yetib borganiga shubham bor, chunki raqamlar ularga juda kichikdek ko‘ringan ehtimol.

Fikrimcha, kichik, ammo muhim tashabbuslar, raqamlar haqida prezidentga ma'lumot berish kerak. Bu fuqarolik jamiyati ishlayotganini, davlatning yordamchilari borligini ko‘rsatish uchun muhim. Raqamlar ortidan quvish – bu raqamlar esa har doim ham haqiqatga mos kelmasligi mumkin – asl holat haqida yanglish tasavvurni keltirib chiqaradi.

«Dabdurustdan ekologiya inspeksiyasi vakili kelib, punktlarimizdan birini yopmoqchi bo‘ldi»

– «Chiqindingiz bilan yordam bering» loyihasida muhtojlarga moddiy ko‘mak tashkillashtirish uchun saralangan chiqindini qabul qilib, utilizatsiyaga topshirishni yo‘lga qo‘ygandik. Buning uchun Toshkent shahrida chiqindi tashuvlarini amalga oshiruvchi xususiy korxonaning 7ta punktidan foydalanayotgan va bu haqida Respublika ekologiya qo‘mitasini ogohlantirgandik. Shunga qaramay, tuman ekologiya inspeksiyasidan vakil kelib, dabdurustdan punktlardan birini yopmoqchi ekani haqida ma'lum qildi. Punkt loyihani amalga oshirish uchun xizmat qilayotgani, qo‘mita buni bilishini aytsak, inspektor bundan xabarsizligini ta'kidladi. Davlat idoralari orasida aloqaning o‘zaro yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganidan o‘rtada biz kabi loyihalar jabr ko‘radi.

Bu nainki nodavlat-notijorat tashkilotlarining faoliyatini qo‘llab-quvvatlamaslik, balki ularning mustaqil faoliyatiga xalal berish emasmi?

«Niqob va qo‘lqoplar utilizatsiyasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi kerak»

– Pandemiya tufayli kuniga bir necha yuz kilogramm tibbiy niqob va qo‘lqop chiqindilari hosil bo‘lmoqda. Tartibga ko‘ra, ularning barchasi jamlanib, maxsus tarzda yo‘q qilinishi kerak. Ammo bunday qilinayotgani yo‘q – ular maishiy chiqindi bilan birga poligonlarga ravona bo‘lyapti.

Hashar Week shaxsiy himoya vositalarini to‘g‘ri utilizatsiya qilish zarurati masalasini birinchi bo‘lib ko‘tardi. O‘z kuchimiz va xususiy hamkorlar bilan birga himoya vositalarini aholidan yig‘ib olishni amalga oshirdik.

Niqoblarni yig‘ish va utilizatsiya masalasi bilan shug‘ullanayotganimizni eshitib, Toshkent shahar hokimiyatidan, Prezident administratsiyasidan qo‘ng‘iroq qilishdi. Nima ish qilayotganimiz bilan qiziqishdi. Tizimni tashkil qilish algoritmi haqida gapirib berdim. Ammo shundan keyin ham hech bir davlat idorasi tomonidan biron harakat amalga oshirilgani yo‘q, yo‘qolib qolishdi. Vaholanki, bu masalalar haqida davlatning o‘zi bosh qotirishi kerak.

«O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazida bir hafta davomida ishlab, u yerdagi ko‘ngillilar har 2 soatda almashtirayotgan niqoblarni yig‘ib oldik.

Utilizatsiya uchun kerakli mablag‘ ajratilmagani bois uni to‘g‘ri amalga oshirishning imkoni bo‘lmadi. Natijada o‘z kuchimiz bilan jamlagan niqoblar yana poligonga ravona bo‘ldi.

Utilizatsiya o‘z-o‘zidan amalga oshirilmaydi, bu mablag‘ asosida bajariladigan ish. Xususiy hamkor bilan birga Toshkent shahridagi 14ta punktda shaxsiy himoya vositalarini yig‘ishni yo‘lga qo‘ydik. Bugungacha 100 kg chiqindi jamlandi va homiylik mablag‘lari asosida utilizatsiya amalga oshirildi. Aholi niqob va qo‘lqoplardan foydalanishda davom etadi, shu bois ularning utilizatsiyasini yo‘lga qo‘yish mumkin. Chunki bu chiqindilar qayta ishlanmaydi. Bu borada biz yordam berishga tayyormiz, ammo infratuzilma nuqtayi nazaridan davlatning ishtiroki juda muhim. Davlatning yordamisiz yirik masshtablarda harakatlanishimiz qiyin.

Bu – tizimdagi juda katta muammo. To‘g‘ri, davlatning millionta qo‘li va ko‘zi yo‘q, u barcha funksiyalarini birdek a'lo darajada bajara olmasligi mumkin. Shuning uchun u ko‘ngillilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi kerak. Biz yordamga tayyormiz, ammo hamkorlik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi va davlat tomonidan qarshiliklar bo‘lmasligi kerak.

Hasharlarni har kuni o‘tkazish mumkin, biroq muammolar tizimli asosda hal qilinmasa, bunday tashabbuslar dengizdan tomchi bo‘lib qolaveradi. Buning uchun esa davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kerak.

«Men tabiatga qanday yordam bera olaman?»

– Turli muammolarda davlat asosiy aybdorga aylanadi, ammo odamlarning o‘zi ham shaxsiy mas'uliyat hissi haqida unutmasliklari lozim.

Huquq bor joyda majburiyatlar ham bor. Tabiatni yaxshiroq, tozaroq qilish ilinjida ko‘ngillilik asosida hasharlar tashkillashtirilsa, bu majburiy mehnat deb e'tiroz bildiriladi. To‘g‘ri, hech kimni chiqindini saralashga majburlab bo‘lmaydi. Ammo «tabiatga qanday yordam berishim mumkin?» degan savolni har bir inson o‘ziga berib ko‘rsa, ko‘p narsa o‘zgargan bo‘lardi.

Har bir qilinayotgan xarid haqida mulohaza qilishsa, ishlatilgan niqob, bo‘shagan qadoqlarning keyingi taqdiri haqida o‘ylab ko‘rishsa, ijobiy o‘zgarishlarga erishish mumkin. Ekologik muvozanatga har bir insonning kichik harakatlari orqali erishiladi.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: