“29 sentabr kuni Namangan shahrida istiqomat qilgan 35 yoshli marhuma Gulandom Dadaboyeva ijro harakatlari davrida o‘z joniga qasd qilib, ustiga benzin yoqilg‘isi bilan yoqishi natijasida vafot etgan edi. MIB Namangan shahar bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining 08.10.2019 yildagi hal qiluv qaroriga ko‘ra undiruvchi A.Djurayev foydasiga javobgar – marhumaning onasi M.Dadabayeva va uning oila a'zolarini Namangan shahar, Istiqbol MFY, 9-Bog‘i eram ko‘chasi 34-uydan majburiy tartibda ko‘chirish belgilangan edi.
Mas'ul xodimlar Majburiy ijro organlari sud va boshqa organ hujjatlari ijrosini ta'minlaydi va buni muhokama qilmaydi, lekin doim qarzdorlarga sud qarorini ixtiyoriy bajarishi uchun va haqiqiy ahvoldan kelib chiqib, insonparvarlik nuqtai nazaridan yondashib kelinishini ta'kidladilar.
Qarzdor M.Dadaboyevaning uydan chiqish ijro ishi bo‘yicha ijro harakatlari jami turli sabablar bilan 3 marta to‘xtatilgan, qolaversa ijro ishi Byuroning Namangan shahar bo‘limiga 2019 yil noyabr oyida kelgan bo‘lib, davlat ijrochilari 3 marotaba qarzdorning uyiga borib, o‘z ixtiyori bilan sud qarorini bajarishga undab kelgan.
Bu kabi sud qarorlari bo‘yicha kimdir qarzdor, ikkinchi tomon esa, undiruvchi bo‘ladi. Ushbu ijro ishi bo‘yicha ham undiruvchi Axad Djurayev tomonidan sud qarori ijrosi ta'minlanmayotgani haqida ko‘plab e'tirozlar va bir nechta shikoyat arizalari bildirilib, turli shaklda 30 dan ortiq murojaat qilingan”, – deyiladi MIB matbuot xizmati tomonidan Kun.uz saytiga taqdim etilgan ma'lumotda.
Eslatib o‘tamiz, bu masala bo‘yicha Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘z munosabatini bildirdi.
“Bu holatni men mutlaqo qoralayman. Balkim bu o‘rinda ayol qaysidir ma'noda nohaqdir, Majburiy ijro byurosi to‘g‘ri talabni qo‘ygandir. Lekin shunda ham ayolning holatini tushunish mumkin edi. Oddiy gaplashganda ham kimdir charchab qolgan, kimdir asabiylashgan, kimdir o‘zini tutolmayotganini sezish mumkin. Bu ham ayb emas, uning salomatligida qandaydir muammo kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin.
Mana shunday holatda Majburiy ijro byurosi o‘zining ichki qarori bilan ijroni ma'lum bir muddat keyinroqqa surishi, ayol o‘ziga kelgach, yaqinlari orqali tushuntirib, so‘ngra yana shug‘ullanishi mumkin edi.
Bu holatda Majburiy ijro byurosining ham xatosi bor, degan xulosaga keldim”, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida qilgan chiqishida.