«2020 yilning yanvarigacha kambag‘allik ochiq-oydin tan olinmagandi. Kambag‘allikni odamlarga pul tarqatib qisqartirib bo‘lmaydi. Kambag‘allikni tadbirkorlikni, ta'limni, sog‘liqni saqlashni rivojlantirib qisqartirish mumkin.
Iqtisodiy taraqqiyot bir tomondan kambag‘allikni kamaytiradigan bo‘lsa, ikkinchi tomondan kambag‘allikning ko‘payishi iqtisodiy taraqqiyotni pasaytiradi. Odamlarda sog‘liqni saqlashdan va ta'limdan yaxshi foydalanish imkoni bo‘lmaydigan bo‘lsa, ular borgan sari kambag‘allashadi va iqtisodiyotda talab kamayadi. Iqtisodiyot o‘zining yuqori malakali xodimlariga bo‘lgan ehtiyojini qoplolmaydi va o‘sish pasayadi», deya ta'kidlagan u.
Ma'lum qilinishicha, 2020 yilning boshida har oyda 552 ming oilaga moddiy yordam berilgan. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 774 ming, iyul oyida esa 876 mingga yetdi. Yil oxiriga borib ijtimoiy nafaqa berilgan oilalar soni 1 million 200 mingga yetishi ko‘zda tutilgan.
Dekabr oyigacha O‘zbekistondagi 8 million oilaning 15 foizi ijtimoiy nafaqa berish rejalashtirilgan. Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi har 4 oilaning bittasi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida esa har 5 oiladan bittasi ijtimoiy nafaqa oluvchi bo‘ladi.
«Yil boshida Xorazm va Navoiy viloyatida yashovchi oilalarga 5 foiz ijtimoiy nafaqa berganmiz. Ammo Navoiy viloyati kambag‘allik darajasi bo‘yicha pastdan 3-o‘rinda turadi. Ekologik va boshqa sabablar tufayli ikki viloyatga bir xilda ijtimoiy yordam ajratilgan.
Pandemiya sababli bu xatoni tuzatishga to‘g‘ri keladi, ya'ni Xorazm viloyatining 17 foiziga ijtimoiy nafaqalar tarqatish ko‘zda tutilyapti», dedi bosh vazir o‘rinbosari xalqaro press-klubning 25 sentabr kuni o‘tkazilgan sessiyasida.