— Suhbat boshida, bizga marhum farzandingiz haqida biroz gapirib bersangiz.
— Abdurahmon uchinchi farzandim edi. Bu yilga ta'tilda yonimda yurib, barcha ishlarimda yordamchim bo‘ldi. Hali 11 yoshga to‘lmagan edi. Maktabda a'lochi, farzandlarim orasida ishongan farzandim edi. Namoz, ro‘za ibodatlarini bajarar, taroveh namozlariga ham birga chiqar edi. Velosiped olishni juda istagani uchun bobosi olib berdi. Shu velosiped sotib olindi, lekin ehtiyot bo‘lishini ko‘p tayinladik.
— Yo‘l transport hodisasi qachon yuz berdi va siz bundan qanday xabar topdingiz?
— 1 sentabr kunduzi edi. Men do‘konimizdan boshqa joyda novvoyxona ochish uchun g‘isht olib kelib, shularni tushirish bilan ovora edim. Abdurahmon: «Dada, do‘kon kalitini bering, o‘zim ochib, qarab turaman», dedi. Yonimdan ketganidan biroz o‘tib, qizim qo‘ng‘iroq qilib Abdurahmonni mashina urib ketganini aytdi.
— Yo‘l transport hodisasi qanday sodir bo‘lgan?
— Voqea joyiga yugurib bordim va hodisaga guvoh bo‘lganlardan fojia qanday sodir bo‘lganini so‘radim. Hamma har xil gap aytganidan so‘ng, yaqin atrofga qo‘yilgan kuzatuv kamerasidan hodisani ko‘rishga qaror qildim. Lekin u yerda ham voqea to‘liq aks etmagan.
Abdurahmon velosipedni sekin haydab ketayotgan bo‘lgan, uni urib yuborgan «Zil» haydovchisi ham o‘g‘limni mashina yonidan o‘tib ketgan deb o‘ylagan va u ham halokat qanday sodir bo‘lganini aniq bilmaydi.
O‘sha payt haydovchi Abdurahmonni kasalxonaga olib ketgandi. Kasalxonaga borganimda Abdurahmonga birinchi yordamni ko‘rsatishayotgan ekan. U ko‘zlarini ochib kalima qaytardi, so‘ng shifokorlarga: «Meni uxlatib qo‘yinglar», dedi. Operatsiyaga olib kirishgandan so‘ng, bir necha soat o‘tib, shifokorlar: «Agar oyog‘ini kesib tashlamasak, halok bo‘ladi», deb aytishdi.
To‘rt kun reanimatsiyada yotdi. Dastlab holati yaxshi edi, keyinchalik yomonlashib bordi. Shifokorlar ichki a'zolari ishdan chiqqani, qoniga ham infeksiya tushganini aytdi.
— Abdurahmon vafot etganda nimalarni his qildingiz?
— Men ich-ichimdan bilardim buni, chunki buncha jarohatni yosh bola ko‘tara olmas edi. Lekin baribir umidim bor edi. Nima ham qila olardim. Ko‘zimda yosh bilan bag‘rimga bosdim, tepasida bo‘ldim. Alloh jannatda ko‘rishishlikni nasib qilsin.
Murdani o‘rashga mato so‘rashdi, olib keldim. O‘rab yo‘lakka qo‘yishdi, men yonida o‘tirdim. Olib chiqaman desam: «Olib chiqolmaysiz, tergovchi kelishi kerak», deyishdi.
— Tergovchi o‘tgan to‘rt kun mobaynida kelganmidi?
— Yo‘q, hech kim kelmadi. Faqat o‘sha haydovchi va uning otasi tun-u kun kasalxonada bo‘lishdi. Ichki ishlardan qo‘ng‘iroq qilib, manzilimni so‘rashdi, xolos. Keyin tergovchi keldi, yosh yigit ekan. «Sizlar ketaveringlar, murdani sudmedekspertizasidan so‘ng olasizlar», dedi.
— Sizga sudmedekspertizasi nima sababdan kerak bo‘lgan edi?
— Dinimizda mayitni tezroq dafn qilishga buyurilgan. Biz shom namozi vaqti qadar chiqarmoqchi edik va shu sababli sudmedekspertizasi tezroq kerak edi.
— Shifoxonaning morfologiya bo‘limida (morgda) murdaga munosabatdan norozi bo‘lgansiz, shundaymi?
— Murdani sovuq suvda yuvishgan. Bundan tashqari, meni ovuntirgan narsa – boshi jarohatlanmagan, bus-butun edi. Morgda bosh va orqa miyani kesib, arralab, operatsiya davomida tikilgan joylarni boshqatdan ochib, juda qo‘rqinchli holatga keltirishgandi. Bundan hech kimga hech qanday foyda yo‘q edi.
— Abdurahmonning vafotidan so‘ng o‘n kundan ortiq vaqt o‘tdi. Shu vaqt davomida tergovchi keldimi yoki «Matiz» haydovchisi topildimi?
— Yo‘q. Faqat yuqorida aytganimdek telefon orqali manzilimni so‘rashdi.
— «Matiz» haydovchisi kimligi sizni qiziqtirdimi?
— To‘g‘risini aytsam, yo‘q. Chunki Allohning taqdiri, ular sababchi bo‘lishdi, xolos. Lekin «Matiz» haydovchisi urib yuborib, ketib qolgan bo‘lsa, noto‘g‘ri ish qilgan. Meni asosan xafa qilgan narsa bu – «morg»dagi hodisalar. «Morg»lar tartibga solinsa yaxshi bo‘lardi.
— «Zil» haydovchisi bilan keyinchalik ham gaplashdingizmi?
— Ha, deyarli har kuni qo‘ng‘iroq qilib, nima xizmat, nima yordam, deb so‘raydi.
— Qandaydir surishtiruv yoki tergovga tortilibdimi?
— Tergovga chaqirishib, mutasaddilarning o‘ziga otilgan toshlarni: «Mana, sening qilgan ishing, internetda tarqalib ketdi», deb videoni ko‘rsatishibdi.
***
Ma'lumot uchun, holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildirgan. Unda aytilishicha, shu vaqtning o‘zida Zangiota IIB tezkor guruhi hodisa joyiga yetib borgan va holatni o‘rganib tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan.
«Zangiota tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan o‘rnatilgan tartibda marhumning o‘lim sababi va undagi tan jarohatlarining og‘irlik darajasi aniqlash borasida sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan Zangiota tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 2020 yil 5 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi», – deyiladi xabarda.
Lekin tuman hokimligi fojia yuz bergan tirband joy, harakatlanish uchun noqulay va gavjum bo‘lgan ko‘chani tartibga keltiradimi?
Hodisada vafot etgan bolaning o‘limi ushbu masalaga jiddiy qarashga sabab bo‘ladimi?
Otaning ayrim masalalardagi noroziligi-chi? Savolga qanday javob bo‘lishini amaliy harakatlar bilan kuzatib boramiz.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Nuriddin Nursaidov.