«Bo‘stonliq tumani G‘azalkent shahrida istiqomat qilgan 11 yoshli bu bemor 5 sentabr kuni ertalab soat 8:00da tuman tibbiyot birlashmasi qabul bo‘limiga tez tibbiy yordam mashinasida olib kelingan.
Ma'lumki, 5 sentabr kuni hali maktablar o‘z faoliyatini boshlamagandi. Shuning uchun bola maktabga hali bormagan bo‘lgan. Tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinganida bemorda burundan qon ketishi, tana haroratining 38 darajaga ko‘tarilishi, nafas siqishi kuzatilgan. Ko‘krak qafasi rentgeni qilinganda o‘pkaning 50 foiz zararlanishi aniqlangan.
U 2012 yildan buyon surunkali glomerulonefrit, nefrotik shakli, surunkali buyrak yetishmovchiligi, kamqonlik va semizlikning uchinchi darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan va nogironlik nafaqasi olib kelgan. Bemor Bo‘stonliq tuman tibbiyot birlashmasida infeksionist, reanimatolog, pediatr shifokorlari tomonidan konsilium qilingan va unga koronavirus tashxisi qo‘yilib, tezkor tartibda Chirchiq shahridagi shu sohaga ixtisoslashgan shifoxonaga keltirilgan.
Ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan, bemor surunkali glomerulonefrit, buyrak yetishmovchiligining terminal bosqichi, semizlik va anemiyaning uchinchi darajasi, ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir shakli natijasida vafot etgan.
Ha, koronavirus bolalarda aksariyat hollarda yengil shakldagi O‘RVI singari tomoq og‘rig‘i, yo‘tal, burun oqishi va aksirish bilan kechadi.
Lekin bolalarda ham boshqa surunkali kasalliklar bo‘lsa, ular ushbu kasalliklari qo‘zg‘alish davrida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olishsa, ularda ham kasallik og‘ir kechish holatlari kuzatilishi bir necha marta ta'kidlab o‘tilgan.
11 yoshli bemorda ham asosiy kasalliklari hisobiga kasallik og‘ir kechgan. Shuning uchun ota-onalar shuni yodda tutishlari kerakki, agarda bolalarda surunkali kasalliklar bo‘lsa, ular hududiy shifokorlari bilan muntazam aloqada bo‘lishlari va o‘z vaqtida dispanser ko‘rigidan o‘tib, davolanishlari shart.
Shuni yodda tutish kerakki, bolalarda ham kasallik o‘tkazib yuborilsa va shifokorga kech murojaat qilinsa hamda ularda nafas olish tizimi va boshqa a'zolarning surunkali kasalliklari mavjud bo‘lsa, ularda ham kasallik og‘ir kechishi va o‘limga ham olib kelishi mumkin», dedi Barno Abdusamatova AOKAdagi brifingda.